Ikromov Baxrom Farxodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida shug‘ullanuvchi eshkakchi baydarkachilarning muvozanat turg‘unligini innovatsion vosita va usullar yordamida rivojlantirish”, 13.00.04 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Ped828.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, DSc.03/30.12.2019.Ped.28.01.
Ilmiy rahbar: Jumanov Ortiqmat Sangilboevich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Rasmiy opponentlar: Allamuratov Shuxrat Inoyatovich, biologiya fanlari doktori, professor; Kupalov Sanjarbek Ulugbekovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida baydarkada eshkak eshuvchilarning texnik elementlarini sifatli o‘zlashtirish uchun muvozanat turg‘unligini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion vosita va usullarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida baydarkada eshkak eshuvchilarning maxsus muvozanat qobiliyatini rivojlantirish uchun «BOSU» platformasida odatiy jismoniy yuklamalar jarayonida ishtirok etmaydigan mayda mushak guruhlari tonusini oshirishga yo‘naltirilgan noan’anaviy mashg‘ulot tuzilmasini ishlab chiqish hisobiga eshish jarayonidagi muvozanatni barqaror ushlab turish imkoniyati kengaytirilgan;
boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida shug‘ullanuvchi baydarkada eshkak eshuvchilarning maxsus tayyorgarligini nazorat qilish uchun ishlab chiqilgan «Kayak balance control» dasturi orqali muvozanat saqlash turg‘unligini rivojlantirishda olingan tezkor axborotni qayta ishlab, mashg‘ulot jarayonini masofa bo‘ylab og‘ish burchagi va vaqtini korreksiyalash hisobiga qisqa muddatda turg‘un muvozanatga erishish imkoniyati takomillashtirilgan;
baydarkada eshkak eshuvchilarning mashg‘ulot jarayonida «Kayak balance training ergometr» innovatsion trenajeridan foydalanib o‘ziga xos muvozanat hissini trenajerdan suvdagi qayiqqa ijobiy ravishda o‘tkazish uchun har bir bosqich davomida o‘rnatilgan og‘ish meyoridan chiqmagan holda eshish harakati immitatsiyasini suvdagi faoliyatga maksimal yaqinlashtirish hisobiga texnik elementlarni o‘zlashtirish imkoniyati takomillashtirilgan;
baydarkada eshkak eshuvchilarda statik va dinamik muvozanat mashqlarini uyg‘unlikda qo‘llash uchun beqaror hamda o‘zgaruvchan tayanchni «Balans yostiqchasi» orqali mashg‘ulotlarga kiritish hisobiga koordinatsion imkoniyatlarni rivojlantirish mexanizmi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Boshlang‘ich tayyorgarlik bosqichida shug‘ullanuvchi baydarkada eshkak eshuvchilarning muvozanat turg‘unligini rivojlantirish orqali eshish texnikasi elementlarini sifatli o‘zlashtirish bo‘yicha olingan natijalari asosida:
muvozanat turg‘unligi, koordinatsion imkoniyatlar va vestibulyar apparatni shakllantirish va rivojlantirishda qo‘llanilgan «BOSU» vositastdan foydalanish bo‘yicha takliflar Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi sportning suv turlari buyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi baydarkada eshkak eshish bo‘yicha tarbiyalanuvchilarning o‘quv-mashg‘ulotlar jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2020 yil 10 dekabrdagi 03-07-08-3501-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh eshkakchi baydarkachilarning muvozanatni saqlash qobiliyati bo‘yicha ko‘rsatkichlari ko‘zni ochib bajarish mashqida o‘rtacha 20,9% ga, ko‘zni yumib bajarishda o‘rtacha 18,0% ga yaxshilangan;
eshkakchilarning suvdagi muvozanat turg‘unligi va uning rivojlanish dinamikasi bo‘yicha to‘liq, ob’ektiv va tezkor ma’lumotlar taqdim eta oluvchi “KBC” maxsus elektron ilovasidan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar O‘zbekistonning baydarkada eshkak eshish bo‘yicha yetakchi sportchilarining qayiqdagi muvozanat turg‘unligini nazorat qilish jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2020 yil 10 dekabrdagi 03-07-08-3501-son ma’lumotnomasi). Natijada baydarkada eshkak eshish bo‘yicha faoliyat olib boruvchi 3- sport darajasiga ega eshkakchi baydarkachilarda qayiqdagi tomonlarga og‘ish burchaklari bo‘yicha ko‘rsatkichlari chap va o‘ng tomonlar bo‘yicha mos ravishda 6,67 va 8,68 gradusni, Xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga ega eshkakchi baydarkachilarda 5,87 va 5,95 gradusni tashkil etgan;
yosh eshkakchi baydarkachilarning mashg‘ulot jarayonini faol rag‘batlantirib, quruqlikda muvozanat turg‘unligini shakllantirishga imkon beruvchi “Kayak balance training ergometr” trenajyoridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar Chirchiq ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati o‘quv-mashg‘ulotlari jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2020 yil 10 dekabrdagi 03-07-08-3501-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh eshkakchi baydarkachilarning “eshkakni suvga kiritish”, “eshkakni tortish”, “suvdan chiqarish” va “eshishga tayyorgarlik” kabi texnika elementlarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 13-15% ga oshgan;
baydarkada eshkak eshuvchilarning koordigatsion imkoniyatlarini rivojlantirish mexanizmi bo‘yicha taklif va tavsiyalar «Eshkak eshish nazariyasi va uslubiyati» nomli o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2017 yil 28 iyundagi 434-314-son guvohnomasi). Natijada tajriba ohiriga kelib 10-11 yoshli shug‘ullanuvchilarning muvozanatni saqlash qobiliyati bo‘yicha ko‘rsatkichlari yaxshilandi va nazorat guruhinikiga nisbatan sezilarli farqlar (P<0.05) aniqlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish