Qambarova Shoiraxon Asqarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysida sovet hokimiyatining qatag‘on siyosati va uning oqibatlari (XX asrning 20-yillari o‘rtalari – 30-yillar)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tar312.
Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti. PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Xasanov Baxtiyor Vaxapovich, tarix fanlari doktori, professor; Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi sovet hokimiyatining O‘zbekistonda XX asrning 20-30-yillarida siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda olib borgan qatag‘on siyosati hamda uning oqibatlarini Farg‘ona vodiysi misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
partiyadagi “tozalash” jarayonlari uch bosqichda o‘tkazilib, uni 1935 yilda yakunlash nazarda tutilgan bo‘lsa-da, Farg‘ona vodiysida 1938 yilgacha davom etganligi hamda “tozalov”dan o‘tmaganlarning katta qismini dehqonlar tashkil qilganligi asoslangan;
saylov komissiyalari tarkibiga o‘z vazifasini yaxshi tushunmagan kishilarning kirib qolishi natijasida saylov huquqidan mahrum qilinganlar ro‘yxatini tuzishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani, ko‘pgina kishilarning nohaq saylov huquqidan mahrum etilgani, 1930 yilga kelib O‘zbekiston SSRda “haqsiz”lar ro‘yxatiga kiritilgan 189200 nafar fuqarodan 61966 nafari (32,7 %)ni Farg‘ona vodiysida istiqomat qiluvchi fuqarolar tashkil qilgani aniqlangan;
dinga qarshi kurash jarayonlaridagi qatag‘onlar oqibatida 1940 yilga kelib, Farg‘ona vodiysidagi mavjud 3553 ta masjiddan 377 tasi, ro‘yxatga olingan 2928 nafar diniy ulamodan 807 nafari faoliyat yuritgani dalillangan;
Farg‘ona vodiysi bo‘yicha 1937-1938 yillardagi qatag‘onlar jarayoni qurbonlaridan 3718 nafarining ijtimoiy tarkibi aniqlanib, ularning 2057 nafari dehqonlar, 479 nafari ishchilar, 375 nafari dindorlar, 124 nafari savdogarlar va 683 nafari boshqa ijtimoiy guruhlarga mansub bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asrning 20-yillari o‘rtalari – 30-yillarida sovet hokimiyatining Farg‘ona vodiysida amalga oshirgan qatag‘on siyosatini tadqiq etish davomida olingan natijalar, xulosalar va amaliy tavsiyalar asosida:
Farg‘ona vodiysi shahar va qishloqlarida sovet hokimiyatining milliy kadrlar, maorif xodimlari, dehqonlar va ruhoniyat vakillariga nisbatan amalga oshirgan qatag‘on siyosati va uning alohida ko‘rinishlarini aks ettiruvchi materiallardan hamda statistik ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining “Sovet hokimiyatining 1920-1930 yillardagi qatag‘on siyosati” nomli ekspozisiyasini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining 2020 yil 18 fevraldagi 27-son ma’lumotnomasi). Natijada muzeyga tashrif buyuruvchilarda sovet hokimiyatning Farg‘ona vodiysida olib borgan qatag‘on siyosati va uning oqibatlari haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini bergan;
sovet hukumatining saylov qonunchiligi, saylovlarni o‘tkazish jarayonida Farg‘ona vodiysida qishloq aholisi turli qatlamlarining siyosiy huquqlaridan cheklashi, “huquqdan mahrum qilinganlar”ning ijtimoiy ahvoli, shuningdek, diniy muassasalar va dindorlarga qarshi olib borilgan ta’qib siyosatiga doir ma’lumotlarning tahlili O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanali “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tuzish va ko‘rsatuvni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston teleradiokanali unitar korxonasining 2020 yil 16 martdagi 01-40-244 son ma’lumotnomasi). Natijalar teletomoshabinlarga sovet davlatining Farg‘ona vodiysidagi qatag‘on siyosati va uning xususiyatlari, siyosiy qatag‘onlarning ijtimoiy oqibatlari to‘g‘risida yangi tarixiy ma’lumotlar etkazib berishga xizmat qilgan.