Bugun o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ilm ahliga hanuzgacha ma’lum bo‘lmagan o‘zbek mumtoz adabiyoti manbalarini o‘rganish, nashr etish va keng targ‘ib qilish ishlari jadallashmoqda. Buning natijasi o‘laroq filologik tadqiqotlar ko‘lamining kengaygani e’tiborga molikdir.
Joriy yilning o‘tgan davrida filologiya fanlari bo‘yicha 31 nafar talabgor fan doktori (DSc), 214 nafar talabgor falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlandi.
Bu haqda Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan bo‘lib o‘tgan “Filologiya fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari” mavzuidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, tadqiqotlarda, quyidagi ilmiy natijalar olingan. Jumladan, tibbiy termin-metaforalarning o‘zbek tilida paydo bo‘lish davridan hozirgi kunga qadar tadrijiy rivojlanish qonuniyatlari, boshqa tillar bilan munosabati va bu jarayonlarga bevosita ta’sir o‘tkazgan buyuk mutafakkirlarimiz Mahmud Qoshg‘ariy va Abu Ali ibn Sino asarlarida foydalanilgan terminlarning xususiyatlari ochib berildi.
Yig‘ilgan 3 ming 500 dan ziyod tibbiy metaforalar asosida o‘zbek tilida tibbiy-metaforalarning soni ko‘pligi, ularning manbalari, yasalish tamoyillari, mavzuiy va tarkibiy-semantik belgilari yaxlit holda aniqlandi.
O‘zbek badiiy matnlarida uchraydigan intertekstual (matn ichida matn) birliklarning manbalari yordamida ularning turlari tasnifi, badiiy matn persepsiyasida (mazmuniy idrok) epigraf, sarlavha, allyuziya, iqtibos kabi intertekst (matn ichida matn) turlarining roli asoslab berildi.
Ta’lim sohasidagi arabizmlar tezaurusi (arabcha so‘zlar lug‘ati)uchun ma’lumotlar bazasi ishlab chiqildi.
–XIX asrda yaratilgan 12 ta, XX asrda yaratilgan 7 ta tazkira adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tahlil qilinib, Ruqiyabonu, Sito un-niso, Iffatiy, Davlat, Ofoq Begim Jaloyir, Podshoh Xotun, Mehriy, Mahastiy, Kavkab, Ismat Begim, Orzu Samarqandiy kabi ayollarning ijodi ilmiy muomalaga olib kirildi, – dedi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliev. – 24 ta tazkirani qiyosiy o‘rganish asosida 200 ga yaqin ayollar bilan bog‘liq ma’lumotlar 14 ta diagramma va 11 ta jadval asosida ko‘rsatilib, ba’zi shoiralarning ismlari yuzasidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlandi. Shuningdek, XX asr boshlari mustaqil o‘zbek vaqtli matbuotida adabiy jarayon masalasi (shakllanishi, rivoji hamda “g‘arblashuvi”) davr ijtimoiy-siyosiy muhiti hamda mavjud adabiy aloqalar kesimida monografik tarzda ochib berildi.
Tadqiqotlarda olingan ilmiy natijalar amaliyotga keng joriy qilinib, jumladan, tibbiyot terminlarining tarixi, xususan, Abu Ali ibn Sinoning tibbiyot terminologiyasiga qo‘shgan hissasi, xalq tabobatida keng qo‘llanilgan nomlar, metaforalardan ilmiy matnlarda foydalanishning o‘rinli ekanligini isbotlovchi dalillar hamda tibbiy metaforalarning manbalari va tuzilishiga doir ilmiy ma’lumotlardan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mo‘ljallangan “Tibbiyotda ingliz tili” nomli darslikda foydalanildi.
Har qanday jamiyat taraqqiyoti asosida ilm va fan yotadi. Fanlar ichida adabiyotning o‘rni beqiyos. Adabiyotning yuksalishida esa ilmiy tadqiqot ishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun mamlakatimizda ayni yo‘nalishda izchil va tizimli ishlar tashkil etilganki, buni yuqorida aytib o‘tilgan natijalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Manba: https://uza.uz/