Narziev Nabijon Normurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbeklarning an’anaviy muloqot madaniyati (tarixiy-etnologik tadqiqot)”, 07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tar63.
Ilmiy rahbar: Ashirov Adhamjon Azimbaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ulug‘bek Saydanovich, tarix fanlari doktori, professor; Qurbonova Manzila Boqievna, tarix fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbeklarning an’anaviy milliy muloqot madaniyatini tarixiy-etnologik materiallar asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
muloqot madaniyati tabiiy-geografik hudud, til, din, xo‘jalik (dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik) munosabatlari, urf-odatlarga bog‘liq tarzda shakllanishi, yaqinlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, birdamlik hamda jamoaviylikning esa norasmiy ijtimoiy uyushtiruvchi mezoni ekanligi aniqlangan;
o‘zbek “muloqot semiotikasi”ning etnik va hududiy (Buxoro vohasi va Farg‘ona vodiysi) xususiyatlari oilaviy va jamoaviy turmush tarzi bilan bog‘liq muloqotning leksik, semantik hamda imo-ishora (tana harakatlari)laridagi ramziy belgilari orqali ochib berilgan;
o‘zbeklarning oilaviy va qarindoshlik munosabatlari G‘arb mentalitetiga xos bo‘lgan bola bilan bir chiziqda bo‘lish konsepsiyasidan farqli tarzda farzandni o‘z doirasi markazida ushlab turish an’analariga asoslanganligi dalillangan;
ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi muloqot madaniyatining lokal o‘ziga xos strukturaviy jihatlari asosan vaziyat, ssenariy, strategiya hamda andoza (model`) tizimlariga bog‘liqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mavzu yuzasidan ishlab chiqilgan xulosalar va takliflar asosida: 
oila a’zolari munosabatlari, shaxslararo munosabatlar, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va an’anaviy oilaviy qadriyatlarga vorisiylik asosida oila institutini mustahkamlashga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 15 apreldagi 228-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risida”gi Nizomning 3 bob, 12 band “b” qismida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 2021 yil 13 noyabrdagi 02-02/2673-son ma’lumotnomasi). Natijalar mahalla va oilalardagi ijtimoiy munosabatlarni o‘rganishning ilmiy tahlillarini belgilab olish, milliy mentalitetga zid bo‘lgan yot g‘oyalarga qarshi kurashishga doir dasturlarni ishlab chiqishda xizmat qilgan; 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1059-sonli hamda 2020 yil 6 iyuldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 422-sonli Qarorlari asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun “Tarbiya” fanining DTS, malaka talablari va o‘quv dasturlari yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 11 noyabrdagi 06-06/3-1492-son ma’lumotnomasi). Natijalar umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining 7-sinf “Tarbiya” fanining 4-bob “Muomala va muloqot asoslari”; 19-mavzu: “Muomala uchun zarur odoblar”; 20-mavzu: “Kommunikativlik – muvaffaqiyat kaliti”; 11-sinf “Tarbiya” fanining 3-bob. 19–20-mavzulari: “Surat va siyrat”; 21–22-mavzular hisoblangan “Etiket”ni yoritishda foydalanilgan;
o‘zbek muloqot madaniyatining ilmiy-metodologik tavsifi, muloqot etiketlarining tarixiy ildizlari, o‘zbek oilasi va uning a’zolari orasidagi munosabatlardagi etnik xususiyatlar, qarindoshlik, qo‘shnichilik hamda jamoaviy munosabatlardagi muloqot madaniyatlari bilan bog‘liq urf-odat va marosimlarning jamiyat ma’naviy hayotida tutgan o‘rni, unda kuzatilgan transformatsion jarayonlarga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston tarixi” telekanali “Etno” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” DMning 2021 yil 09 noyabrdagi 02-40-1755-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek muloqot madaniyatining tarixiy bosqichlariga nazar tashlash va milliy etiket madaniyatining o‘ziga xosligini targ‘ib etishga asos bo‘lgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish