Abdullaeva Oqila Xolmo‘minovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilining internet axborot matnlari korpusini shakllantirishning nazariy va amaliy asoslari”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil1018.
Ilmiy rahbar: Azimova Iroda Alisherovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Nabieva Dilora Abduxamidovna, filologiya fanlari doktori, professor; Eshmuminov Asqar Allamurodovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilshunosligida internet axborot matnlari korpusini yaratishning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqish, korpusda matnlarni lingvistik annotatsiyalashning tamoyillarini aniqlash va o‘zbek tili elektron axborot matnlari korpusini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tili internet axborot matnlari korpusi platformasining lingvistik ta’minotini ishlab chiqish imkonini beruvchi axborot matnlaridagi lisoniy birliklarning leksik-semantik, struktur jihatlari aniqlash orqali nutq birliklarini izohlash tamoyillari dalillangan;
o‘zbek tili internet axborot matnlari korpusida nutq birliklari morfologik annotatsiyalangan, bunda matnlardagi fe’llarning tasniflovchi kategoriyasi, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, harakat tarzi kategoriyasi, fe’lning o‘zgalovchi kategoriyasi, otlarning son kategoriyasi, sifatning daraja tasniflovchi kategoriyasi, sonning lug‘aviy-grammatik guruhi, ravish, taqlid, olmoshlarning morfologik ko‘rsatkichlari va yordamchi so‘zlarning lisoniy imkoniyatlari ishlab chiqilgan;
o‘zbek tili internet axborot matnlari korpusidagi lisoniy birliklar semantik annotatsiyalash imkonini beruvchi matnlardagi nutq birliklarining lug‘aviy-ma’noviy, lug‘aviy-mavzuviy guruhlari, lug‘aviy-mazmuniy maydoni aniqlangan;
annotatsiyalashda kontekstda uchragan nutq birliklarining turkumlarga ajratilishidagi omonim so‘zlar, affiksal omonimiya va omonimiyaga yondosh hodisalar muammosi, qo‘shma fe’llar va ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmalarini aniqlash masalasi korpusda tajriba orqali dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilining internet axborot matnlari korpusini shakllantirishning nazariy va amaliy asoslari yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
internet axborot matnlari korpusi platformasining lingvistik ta’minotini ishlab chiqish, til korpusi uchun o‘zbek tili birliklarini modellashtirish, lingvistik modellashtirish va belgilashda standart vositalarini ishlab chiqish, korpus yaratishda lingvistik modellardan foydalanishga oid xulosalardan 2017-2020 yillarda bajarilgan “Development of the interdisciplinary master program on Computational Linguistics at Central Asian Universities” nomli ERASMUS CLASS loyihasida foydalanilgan (ERASMUS+ ma’lumotnomasi, National Erasmus+ office – Uzbekistan; Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 6 sentyabrdagi 01/4-1464-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida bajarilgan sillabuslar hamda yozilgan darslik til birliklarini modellashtirish bilan to‘ldirilgan;
o‘zbek tili internet axborot matnlari korpusini qurish texnologiyasi, korpusda nutq birliklarini morfologik va semantik annotatsiyalashga oid xulosalardan “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining 2020-2021-yillarda bajarilgan JHBL-20-son “Oila, mahalla va gender tengligi mavzusidagi badiiy asarlarning elektron korpusini yaratish” loyihasida foydalanilgan (“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining 2021 yil 8 sentyabrdagi 01/09-517-son ma’lumotnomasi). Loyiha doirasida bajarilgan sillabuslar hamda yaratilgan loyihada korpus qurilishi bo‘yicha ma’lumotlardan foydalanilgan;
o‘zbek tili internet axborot matnlari korpusida nutq birliklarini morfologik va semantik annotatsiyalash tamoyillarini ishlab chiqish, “Tug‘ro” nomli internet axborot matnlari korpus platformasida lingvistik tahlillar o‘tkazish hamda olingan amaliy natijalardan 2016-2020 yillarda bajarilgan 1-147-son “Theoretical issues of Azerbaijani-Uzbek-Turkmen linguistics” nomli fundamental loyihada foydalanilgan (Azərbaycan Respublikası Azərbaycan Milli Elmlər Akademiyası İmadəddin Nəsimi adina Dilçilik institutining 2021 yil 29 oktyabrdagi 230-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha yangi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
o‘zbek tili internet axborot matnlaridagi nutq birliklarini annotatsiyalash, lingvistik annotatsiyalashning tamoyillarini belgilash, til birliklarini morfologik va semantik izohlab, korpus platformasida lingvistik tahlillar o‘tkazish hamda amaliy natijani olishga oid umumiy xulosalardan Hoji Bayram Vali universitetida o‘qitiladigan “Araştırma tekniklerı ve yayın etiğı (LE0101100)” fanining ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarida foydalanilgan (Ankara, Hacı Bayram Veli üniversitesi Edebiyat fakültesı Çağdaş Türk Lehçeleri ve Edebiyatları Bölümüning 2021 yil 25 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar mazmuni korpus platformasida lingvistik tahlillar o‘tkazish haqidagi ma’lumotlar bilan boyigan;
o‘zbek tilshunosligida milliy korpuslarning yaratilishi, o‘zbek tilini ona tili va chet tili sifatida o‘qitishda korpuslardan foydalanishga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarda, xususan, “Oydin hayot live”, “Ta’lim va taraqqiyot” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2021 yil 5 iyuldagi 02-13-1129-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu teleko‘rsatuvlarning mazmuni ilmiy dalillar bilan boyitilgan.