Koshanova Nilufar Maxsudovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Umumta’lim maktablarida sinf rahbarlari faoliyatini rivojlantirish mexanizmlari (klaster yondashuvi asosida)”, 13.00.01-Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi.
Discertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Ped2469.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Xodjamqulov Umid Negmatovich, pedagogika fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, DSc.03/30.04.2021.Ped.82.01.
Rasmiy opponentlar: Mahkamov Ulfatjon Ilxamovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Kadirov Quvondik Ayitbaevich, pedagogika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: pedagogik ta’lim klasteri asosida sinf rahbari faoliyati samaradorligini oshirish usullarini aniqlash va mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
umumta’lim maktablarida sinf rahbarlarining ijtimoiy-pedagogik funksiyasi va klaster yondashuviga asoslangan boshqaruv texnologiyasi o‘qituvchining ushbu faoliyat uchun zarur bo‘lgan shaxsiy, kasbiy hislatlari, tashkilotchilik, kommunikativ va gnostik malakalari, didaktik, kognitiv, akademik, perseptiv qobiliyatlarini hisobga olish asosida ishlab chiqilgan;
ta’lim va tarbiya jarayonini tashkil qilish va boshqarishda sinf rahbarlari faoliyatining integrativ, maqsadli va tizimli klaster hamkorligiga asoslangan didaktik imkoniyatlari o‘quvchilarning kommunikativ, axborot bilan ishlash, umummadaniy tayanch kompetensiyalari va ijtimoiy moslashuvchanlik, jamoaviy hamkorlikda ishlay olish, media va axborot vositalaridan foydalana olish kabi xususiy kompetensiyalarini rivojlantirish asosida aniqlashtirilgan;
umumta’lim maktablarida sinf rahbarlari faoliyatini rivojlantirishning funksional modeli sinf rahbari kognitiv faoliyatining tanishuv-bilish, tushunish-qo‘llash, tahlil qilish-umumlashtirish, refleksiya-baholash kabi algoritmik bosqichlarini ta’lim va tarbiya jarayonini faollashtiruvchi tashkilotchilik va kommunikativ malakalariga nisbatan adaptiv qo‘llash va sinf rahbarlarining funksional majburiyatlariga muvofiqlashtirish asosida ishlab chiqilgan;
sinf rahbari faoliyatini rivojlantirish mexanizmining didaktik ta’minoti zamonaviy o‘qituvchi konsepsiyasi va professiogrammasi bilan globallashayotgan jamiyatning ma’naviy-axloqiy hamda ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq ijtimoiy talablarini dilektik aloqadorlikda uyg‘unlashtirish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Umumta’lim maktablarida klaster yondashuvi asosida sinf rahbarlari faoliyati samaradorligini oshirish mexanizmlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
sinf rahbarlari ijtimoiy-pedagogik funksiyasi mazmuni va mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan kelajak o‘qituvchisining shaxsiy, kasbiy xislatlari; tashkilotchilik, kommunikativ va gnostik malakalari; didaktik, kognitiv, akademik, perseptiv qobiliyatlari hamda ta’lim va tarbiya jarayonini tashkil qilish va boshqarishda sinf rahbarlari faoliyatining didaktik imkoniyatlari o‘qituvchining tayanch va xususiy kompetensiyalarini rivojlantirish va oila, maktab, oliy ta’lim va boshqa ijtimoiy institutlarning integrativ, maqsadli va tizimli klaster hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy metodik taklif va tavsiyalardan umumiy o‘rta ta’lim maktablari sinf rahbarlarining faoliyatini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2021 yil 6 dekabrdagi 01/11-01/10-1967-son ma’lumotnomasi). Natijada, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sinf rahbarlari faoliyatining ta’lim va tarbiya jarayonidagi samaradorligini oshirishga erishilgan;
umumta’lim maktablarida sinf murabbiyi faoliyati samaradorligini oshirishdagi yangicha yondashuvlar, xususan, klaster yondashuvi asosida rivojlantirishning funksional modeli sinf rahbari kognitiv faoliyatining tanishuv-bilish, tushunish-qo‘llash, tahlil qilish-umumlashtirish, refleksiya-baholash kabi algoritmik bosqichlari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ota-ona ta’lim salohiyatini oshirishda murabbiy faoliyatining ahamiyati va shu asosda ta’lim sifati samaradorligini oshirish, pedagogik va texnologik tizimni takomillashtirish, umumta’lim maktablarida ta’lim va tarbiyaviy jarayon sifatini oshirish bo‘yicha sinf murabbiyi bilan ta’lim sub’ektlari hamkorligini rivojlantirish borasida ishlab chiqilgan ilmiy metodik tavsiyalardan P3-2017927124 raqamli “Ta’lim muassasalarida hamkorlik asosida pedagogik faoliyatni rivojlantirish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 2021 yil 8 iyuldagi 26-01-116-son dalolatnomasi). Natijada, tadqiqot ishi ta’lim turlari hamkorligini yanada kuchaytirishga, ta’lim jarayoni sub’ektlari hamkorligini rivojlantirishga, umumta’lim sifat samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
globallashayotgan jamiyat sharoitida sinf rahbari faoliyatini rivojlantirish mexanizmining didaktik ta’minoti, kelajak o‘qituvchisi konsepsiyasi va zamonaviy o‘qituvchi professiogrammasi bo‘yicha ilmiy-metodik tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 10 dekabrdagi 01/40/-1852-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuvning mazmunini yoshlar ma’naviyatini yot ta’sirlardan himoya qilish va ularni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash g‘oyasi asosida boyitishga xizmat qilgan.