Bugungi kunda respublikamizda matematika fanlari bo‘yicha 9 ta ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. 2021 yilda 16 nafar talabgor fan doktori (DSc), 40 nafar talabgor falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarga tasdiqlandi.
Bu haqda Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan bo‘lib o‘tgan “Matematika fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari” mavzuidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, ilmiy tadqiqotlarda quyidagi ilmiy natijalar olingan. Jumladan, algebra, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, matematik analiz va differensial tenglamalar sohalarida ikkita sinish nuqtasiga ega va burish soni irratsional bo‘lgan bo‘lakli-chiziqli aylana gomeomorfizmlarining sinish nuqtalari joylashuvi topilgan va bunday akslantirishlar uchun “Danjua” tengligi isbotlangan.
Ibragimov-Osipov xarakteristikasi asosida bog‘liqsiz tasodifiy miqdorlar yig‘indisi taqsimotini Puasson taqsimotiga yaqinlashishi haqida Lindeberg-Feller teoremasi isbotlangan. Shuningdek, bir jinsli bo‘lmagan konussimon qirralarga ega bo‘lgan sohalarda Boxner-Martinelli singulyar integrali uchun Privalov va Soxodskiy-Plemel` teoremasining analoglari olingan.
Hisoblash matematikasi va matematik modellashtirish sohalarida ilmiy va amaliy tadbiqiga ega bo‘lgan jarayonlarni matematik modellashtirish hamda nochiziqli matematik modellarni sonli-analitik echish usullari va yangi algoritmlari yaratilgan.
Issiqlik elektrostansiyalarining maxsus qurilmalaridagi jarayonlarni optimal boshqarish uchun issiqlik almashish jarayonlarining mukammal matematik modellari ishlab chiqilgan.
– Ilmiy tadqiqotlardan olingan natijalar amaliyotga joriy qilindi, – dedi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliev. – Xususan, turbulent struyali oqimlarini hisoblash uchun ishlab chiqilgan matematik modellar, optimal` algoritmlar va dasturiy vositalar "Kogon isitgich moslamalar" xususiy korxonasida yoqilg‘ini tejovchi qurilmni ishlab chiqishda qo‘llanilib, metanga havo qo‘shish usulini qo‘llash natijasida yoqilg‘i gazining 2-5 foiz tejalishiga va nazariy jihatdan aniqlangan soploning samarali radiusidan foydalanish natijasida 5 foiz yoqilg‘i gaz tejalishiga erishilgan.
Elektrostansiyalarining maxsus qurilmalaridagi jarayonlarni optimal boshqarish uchun ishlab chiqilgan matematik modeldan issiqlik elektrostansiyalarida yoqilg‘ini tejash, qurilmalarning foydali ish koeffisientini sezilarli darajada orttirishga erishilib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish hamda atmosferaning ifloslanishini 20 foiz kamaytirish imkonini bergan.
Manba: https://uza.uz/