Masharipov Qudrat Yuldashevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jaloliddin Manguberdining jahon siyosiy va harbiy tarixidagi o‘rni”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2017.2.DSc/Tar55.
Ilmiy maslaxatchi: Suleymanov Rustam Xamidovich, tarix fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Mavlonov O‘ktam Maxmasobirovich, tarix fanlari doktori, professor; Allaeva Nigora Ashirovna, tarix fanlari doktori (DSc), professor; Sultonov O‘ktam Abdulg‘anievich, tarix fanlari doktori (DSc).
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tarixiy manbalar va ma’lumotlar asosida Jaloliddin Manguberdi hayoti va faoliyatining jahon tarixida tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Mo‘g‘ullar hujumi davrida aynan xorazmshoh Muhammadning dushmanga qarshi qo‘llagan harbiy – strategik rejasi va yo‘l qo‘ygan stratetik xatolari Xorazmshohlar-Anushtaginlar davlatining tugatilishiga sabab bo‘lganligi xususidagi qarashlarning asossiz ekanligi, bunga hukmron sulola (anushtaginiylar) vakillari mansub bo‘lgan urug‘ ichidagi qarama – qarshiliklarning nihoyatda kuchayishi asosiy sabab bo‘lganligi isbotlangan;
Jaloliddin Manguberdining qisqa vaqt davomida mo‘g‘ullarga qarshi tura oladigan kuchli ko‘shinni tashkil eta olganligi, harbiy-boshqaruv sohasida qo‘llagan tashkilotchilik iqtidori, dushmanga qarshi mutlaqo yangi uslubdagi jang qilish taktikasini ishlab chiqqanligi va o‘z davrining eng ilg‘or jang olib borish usuliga ega bo‘lgan mo‘g‘ul qo‘shinlarini ko‘p bora mag‘lub eta olganligi hamda Sharq xalqlari uchun uzoq yillar davomida mo‘g‘ullarning vayronagarchilik keltiruvchi hujumlaridan himoya qiluvchi kuch bo‘lib turganligi va shu asosda jahon harbiy san’ati taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shganligi asoslangan;
Sulton Jaloliddin sharqda Hindiston, g‘arbda Turkiya, Kavkaz, Iroq hududlarigacha bo‘lgan ulkan mintaqada xorazmshohlar davlatini qayta tiklaganligi va davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yganligi, ammo oxir-oqibat mo‘g‘ullarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borib, o‘z davlatini saqlab qola olmaganligining tub sabablari sifatida uning noshud siyosatchi bo‘lganligi bilan izohlanib kelingan mavjud qarashlar xato ekanligi isbotlangan;
Bag‘dod xalifasi, Kichik Osiyo, Kavkazorti va O‘rta Sharq mamlakatlari hukmdorlarining o‘z manfaatlari yo‘lida olib borgan ikkiyoqlama siyosati natijasida Jaloliddini Manguberdining bu davlatlarga qarshi urushlar olib borishiga, hujumlar uyushtirishiga sabab bo‘lib, bu voqealar zamonaviy tadqiqotlarda Jaloliddinning o‘z manfaati yo‘lida va boylik to‘plash uchun olib borilgan “keraksiz urush” sifatida baholanganligi tarixiy haqiqatga mos kelmasligi aniqlangan;
Jaloliddin Manguberdining fojiali o‘ldirilishi to‘g‘risidagi ba’zi manbalar va zamonaviy tarixiy tadqiqotlarda shakllangan qarashlarning noto‘g‘ri ekanligi, uning o‘limiga ba’zi hukmdorlarning, Jaloliddin atrofidagi mansabdorlar va hatto qarindoshlarining (Sharafalmulk, Uturxon) oldindan uyushtirilgan xoinona xatti – harakatlari sabab bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jaloliddin Manguberdi siyosiy va harbiy faoliyati tarixini hamda uning jahon harbiy tarixida tutgan o‘rni mavzusiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Jaloliddin Manguberdining o‘rta asrlar Sharq siyosiy hayotida va jahon harbiy tarixida muhim o‘rin tutganligi xususidagi aniq ilmiy mulohazalar, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari masalasidagi noxolis baho va fikrlar, ilmiy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan qarashlarning mavjudligi va ularni qayta ko‘rib chiqish zarurligi borasidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limi – Xorazm Ma’mun akademiyasida (2012-2016 yy.) bajarilgan F1-FA-0-16549 “Xorazm tarixi (II jild. V asrdan XVI asrgacha)” mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 5 iyuldagi 3/1255-1963-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarixshunoslik tadqiqotlarida bugungi kunda Jaloliddin Manguberdi to‘g‘risida shakllangan ba’zi qarashlarning noto‘g‘ri ekanligi ilm ahliga hamda keng ommaga tushuntirishga xizmat qilgan;
Xorazmshohlar-anushtaginlar davlati va Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ullar o‘rtasidagi urush, xorazmshohlar davlati tanazzuli sabab va oqibatlariga, Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullarga qarshi 10 yildan ortiq olib borgan kurashlariga oid qarashlardan respublika miqyosida yoshlar va harbiylar o‘rtasida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida, Ma’naviyat va harbiy vatanparvarlik festivallarini o‘tkazish jarayonlarida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Markazining 2021 yil 7 iyuldagi 02/08-697-son dalolatnomasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2021 yil 16 fevraldagi 04-13/268-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda Jaloliddin Manguberdining o‘rnini to‘laqonli va haqqoniy tushunish imkonini bergan;
Jaloliddin Manguberdi urug‘-qabilalararo ijtimoiy ziddiyatlar iskanjasida qolgani va ayrim hukmdorlarning xoinliklari, ikkiyuzlamachilik siyosati, o‘z yaqinlarining yolg‘oni sababli muvaffaqiyatsizliklarga uchraganiga qaramasdan, murakkab siyosiy vaziyatda ham dushmanga qarshi ozodlik kurashi tug‘ini ko‘tara olganligi va erk timsoliga aylanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan Respublika va viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan “Jaloliddin Manguberdi” dramasini tayyorlashda va Turkiya bilan hamkorlikdagi “Mendirman Jaloliddin” fil`mini suratga olish jarayonlarida samarali foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligining 2021 yil 12 iyuldagi 05-12-06-3280-son ma’lumotnomasi). Bu ma’lumotlar xalq tafakkurida tarixiy ongning shakllanishi va mustahkamlanishiga, mamlakatimiz tarixini o‘rganishga qaratilgan ilmiy ko‘nikma va yondashuvlar bo‘yicha malakaga ega bo‘lishga, tarix sohasidagi bilimlarini oshirishga imkon yaratgan;
Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘shinni tashkil etish unsurlariga qator o‘zgartirishlar kiritib o‘ziga xos jang san’ati usulini yaratganligi hamda uning siyosiy faoliyati masalasiga oid fikrlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanali” DUK qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Ochiq dars”, “Mavzu”, “Tarixiy savol” va “Taqdimot” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (“O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2021 yil 9 apreldagi 02-40-529-son, 15 apreldagi 02-40-586-son va 3 maydagi 02-40-671-son ma’lumotnomalari). Natijada, bu ma’lumotlar yoshlar va harbiylar ichida so‘nggi nafasigacha mo‘g‘ullarga qarshi kurash olib borib, shubhasiz shaxsiy jasorat bilan bosqinchilarning eng matonatli va serg‘ayrat raqibi degan shon-shuhratga sazovor bo‘lib, buni hatto Chingizxonning o‘z ham tan olganligi to‘g‘risidagi bilimlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan.