Lutfilloeva Faxriniso Maxmudovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kompyuter imitatsion modellaridan foydalanib, hikoyalar (mnemotexnika) asosida yapon tili ierogliflarini o‘qitish metodikasi” 13.00.02–Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (yapon tili) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Ped1045.
Ilmiy rahbar: Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12.2019.Fil/Ped83.01.
Rasmiy opponentlar: Xashimova Dil`darxan Urinbaevna, pedagogika fanlari doktori, professor; Xalmurzaeva Nodira Tashmurzaevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yapon tili ierogliflarining o‘qilish turiga doir morfemik birliklarini mnemotexnikaga asoslangan kompyuter imitatsion modellardan foydalanib o‘qitish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yapon tilidagi oddiy, bir va undan ortiq o‘qilish turiga ega bo‘lgan ierogliflar uchun (山、万、円、川、火、田) 13 ta, o‘rta murakkab, ikki va undan ortiq o‘qilish turiga ega bo‘lgan ierogliflar uchun (子、何、水、人、土、方) 8 ta va murakkab uch va undan ortiq ierogliflar uchun (高い、上、下、雨、日) 7 ta kompyuter imitatsion modellar ishlab chiqilgan;
yapon tili yo‘nalishi talabalarining ierogliflarni yozish va o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish jarayoni kompyuter imitatsion modellari (FlipaClip va Slideshow appslari) yordamida didaktik (media ta’lim, media xosting vositalaridan foydalanib talabalarga yapon tili ierogliflari leksikasiga oid belgi yoki so‘zga bog‘liq birliklarni masofadan turib o‘rgatishni tashkillashtirish) tamoyillarga ustivorlik berish asosida aniqlashtirilgan;
yapon til ierogliflaridagi mavjud morfemik birliklarni yodda saqlash va amalda qo‘llash murakkabligi tufayli mnemotexnik usul yordamida har bir ieroglifning mantiqiy kelib chiqish tizimini va undagi mavjud morfemik birliklarni o‘zbek tilidagi talaffuzga o‘xshash so‘z bilan uyg‘unlashgan holda ma’noli gap yasash orqali ifodalash metodikasi asoslangan;
yapon tili bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni kompyuter modellari yordamida rivojlantirishga, kasbiy-metodik tayyorgarligini oshirishga qaratilgan o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimi o‘quv dasturiga media ta’lim, mediaxosting vositalarini kiritish, talabalar faoliyatida ijodiy mazmundagi imitatsion modellarni yaratish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Talabalarni yapon tili morfemik birliklarini obrazli tarzda milliy kontekstda shakllantirish hamda ierogliflarni mnemotexnika asosida kompyuter imitatsion modellardan foydalanib o‘qitish metodikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yapon tili ierogliflarini mnemotexnika asosida o‘qitish uchun kompyuter imitatsion modellaridan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan I-OT-2017-4-2 raqamli “Metodik tizimda kompyuter imitatsion modellari asosidagi virtual resurslarni yaratish va imkoniyati cheklangan yoshlar ta’limida joriy etish” innovatsion granti doirasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yilning 17 martdagi 89-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Yapon tili ierogliflari qiziqarli” imitatsion modeli ta’lim jarayoniga tatbiq qilinishi orqali bo‘lajak mutaxassislarning yapon tili morfemik birliklarini o‘rganish qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilgan;
yapon tili ierogliflarini kompyuter imitatsion modellardan foydalanib o‘qitishning predmetli (mavzuli) ko‘rinishi bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan I-2016-4-15 “Kutubxona resurslaridan mobil aloqa asosida tarmoqdan foydalanishning dasturiy ta’minotini yaratish va tatbiq etish” innovatsion granti doirasidagi loyihaning amaliy natijalarini shakllantirishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yilning 17 martdagi 89-son ma’lumotnomasi). Yapon tili ierogliflarini mnemotexnika asosida o‘rgatishga oid metod va vositalarni tanlash va loyihalashtirish doirasidagi bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga hamda ularning o‘quv faoliyatga tayyorgarligini takomillashtirishga erishilgan;
talabalarning interfaol ta’lim jarayonini kompyuter imitatsion modellar asosidagi o‘quv-metodik ta’minoti, yapon tili ierogliflarini o‘rganishning maxsus texnologiyalari va elektron dasturiy ishlanmalar imkoniyatlariga oid tavsiyalari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar institutida “Asosiy sharq tili (yapon tili)” fani ishchi dasturiga kiritish tavsiya etilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yilning 17 martdagi 89-son ma’lumotnomasi) Natijada, oliy ta’lim muassasalarida “Asosiy sharq tili (yapon tili)” fanini o‘qitishda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil qilish samaradorligi oshgan.