Hazratqulova Elmira Bozarboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Adabiy-tarixiy asarlarda badiiy ijod masalalari (“Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asosida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Fil1343.
Ilmiy rahbar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/25.08.2021.Fil.01.16.
Rasmiy opponentlar: Tojiboeva Muqaddas, filologiya fanlari doktori; Sulaymonov Isroil, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asarlarida adabiyotshunoslik masalalari, jumladan, muallif uslubi, adabiy muhit hamda tanqid va adabiy siymolarga xos xususiyatlarni Zahiriddin Muhammad Bobur va Haydar mirzoning adabiy-estetik qarashlaridagi an’anaviylik va o‘ziga xos individual jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Boburnoma» va «Tarixi Rashidiy» asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur va Haydar mirzoning adabiy-estetik qarashlaridagi o‘ziga xoslik, hayotiy materialga munaqqid sifatida yondashuvdagi munosabati va ularni ochib berishdagi xolislik hamda dalillash kabi tamoyillari asoslangan;
“Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asarlarida tasvirlangan ijodkor shaxs va uning adabiy muhitdagi yetakchi va ta’sirlantiruvchi o‘rni, ularning asarlarida aks etgan shoirlar hasbi holi, mumtoz adabiy tanqidchilikning nazariy, g‘oyaviy va badiiy xususiyatlari dalillangan;
adabiy-tarixiy asarlar tarkibida tasvirlangan adabiy portretlarning shoirlar tazkiralarida kuzatilgan adabiy jarayon, janr va an’anaviy poetik shakllar bilan aloqadorligi isbotlanib, ushbu portretlarni yaratishda mualliflarning badiiy mahorati aniqlangan;
Bobur va Haydar mirzoning mutasavvif adabiy siymolarga bo‘lgan tariqat jihatidan munosabati, ushbu asarlardagi valiylar tazkiralariga xos bo‘lgan karomat va manoqiblarning ta’riflanishi, murshid va murid silsilasining bayon etilishi kabi jihatlarning mavjudligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asarlari badiiy ijod masalalarini ilmiy tadqiq etish bo‘yicha natijalardan:
“Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asarlarida adiblarning adabiy uslubini tadqiq etish va muallif obrazi bajargan vazifalar, adabiy muhit va mumtoz adabiy tanqidning belgi va xususiyatlari yuzasidan olingan xulosalardan FA-F1-G002 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyihada belgilangan vazifalar ijrosida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2021 yil 28 oktyabrdagi 318/1-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishining mumtoz nasriy asarlarda adib uslubi, adabiy muhit va adabiy tanqidchilikning o‘ziga xos ilmiy qirralarini o‘rganishga doir tahlillar bilan boyishiga xizmat qilgan;
“Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asarlarida ijodkor tarixiy shaxslar adabiy portretlarini o‘rganish vositasida shoirlar tazkirasiga xos belgilar, mutasavvif adiblar siymosiga Bobur va Haydar mirzolarning irfoniy munosabatlari, valiylar tazkirasiga xos jihatlarga doir nazariy xulosalaridan FA-F1-005 raqamli «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihada foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2021 yil 28 oktyabrdagi 317/1-son ma’lumotnomasi). Natijada mumtoz o‘zbek adabiyoti tarixidagi shoirlar va valiylar tazkirasining qoraqalpoq adabiyotshunosligi janrlariga ta’siri masalasini oydinlashtirish uchun xizmat qilgan.
“Boburnoma”dagi adabiy muhit hamda adabiy-tarixiy asarlar tarkibida keluvchi mumtoz adabiyotshunoslik janrlari haqidagi ilmiy ma’lumotlaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi qoshidagi “Sangzor” adabiy to‘garagi mashg‘ulotlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limining 2021 yil 6 sentyabrdagi 37-son ma’lumotnomasi). Natijada to‘garak mashg‘ulotlarining mazmunan ko‘lamdorligi va ta’sirchanligi oshishi kuzatilgan.
Boburning irfoniy qarashlari va «Boburnoma»da tazkiraga xos unsurlar haqidagi ilmiy ma’lumotlaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu” nomli adabiy-ma’rifiy ko‘rsatuvining tayyorlanishida amaliy foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali 2021 yil 23 noyabrdagi 49-40-1774-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvning ilmiy ko‘rsatkich va dalillar bilan boyishiga xizmat qilgan.