Dadamirzaeva Gulchehra Abdunabievnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «1946 – 1960 yillarda Farg‘ona vodiysida ishlab chiqarish kooperativlari faoliyati», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tar458.
Ilmiy rahbar: Yunusova Xurshida Erkinovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Xaydarov Izzatillaxon Mahmutalievich, tarix fanlari doktori,; Rahmatjon Arslonzoda Arslonboevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi ishlab chiqarish kooperativlari (artellari) hamda ular faoliyatiga bevosita rahbarlik qilgan hunarmandchilik kooperatsiyasi faoliyati orqali artellarning respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishidagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aholining o‘z-o‘zini bandligini ta’minlash, keng iste’mol mollarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida tuzilgan kooperativlarning faoliyatiga yangi iqtisodiy siyosat davrida keng yo‘l berilganligi, keyinchalik sovet hokimiyatining o‘rni mustahkamlanib borgani sari ularning faoliyati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilib, kooperativlarning erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilinganligi, 1960 yilga kelib kooperativlarning butunlay tugatilganligi asoslangan; 
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng kooperativlarning respublikaning boshqa hududlariga nisbatan vodiyda keng yoyilganligi, hunarmandchilik artellari sonining 116 taga etganligi, nogironlar artellarining harbiy xizmatchilar, urush nogironlari, armiya saflaridan qaytganlarga hamda frontda halok bo‘lganlarning oilalari, etim bolalarga moddiy jihatdan ko‘mak berib, ish bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutganligi aniqlangan; 
sovet hukumati davrida kooperativlarning aholi iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish va o‘z hisobidan kooperativ a’zolarining ijtimoiy-maishiy turmush darajasini ko‘tarish maqsadida nafaqa ta’minotini qoplab kelganligi, tabiiy ofatlar vaqtida aholiga ko‘maklashganligi, turli kasalliklarga chalinganlarga moddiy jihatdan yordam berganligi hamda nafaqadagi kooperativ a’zolarining ehtiyojlarini muntazam ta’minlab kelganligi dalillangan; 
respublika bo‘yicha artellar faoliyatiga rahbarlik hunarmandchilik kooperatsiyasi soveti, viloyatlarda esa uyushmalar orqali amalga oshirilganligi, bundan tashqari artel` a’zolarini sport-sog‘lomlashtirish ishlarida “Spartak” sport jamiyatining muhim rol o‘ynaganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1946–1960 yillarda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ishlab chiqarish kooperativlarining faoliyatini tadqiq etish davomida olingan natijalar, xulosalar va amaliy tavsiyalar asosida:
1946–1960 yillarda Farg‘ona vodiysida faoliyat yuritgan ishlab chiqarish kooperativlariga doir arxiv hujjatlari va fotografik manbalar asosida kooperativlarning Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘ylab respublikaning boshqa hududlariga nisbatan keng yoyilganligi, xususan, hunarmandchilik artellarining faoliyati, hamda nogironlar artellarining harbiy xizmatchilar va frontda halok bo‘lgan jangchilarning oilalari, etim bolalar hamda urush nogironlari, armiya saflaridan qaytarilganlarga moddiy jihatdan ko‘mak berib, ish bilan ta’minlashdagi xizmatlariga doir hujjatlar va ular asosida olingan ilmiy natijalar Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Tarix” bo‘limi manbalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 2 martdagi 05-12-08-1156-son ma’lumotnomasi). Natijalar muzeyga tashrif buyuruvchilarda Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda  Farg‘ona vodiysida faoliyat olib borgan ishlab chiqarish kooperativlari haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini bergan; 
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng kooperativlarnning tashkiliy-iqtisodiy tuzilma bo‘lish bilan birga o‘z a’zolarinning ijtimoiy muammolarini hal qilishda muhim rol` o‘ynaydigan tashkilot vazifasini ham bajarib kelganligi, aholini o‘z-o‘zini bandligini ta’minlashdagi ahamiyati, ayniqsa urushdan keyingi yillarda son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligiga ko‘maklashish, artellardagi o‘zaro yordam va sug‘urta kassalari faoliyatini o‘ziga xosligiga doir ma’lumotlarning tahlili asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari institutida ma’ruza va seminar-treninglar tashkil etilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2021 yil 7 iyuldagi 01/00-04/17-8089-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqarish kooperativlari faoliyatining tarixiy tajribasi respublikada bandlikning yangi turdagi ko‘rinishlarini joriy etish va aholini ish bilan ta’minlash, mehnat muhofazasi sohalarini kengaytirishga oid metodik tavsiyalarni ishlab chiqish, shuningdek mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishidagi faoliyatni kompleks rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatda mehnat bozori faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy tadbirlarni qisqa hamda uzoq muddatlarga mo‘ljallangan sohaga doir strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda mehnat bozorini kompleks rivojlantirish uchun xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish