Tojieva Feruza Jumaboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xiva xonligida qulchilik munosabatlari mohiyati va ijtimoiy oqibatlari”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD Tar 641.
Ilmiy rahbar: Masharipov Qudrat Yuldashevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq Davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.20.05.
Rasmiy opponentlar: Saribaev Maman Ktaybekovich, tarix fanlari doktori, professor; Xudoyberganov Komiljon, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zFA KKB Qoraqolpoq gumanitar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Xiva xonligida qulchilik munosabatlari mavzusini tarixiy manbalardagi ma’lumotlar asosida aniqlash hamda shu asosda xonlikdagi qulchilik munosabatlarining tub mohiyatini, uning salbiy oqibatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xiva xonligida qulchilikning keltirib chiqarishga xonlik qo‘shinlari, turkmanlar va qolaversa no‘g‘oylar, qozoq va qirg‘izlarning Rossiyaning chegara qishloq-shaharlariga bosqinchilik yurishlari, ba’zi rus kishilarining “qullarni ovlash” va ularni sotish bilan yashirincha shug‘ullanib turganliklari, turkman qabilalarining Eronga uyushtirgan bosqinchilik yurishlari, xonlik hududiga rus hukumati tazyiqidan qochgan qo‘zg‘olonchilar va jinoyatchilarning ko‘chib borganliklari, ba’zi hollarda kambag‘alchilik, ocharchilik yoki qarzdorlikdan qutulish uchun o‘z farzandlarini yoki oila a’zolarini qullikka sotishga majbur bo‘lganliklari kabi omillar sabab bo‘lganligi dalillangan;
arxiv ma’lumotlari (Rossiya Federatsiyasi Orenburg viloyati Davlat arxivi fondlaridagi hujjatlar) va mahalliy yozma manbalar (Laffasiyning “Ozodnoma”, Bobojon Safarovning “Xorazmda bo‘lub o‘tgan qulchilik ahvollarining voqealari”, Abdulla Boltaevning shaxsiy fondida saqlanayotgan qo‘lyozma №11 daftari) asosida Rossiya va Xiva xonligi munosabatlari chigallashuvida qulchilik masalasi turganligi va shia va sunniylik mazhablari o‘rtasidagi azaliy kelishmovchiliklar qulchilikning yanada taraqqiy etishiga sabab bo‘lganligi asoslangan;
Xiva xonligida ba’zi qullarga saroyda va harbiy sohada berilgan imkoniyatlar natijasida ulardan xonning eng yaqin va ishonchli kishilari etishib chiqqanligi hamda ba’zi xonlarning onasi cho‘ri-kanizaklardan bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarning mavjudligi, qullarning ahvoli va turmush tarzi borasidagi salbiy qarashlarning tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ochib berilgan;
Gandimiyon shartnomasiga ko‘ra Xiva xonligida qulchilikning tugatilganligi e’lon qilingan bo‘lsada, uning XX asr boshlarigacha saqlanib qolganligi qo‘lyoma manbalar va arxiv hujjatlaridagi ma’lumotlar (1902 yildagi qullar uchun olingan zakot hujjati, 1916 yilda yosh yigitning o‘g‘irlanib qul qilib sotilishiga harakat qilinganligi haqidagi hujjat) asosida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xiva xonligida qulchilik munosabatlari mohiyati va ijtimoiy oqibatlari mavzusiga oid ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Xiva xonligida qulchilikning keltirib chiqargan turli xil omillar shuningdek Xiva xonligida qishloq xo‘jaligida, yillik kanallar qazuvida va tozalash ishlarida qul mehnatidan keng foydalanilganligi to‘g‘risidagi tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limi – Xorazm Ma’mun akademiyasida 2015-2017 yillarda bajarilgan FA-A1-G015 shifrli, “Xiva xonlari davlat arxiv hujjatlari. II jild” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihada foydalanilgan (Xorazm Ma’mun akademiyasi 30.09.2021 yil 284/1-21-son ma’lumotnomasi). Natijalar xonlik ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qulchilik munosabatlarining o‘rnini to‘laqonli va haqqoniy aniqlash imkonini bergan;
Xiva xonligida bosqinchilik yurishlari davrida no‘g‘oylar-qalmiqlar, kavkazliklar, ruslar, hindlar kabi o‘zga din vakillari qatorida shia mazhabidagi forslar va hatto ba’zida sunniylik mazhabidagi buxoroliklar, afg‘onlar, qoraqalpoqlar, qirg‘izlar va qozoqlar ham qul qilinganligi borasidagi ma’lumotlardan Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamoat fondi faoliyatini yanada rivojlantirishda foydalanilgan («Oltin meros» xayriya jamoat fondining 2021 yil 14 iyuldagi 18-son ma’lumotnomasi). Xiva xonligidagi qulchilik munosabatlari aks etgan tadqiqot natijalari Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining Xorazm bo‘limi “Avesto” muzeyi ekspozisiyalarini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
Xiva xonligida qulchilik munosabatlari, qullarning ahvoli va turmush tarzi borasidagi, shuningdek ba’zi qullarga saroyda va harbiy sohada berilgan imkoniyatlar yuzasidan keltirilgan ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanali” DUK qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Ko‘hna kentlar” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (“O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2021 yil 26 yanvardagi 01-13-112-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu ma’lumotlar talaba yoshlar va xalq tafakkurida qulchilik munosabatlarining ijtimoiy va ma’naviy oqibatlarini to‘laqonli tanishtirishda xizmat qilgan.