Karimova Dilovar Batirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Kosmetika va parfyumeriya mahsulotlarini tovar nomenklaturasi asosida tasniflash», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/K395.
Ilmiy rahbar: Xo‘jaev Vaxobjon Umarovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Karimqulov Qurbonqul Mavlonqulovich, texnika fanlari doktori, professor; Karabaeva Ra’no Botirovna, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: parfyumeriya va terini parvarishlash vositalarining kimyoviy tarkibiga ko‘ra, uyg‘unlashgan tizim asosida milliy tovar nomenklaturasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
terini parvarishlash mahsulotlari tarkibidagi 27 xil makro va mikroelementlar miqdori induktiv bog‘langan plazmali optik emission spektrometr yordamida aniqlangan;
yuqori samarali suyuqlik xromatografiya usuli kosmetik vositalar tarkibidagi parabenlarni aniqlashning ekspress usuli ekanligi amalda isbotlangan;
parfyumeriya mahsuloti turlari uchun tovar kodlarini etil spirt va xushbo‘y modda miqdori, hidning turg‘unligi hamda shaffofligi asosida belgilashning fizik-kimyoviy usuli ishlab chiqilgan;
parfyumeriya mahsulotlarining kimyoviy tarkibi mass-selektiv detektor orqali gaz-xromatografik usulda aniqlangan;
ilk bor parfyumeriya va terini parvarishlash vositalarining kimyoviy tarkibi asosida amaldagi tovar kodlariga qo‘shimcha tarzda yangi tovar kodlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Kosmetika va parfyumeriya vositalarini TIF TNda tasniflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari uchun taklif etilgan yangi 10 xonali kod raqamlari Davlat bojxona qo‘mitasining «2022 yilda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (Davlat bojxona qo‘mitasining 2021 yil 25 oktyabrdagi 1/16-294-son ma’lumotnomasi). Natijada, parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining kod raqamlarini noto‘g‘ri belgilash hisobiga mamlakat iqtisodiyotiga zarar etkazmaslikning imkonini beradi;
parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining kod raqamlarini aniqlashda ishlab chiqilgan ekspertizaning tezkor usullari Davlat bojxona qo‘mitasining «2022 yilda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (Davlat bojxona qo‘mitasining 2021 yil 25 oktyabrdagi 1/16-294-son ma’lumotnomasi). Natijada, kosmetika va parfyumeriya vositalari ekspertizasi samaradorligini oshirish, ularni tez va sifatli tahlil qilish imkonini beradi;
parfyumeriya va kosmetika vositalarining umumiy xususiyatlarini tahlil qilish va ekspertizasini o‘tkazish natijalaridan kimyo yo‘nalishi talabalari uchun “Tovarlar kimyosi: kosmetika va parfyumeriya mahsulotlarini tasniflash usullari” nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlashda foydalanilgan (Nashr ruxsatnomasi, №500/t-035, 2021 y.). Natijada, oliy ta’lim muassasalarida tovarlar kimyosi sohasidagi mutaxassislarning bilimlarni mustahkamlash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish