Qalandarova Dilafro‘z Abdujamilovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“Karl Rayxl – o‘zbek fol`klorining tarjimoni va tadqiqotchisi”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2034.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
Ilmiy rahbar: Eshonqulov Joppor Solievich, filologiya fanlari doktori, professor
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, Dsc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Bahadirova Sarigul, filologiya fanlari doktori, professor; Selami Fidokor, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi germaniyalik olim Karl Rayxlning tarjimalari va tadqiqotlari misolida o‘zbek fol`klorining dunyo fol`klorida tutgan o‘rnini dalillash hamda qiyosiy fol`klorshunoslikda olim nazariy xulosalarining ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Karl Rayxl tadqiqotlari o‘zbek fol`klori materiallari hamda jahon fol`klorshunosligida epik matn tadqiqi, variant va versiyalarni qiyoslash, fol`klor va yozma adabiyot munosabatlari yuzasidan muhim nazariy xulosalar berishi, badiiy matn tadqiqi bevosita jonli ijro bilan chambarchas bog‘liqligi dalillangan;
Karl Rayxlning o‘zbek fol`klori bo‘yicha amalga oshirgan tarjima va tadqiqotlari jahon fol`klorshunosligida o‘zbek xalq og‘zaki badiiy ijodi namunalarining turkiy xalqlar epik an’analari bilan genetik aloqadorligini asoslashda muhim ahamiyat kasb etishi isbotlangan;
umumturkiy fol`klor hodisalari, xususan, ertak va dostonlar poetikasidagi o‘zaro mushtarakliklar, epik matndagi syujet va struktura orasidagi yaqinlik kabi umumiy hamda badiiy tasvir vositalari, motiv va obrazlar talqini, epik ijrodagi o‘ziga xos xususiyatlar adabiy aloqa, og‘zaki ijod va yozma adabiyot munosabati masalalari Karl Rayxlning o‘zbek fol`klori bo‘yicha nemis, ingliz tillarida amalga oshirgan badiiy tarjimalari misolida asoslangan;
Karl Rayxl maqola va tadqiqotlari, badiiy tarjimalari misolida o‘zbek va boshqa turkiy xalqlar ertak hamda dostonlaridagi an’anaviy muqaddima, voqealar rivoji, xotima, poetik strukturadagi o‘zaro o‘xshash hamda epik asarlardagi she’riy tizim, motiv, obrazlar talqini va badiiy tasvir vositalaridagi farqli jihatlar, doston ijrochilarining an’anaviy epik formulalarga qat’iy amal qilganligi dalillangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek fol`klorining jahonga targ‘ibotchisi sifatida tanilgan Karl Rayxl tarjima va tadqiqotlari yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Karl Rayxl o‘zbek va qoraqalpoq fol`klorining nemis va ingliz tillariga mohir tarjimon ekanligiga doir ilmiy-nazariy natijalaridan O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan FA-F-1-005 “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq etish” (2017–2020) fundamental tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 27 oktyabrdagi 17.01/261-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi namunalarini nemis va ingliz tillariga tarjima qilgan mohir tarjimon Karl Rayxlning mazkur xalqlar fol`kloriga oid tarjimalarni amalga oshirishda o‘ziga xos usulga ega olim ekanligi, uning epik matnni tadqiq etishdagi fol`klorizmlar masalalari, baxshilar badihago‘yligi va poetik mahoratini o‘rganishga doir ilmiy kuzatishlari bilan boyitilgan;
mustaqillik davrida o‘zbek fol`klorini qiyosiy aspektda tahlil etish va o‘zbek fol`klorining xorijda o‘rganilish tarixi, bu jarayonda germaniyalik tarjimon va fol`klorshunoslarning o‘rni kabi masalalarni atroflicha tadqiq etish, o‘zbek baxshichilik san’ati, epik matn va badihago‘ylikni tadqiq etishga doir ilmiy kuzatishlaridan O‘zR Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan OT-A1-47 “Fol`klorshunoslik atamalari lug‘ati” (2017–2018) amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining (2021 yil 16 noyabrdagi 3/1255-3177-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha o‘zbek fol`klorining xorijda o‘rganilishi, fol`klorni tadqiq etish metodlari, fol`klorshunoslikning nazariy masalalari, qiyosiy fol`klorshunoslik masalalarini yoritishga xizmat qiladigan manbalar bilan to‘ldirilgan;
o‘zbek dostonlarining xorijda qiyosiy o‘rganish masalalarini keng omma orasida targ‘ib qilishda tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan eshittirishlar ssenariysini tayyorlashda (2020–2021 yillar) foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 13 sentyabrdagi 04-25-1480-son ma’lumotnomasi). Natijada Karl Rayxlning tarjima va tadqiqotlari asosida o‘zbek fol`klorining janriy tarkibi, syujet, motiv va obrazlar strukturasida o‘ziga xos milliy belgilar mavjudligi, umumjahon sivilizatsiyasida o‘zbek xalq ma’naviy sarchashmalarining alohida o‘rni bor ekanligini keng targ‘ib qilishga erishilgan.