Axmadjonov Sarvarbek Sodikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Quvurlarda gaz harakati va impul`s tarqalishining chiziqli va chiziqsiz modellari», 01.02.05 – Suyuqlik va gaz mexanikasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1047.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Xujaev Ismatulla Kushaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon mashinasozlik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, DSc.02/30.12.2019.T/FM.61.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Navruzov Kuralbay, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Jumaev Jo‘rabek, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qisqa va uzun quvurlar yaqinlashuvida gaz quvuri elementar qismi faoliyati va unda to‘lqinlar tarqalishiga doir chiziqli va chiziqli bo‘lmagan masalalarni echish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
qisqa va uzun gaz quvurlari yaqinlashuvlarida massa sarfi o‘zgarishi bilan kechadigan o‘tish jarayonlariga doir gazodinamika masalalari shakllantirilgan va ular uchun Fur`e usuliga asoslangan analitik echish usuli ishlab chiqilgan;
qisqa quvur oxirlarida massa sarfi o‘zgarishi va N.E.Jukovskiyning gaz oqib chiqishi tezligiga doir formulasiga asoslangan chegaraviy shartlar berilganda quvur gazodinamik holati chiziqsiz masalasini xarakteristikalar usuli asosida echish usuli ishlab chiqilgan;
yuguruvchi to‘lqinlar yordamida olingan tayanch echim va Dalamber echimi asosida quvurda to‘lqin tarqalishi masalasining kvadratik qarshilik qonuni uchun tezlikka nisbatan analitik echimi qurilgan;
bir tomondan cheklanmagan gaz quvurlari uchun boshqa massa sarfiga o‘tish masalasining boshlang‘ich shartlarning turli berilishlarida, jumladan Xevisayd va Dirakning del`ta funksiyalari, chiziqli funksiya hollari uchun massa sarfiga nisbatan analitik echimlari qurilgan;
muayyan ko‘rsatkich uchun analitik echimlar asosida qolgan ko‘rsatkichlar maydonini sonli aniqlash uchun algoritmlar ishlab chiqilgan hamda zichlanish va siyraklanish to‘lqinlari tarqalishi xususiyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Quvurlarda gaz harakati va impul`s tarqalishining chiziqli va chiziqsiz modellarini qurish asosida olingan natijalar:
«FA-Atex-2018-414» amaliy grantni bajarish jarayonida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2021 yil 4-noyabrdagi №2/1255-3037-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kon-metallurgiya kombinatlarida qattiq zarrachalarning turli konsentratsiyali ko‘p fazali muhitlarning laminar va turbulent oqimlarining modellari shakllantirilgan va energiya sarfini 6% ga kamaytirishga erishilgan;
«Universal elegant lyuks» MChJ da gazni quvur orqali uzatishda hosil bo‘ladigan zarba to‘lqinlari tarqalishi holida bosimning maksimal va minimal qiymatlarini topish va ular asosida quvur diametri va qalinligini aniqlash jarayonida foydalanilgan ("O‘zbekiston Milliy Elektr tarmoqlari" AJning 2021-yil 20-dekabrdagi 01-04-08/4594-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘llanilayotgan qurilmaning ishonchliligi 20 %ga oshgan, energiya sarfi 6 %ga kamaytirilgan;
«Hududgaz Andijon» gaz ta’minot filialining Andijon shahriga tegishli quvurlar tizimida bosim sakrashlarini aniq hisoblash maqsadida foydalanilgan ("O‘zbekiston Milliy Elektr tarmoqlari" AJning 2021-yil 20-dekabrdagi 01-04-08/4594-son ma’lumotnomasi). Natijada hisoblash jarayoniga ketadigan vaqt 15-20 %ga qisqargan, aniqlik 12 %ga oshgan va qurilmaning ishonchliligi ortgan.