Shukurova Guli Xayitmurod qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Matyoqub Qo‘shjonov ijodida badiiy va publisistik talqin uyg‘unligi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Fil759.
Ilmiy maslahatchining familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Nazarov Baxtiyor Aminovich, filologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01. 
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ulug‘ov Abdulla O‘zbekovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Matyoqub Qo‘shjonov memuar asarlari orqali olimning tarjimai holi, ta’lim va tahsil yo‘llari, u yashagan davr va muhit, ijtimoiy va adabiy hayot, ijodkor shaxsiyati, akademik olim dunyoqarashi va adabiy-tanqidiy qarashlarining shakllanishi, shaxs va ijodkor sifatida kamol topishining asoslari, yozuvchi publisistikasiga doir qator ilmiy-nazariy muammolar nuqtai nazaridan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
akademik Matyoqub Qo‘shjonovning tarixiy-biografik badiasi, memuar romani, esse, xotira, adabiy portretlari hujjatli memuar adabiyot sifatida yozuvchi publisistikasi orqali ijodkor tarjimai holi, muallifning bosib o‘tgan umr yo‘li, ya’ni ilmiy-ijodiy faoliyatini yanada yorqinroq ko‘rsatish mumkinligi asoslangan; 
olimning badiiy publisistikasi asosida etik-estetik kredosi, adabiy-tanqidiy dunyoqarashining shakllanish omillari, qishloq sharoiti, mahalla-ko‘y, ota-ona, qavmu qarindosh, hallangliklar, mahalliy va milliy an’anaviy urf-odatlar, urush maydonidagi qonli janglar, ta’lim yillari, aspirantura, ustozlar, zamondoshlar hamda adabiy muhitning Matyoqub Qo‘shjonov adabiy-estetik dunyoqarashi shakllanishidagi o‘rni aniqlangan; 
muallifning “Dagish”, “Alam” memuar asarlarida tasvirlangan sho‘rolar hokimiyatining dahshatli fojialari, xususan, 30-yillar qatag‘on siyosati, davrning mislsiz zug‘um-zo‘ravonliklari, qashshoqlik, ocharchilik ijtimoiy illat sifatida shaxslarni sindirgani, Ikkinchi jahon urushi voqealari, xotiranavisning qonli jang maydonlaridagi jangchi-askar, merganlik (snayperlik) qilgani real hayotiy tasvirlarda hujjatlilik va faktografiklik asosida yoritilgani ko‘rsatib berilgan;
olimning “Diydor” asaridagi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida kechgan ilmiy-ijodiy faoliyati, zamondoshlari, taniqli davlat arboblari, atoqli olimlar, yozuvchilar, musavvir va tibbiyot xodimlarining adabiy-ijodiy portretlari, ularda qo‘llanilgan xolislik, hayotiylik, xotiraviylik, retrospektiv syujet, qahramonni o‘z tilidan gapirtirish usuli, publisistika unsurlari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Matyoqub Qo‘shjonov ijodida badiiy va publisistik talqin uyg‘unligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotdan olingan ilmiy natijalar quyidagi ishlarda joriylangan: 
muallifning “Dagish”, “Alam” memuar romanlarida tasvirlangan sho‘rolar hokimiyatining dahshatli fojialari, xususan, 30-yillar qatag‘on siyosati aks etgan esse-qissa, memuar asarlarni qiyosiy-chog‘ishtiruv, tipologiya hamda adabiy ta’sir usullarida tahlil va tadqiq natijalariga oid ilmiy xulosalardan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA–F1-GO40 “O‘zbek adabiyoti qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: tipologiya va adabiy ta’sir” (2012–2016) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2021 yil 12 yanvardagi 3/1255-90-son ma’lumotnomasi). Natijada memuar adabiyot muammolari, adabiy portret bilan bog‘liq nazariy ma’lumotlarning boyitilishiga muhim asos bo‘lgan;
“Diydor”da bayon qilingan M.Qo‘shjonovning Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida kechgan ilmiy-ijodiy faoliyati, atoqli olimlar, yozuvchilar haqidagi adabiy-ijodiy portretlaridan FA-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2017¬‒2020) va OT-F1-77 raqamli “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017¬‒2021) fundamental loyihalarida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2021 yil 5 iyuldagi 3/1255-1965-son ma’lumotnomasi). Natijada muallifning bosib o‘tgan umr yo‘li, ya’ni ilmiy ijodiy faoliyatini teranroq o‘rganish, memuar asarlarni qiyosiy tekshirishga xizmat qilgan;
o‘zbek adabiyotshunosligining yirik tanqidchilaridan biri, akademik, filologiya fanlari doktori Matyoqub Qo‘shjonovning hayoti va ijodi, muallifning uzoq yillik adabiy-tanqidiy faoliyati haqida ma’lumotlarni o‘rganishda; M.Qo‘shjonovning o‘zbek memuaristikasidagi tizimli ijodiy faoliyati, xususan, “Tepki bosildi”, “Alam”, “Dagish”, “Diydor” memuar-roman, xotira, esse, adabiy portretlar haqida muayyan tasavvur va ma’lumot olishda “Abdulla Qahhorning hikoyachiligi” ilmiy loyihasini yaratishda foydalanilgan (Turkiya jumhuriyati, Artvin Choruh universitetining 2021 yil 13 iyuldagi E.6578-son ma’lumotnomasi). Natijada memuar asarlarda ijodkor shaxsiyati, yozuvchi publisistikasida ilmiy, badiiy, publisistik ijod sinkretizmi, M.Qo‘shjonov adabiy-estetik qarashlariga oid ilmiy-nazariy muammolarni tadqiq etishda asos bo‘lgan;
M.Qo‘shjonov badiiy publisistikasini o‘rganish orqali olimning muhim etik-estetik kredosi, adabiy-tanqidiy dunyoqarashi shakllanishidagi omillar, o‘zbek adabiyotida xotira janri, memuar asarlarning o‘ziga xos g‘oyaviy-badiiy xususiyatlariga oid tahliliy natijalardan “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Adabiy jarayon”, “Bedorlik” eshittirishlarining ssenariylarini tayyorlashda (2020¬‒2021 yil yanvar`-fevral`-mart oylarida) hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Adabiy jarayon” adabiy, ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2021 yil 3 maydagi 04-25-675-son; O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 28 iyundagi  01-16/127-son ma’lumotnomalari). Natijalar tatbiqi adabiy-ma’rifiy ko‘rsatuv va eshittirishlarning ilmiy asoslarga boy bo‘lishini ta’minlagan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish