Nazirova Hilola Bahodirovnaning
falsafa doktori (RhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qo‘ng‘irotlar sulolasi tarixnavisligida Muhammadrizo Ogahiyning «Zubdat ut-tavorix» asari», 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari(tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tar278.
Ilmiy rahbar: Babadjanov Baxtiyor Miraimovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti,DSc.02/30.12.2019.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar:Allaeva Nigora Ashirovna, tarix fanlari doktori(DSc);Xoliyorov Alisher Hasanovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot:Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Muhammadrizo Ogahiyning «Zubdat ut-tavorix» asari qo‘lyozmalarini manbashunoslik va matnshunoslik jihatlardan asoslab, uning Qo‘ng‘irotlar sulolasi tarixnavisligida tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xiva xonligida Qo‘ng‘irotlar sulolasi hukmronligi davrida ilm-fan, tarixnavislik va tarjima sohalarida turkiy til ommalashib, o‘z davri uchun muhim faktor bo‘lgan hokimiyat legitimatsiyasiga xizmat qilgani isbotlangan;
Muhammadrizo Ogahiy asarlarining jami 78 ta qo‘lyozmasi mavjudligi va ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti asosiy fondidagi 5071-raqamli qo‘lyozma «Firdavs ul-iqbol» asarining dastxat nusxasi ekanligi aniqlangan;
«Zubdat ut-tavorix» asarining qo‘lyozmalari stemmasi yaratilgan va Rossiya Milliy kutubxonasi Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida saqlanayotgan oqqa ko‘chirilgan dastxati (TNS 22-raqam) asosida Ogahiyning mohir kotib bo‘lganligi isbotlangan;
«Zubdat ut-tavorix» asari Ogahiyning boshqa tarixiy asarlaridan yozilish uslubi jihatdan farqli (hukmdorga bag‘ishlangan nazmning ko‘pligi) ravishda mukammal adabiy manba ekanligi dalillangan;
Xorazm tarixnavislik maktabining yirik namoyandalari (Muhammadrizo Ogahiy, Eshmurod oxund Alaviy, Muhammadyusuf Bayoniy)ning tarixnavislik yo‘nalishidagi faoliyati – yondashuvlari, yozuvchilik iqtidorlari, buyurtmachilari – ular yaratgan asarlarda namoyon bo‘lishi ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qo‘ng‘irotlar sulolasi tarixnavisligida Muhammadrizo Ogahiyning «Zubdat ut-tavorix» asari mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot jarayonida erishilgan ilmiy xulosalar va natijalar asosida:
O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida 2012-2013 yillarda bajarilgan O‘zR Fan va texnologiyalar qo‘mitasining IFA-2012-1-6 raqamli «O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi (3-jild)»innovatsion loyihasi doirasida tayyorlanib, chop etilgan tadqiqotga «Zubdat ut-tavorix» asarining tabdili tegishli sharhlari bilan kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 9 sentyabrdagi 3/1255-2405-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur monografiya Rossiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan TNS 22-raqamli qo‘lyozma asosidagi tadqiqot bilan boyishiga xizmat qilgan;
Muhammadrizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiyning hayoti va ijodiga oid yangi ma’lumotlar, Rossiya, Turkiya fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalardan nusxalar, shuningdek, Ogahiy uy-muzeyi uchun ekskursiya matnlari va etiketkalarini yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirish asosida Ichan-qal’a davlat muzey qo‘riqxonasi ilmiy bo‘limi, Muhammadrizo Ogahiy uy-muzeyi muzey-ko‘rgazmasida tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 16 sentyabrdagi 01-12-10-3478-son ma’lumotnomasi). Natijada, Muhammadrizo Ogahiy uy-muzeyining eksponatlari yangi ma’lumotlar bilan boyitilishiga erishilgan;
qo‘ng‘irotlar sulolasi tarixnavislik maktabining shakllanishida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning ta’siri hamda Xiva xonligidagi ijtimoiy va madaniy hayot bilan bog‘liq ilmiy natijalaridan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2017-2020 yillarda bajarilgan OT-F1-71 raqamli «Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etno-lingvistik vaziyat»mavzusidagi fundamental loyihada XVIII-XIX asrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida eski o‘zbek tilining mavqei va ish yuritishdagi o‘rni singari masalalarni yoritishda foydalanildi (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 89-03-3614-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu ilmiy xulosalarning keltirilishi o‘rta asrlarda Markaziy Osiyodagi turkiy xalqlarning joylashuvi va bu davrdagi etno-lingvistik vaziyatni ochib berishga xizmat qilgan;
Ogahiyning yozma merosi, Xiva xonligi tarixshunosligiga oid yangi manbalarga doir ma’lumotlardan «O‘zbekiston 24» telekanali «Fan va ta’lim» ko‘rsatuvi («O‘zbekiston 24» teleradiokanali DUKning 2019 yil 16 sentyabrdagi 01-09-1033-son ma’lumotnomasi), «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Tarixiy savol» ilmiy-ma’rifiy, «Xayrli kun» ko‘rsatuvlarida foydalanilgan («O‘zbekiston tarixi» teleradiokanali DUKning 2020 yil 15 sentyabrdagi 20-14-825-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston tarixiga oid ma’rifiy ko‘rsatuv va eshittirishlarning ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan.