Bobojonov G‘ulom Ozodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): ««Hayratul abror» balog‘at ilmi kontekstida», 10.00.07 – Adabiyot nazariyasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil1003.
Ilmiy rahbar: Jo‘raqulov Uzoq Haydarovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Quronov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor; Meliev Suvon, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedogogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiyning «Hayratul abror» dostoni voqeligini badiiy talqin qilishda muallif tayangan balog‘at ilmiga oid universal qonuniyatlarning matndagi o‘rni va ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Hayratul abror» dostoni asosida turuvchi xabar va uning etkazuvchisi orasidagi munosabat, sidq konsepsiyasi, uni ta’min etgan voqelik va omillar aniqlanib, ularning dostonda muallif nazarda tutgan ma’noni to‘laqonli hamda o‘ziga xos tarzda etkazishdagi ahamiyati ochib berilgan;
asarda muallif nazarda tutgan balog‘at ilmining bayon bo‘limiga mansub umumnazariy qonuniyat hisoblangan haqiqat va majoz muammosining asar balog‘atini ta’minlashdagi e’tibori isbotlangan;
muallifning poetik, etik va estetik tafakkuri miqyosiy potensialini belgilashda balog‘at ilmining sidq, mutobiqlik, iyjoz, itnob kabi universal qoidalari nazariy asos vazifasini o‘tagani asoslangan;
Alisher Navoiyning balog‘at ilmiga oid ilmiy manbalardan etarlicha xabardor bo‘lgani, o‘z davrining bir qator olimlaridadan sohaga oid ta’lim olgani, mazkur ilmga oid qonuniyat va qoidalarini o‘z adabiy asarlarida aks ettirishdek ijodiy faoliyati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Hayratul abror» balog‘at ilmi kontekstida yuzasidan olingan ilmiy natijalar quyidagi ishlarda joriylangan:
adabiyotshunoslikning tarixiy an’analarini balog‘at qoidalari asosida tadqiq etish; badiiy asar asosida turuvchi haqiqat va majoz konsepsiyasi va uni ta’min etgan omillarni tizimli tahlil qilish; mumtoz adabiy asarlarni o‘rganishda o‘ziga xos an’anaviy yondashuv tarzi kabilardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan FA-F-005 «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish» (2017–2020) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 7 iyuldagi 17/01-142-son ma’lumotnomasi). Natijada fundamental loyiha adabiyot nazariyasiga oid asrlar davomida shakllanib kelgan an’anaviy ilmiy qarashlar bilan boyitilgan;
mumtoz poetikada muhim o‘rin tutuvchi universal qonuniyatlarning badiiy asar matnida aks etishi, voqelikka muvofiqlik omilining poetik ahamiyati, haqiqat va majoz masalalarining badiiy matndagi e’tibori va vazifasi, adabiyot nazariyasini o‘rganishda milliy va mumtoz adabiy merosimiz, xususan, Alisher Navoiy ijodini o‘rganishda foydalanish kabi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Adabiy tanqid va adabiyotshunoslik kengashi hisobot yig‘ilishlarida, to‘garaklar faoliyatlarida, adabiy kechalarda, yosh ijodkorlar bilan uchrashuvlarda foydalanilgan (Yozuvchilar uyushmasining 2021 yil 20 maydagi 09-32/12-son ma’lumotnomasi). Natijada mumtoz va zamonaviy badiiy asarlar tahlili va tahqiqi uchun amaliy ahamiyat kasb etgan.