Saidov Sarvar Sadriddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «2-Metoksikarbonilaminobenzimidazol asosida 2-aminobenzimidazol hosilalari sintezi, biologik faolligi va texnologiyasi», 02.00.03 - Organik kimyo (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/T2249.
Ilmiy rahbar: Abdurazakov Askar Sheralievich, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi instituti huzuridagi DSc.02/30.01.2020.K/T.104.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor; O‘rinov Ulug‘bek Komiljonovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: medamin dori vositasi ishlab chiqarishda ikkilamchi mahsulot bo‘lgan 2-metoksikarbonilamibenzimidazol asosida 2-aminobenzimidazolning yangi hosilalarini sintez qilish, olingan birikmalarning biologik faolligini tadqiq qilish, yuqori faollikka ega bo‘lgan birikmalarni sanoatda olish texnologiyasini ishlab chiqish va mavjud texnologiyalarni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor mahalliy xomashyo - medamin preparati chiqindisidan ajratib olingan 2-BMKni muz sirka kislotasi ishtirokida atsillash reaksiyalari olib borilgan;
ilk bor 2-BMKni ayrim alifatik (propion, moy, izo-moy), aromatik (benzoy, salisil) kislotalar bilan atsillash reaksiyalari olib borilgan va reaksiyaning borishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar (substrat tuzilishi, kislota tabiati, reaksiya harorati va davomiyligi) aniqlangan, shuningdek atsillash reaksiyalari uchun mexanizm tavsiya etilgan;
atsillash reaksiyalarida qo‘llanilgan katalizatorlar orasida ZnCl2 va CH3COONa eng samarali ekanligi aniqlangan;
2-BMKni propion va benzoy kislotalar bilan reaksiyasi olib borilganda ekzotsiklik aminoguruh ishtirokidagi atsil-mahsulot va tegishli tuzlari hosil bo‘lishi aniqlangan;
ilk bor 2-BMKni salisil kislota bilan reaksiyasida geterohalqalanish sodir bo‘lishi va tetratsiklik benzo[4,5]imidazo[2,1-b]xinazolin-12(5H)-on hosil bo‘lishi isbotlangan;
2-ASBni selektiv nitrolash orqali 5-nitro-2-ASBning ma’qul sintez usuli topilgan va reaksiyaning borishiga ta’sir etuvchi omillar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
2-ASB va uning yangi hosilalarini sintez qilish, kimyoviy o‘zgarishlarini tadqiq etish, olingan birikmalarni tuzilishini va biologik xossalarini aniqlash, shuningdek, yuqori faollikka ega birikmalar uchun ishlab chiqish texnologiyasini yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
2-amino-1H-benzimidazol-1-il)(fenil)metanonning RTT natijalari Kembridj markaziy kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (The Cambridge Structural Database, https://www.ccdc.cam, CCDC 2049631). Natijada bazaga kiritilgan yangi birikmaga o‘xshash moddalarni tuzilishini aniqlash imkonini bergan;
antigel`mint faollikka ega atsetamizol preparati O‘zstandart agentligi standartlashtirish va Davlat nazoratini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan “Asetamizol preparati substansiyasi” uchun texnikaviy shartlar tasdiqlangan (Ts 03535440-32:2019). Natijada, tayyor mahsulotni standartlash imkonini bergan;
“O‘zbekiston Respublika Veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarining sifati va muomalasini nazorat qilish Davlat bosh boshqarmasi” tomonidan “Asetamizol preparati substansiyasi”ni ishlab chiqarish texnologik yo‘riqnomasi tasdiqlangan (TI 03535440-32:2018). Natijada, atsetamizol preparatining yangi, iqtisodiy samarador sanoat ishlab chiqarish texnologiyasini amaliyotga joriy etish imkonini bergan.