Uktamova Xilolaxon Azamat qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “Dariy tili grammatik manbalarida fonetika va morfologiya masalalari”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil.917.
Ilmiy rahbar: Alimova Xolida Zikrillaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Mahamadaliev Xislatxon Matlabovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi dariy tili grammatikalarining yaratilish asoslari va omillarini o‘rganish, dariy tili fonetik tizimidagi unli, undosh, diftonglar borasidagi nazariy qarashlarni tahlil qilish, dariy tili morfologik tizimining shakllanish va rivojlanish yo‘llarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dariy va fors tillarining mustaqil til sifatida o‘z qoidalariga egaligi Xoja Hasani Nisoriyning «چهار گلزار» («To‘rt chaman») kitobi (XVI a.) va Husayn Injuning «فرهنگ جهانگیری» («Jahongir lug‘ati») lug‘atida (XVII a.) qayd qilingani aniqlangan;
dariy tilidagi fonemalarni unli-undosh (مصوت/صامت) va so‘zlarni turkumlarga ajratish masalasi ilk bor Abu Ali ibn Sinoning «دانشنامه علایی» («Ensiklopediya») kitobida (X a.) yoritilgani, hozirgi dariy tilida saqlanib qolgan cho‘ziq i/ê va u/ô unlilari birinchi bor Husayn Injuning «فرهنگ جهانگیری» («Jahongir lug‘ati») lug‘atida (XVII a.) «یای معروف» yâ-ye ma’ruf va «یای مجهول» yâ-ye majhul, «واو معروف» wâw-e ma’ruf va «واو مجهول» wâw-e majhul, xw fonemasi Xoja Nasiriddin Tusiyning «معیار الاشعر» («She’r qoidalari») asarida (XIII a.) «واو معدوله» wâw-e ma’dula istilohlari ostida izohlangani dalillangan;
klassik dariy tilida 4 ta diftong (ây, ay, âw, aw) mavjud bo‘lgani, bularning hozirgi dariy tiliga o‘zgarishsiz ko‘chgani «فرهنگ جهانگیری» («Jahongir lug‘ati»), «غیاس اللغت» («G‘iyos lug‘ati») kabi izohli lug‘atlar asosida isbotlangan;
ilk bor son so‘z turkumi haqida «حالیت الانسان فی خلبة اللسان» («Insoniyat orasida yagona tilda») ilmiy asari (XV a.) va «فرهنگ جهانگیری» («Jahongir lug‘ati») lug‘atida (XVII a.), otlarda aniqlik artikli haqida «فرهنگ رشیدی» («Rashidiy lug‘ati») (XVII a.), otlarning ko‘plik sonni hosil qiluvchi ها- va آن- qo‘shimchalari haqida «شرفنامه منیری یا فرهنگ ابراهیمی» («Muniriy sharafnomasi yo Ibrohim lug‘ati») lug‘atlarida (XV a.) qayd qilingani, shuningdek, dariy tilida fe’l so‘z turkumining tadrijiy rivojida klassik til xususiyatlari saqlangani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dariy tili grammatikasiga doir manbalarda fonetika va morfologiya masalalari tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
dariy tilining klassik dariy tilidan ajralish jarayonining izohli lug‘atlar va ilmiy asarlarda aks etishi, dariy tili fonetik va morfologik tizimlarining klassik dariy tili bilan qiyosiy tadqiqi natijalaridan OT-F1-71 raqamli «Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etnolingvistik vaziyat» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2021 yil 13 oktyabrdagi 01-04-01/2185-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanishi o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo, Shimoliy Afg‘oniston va Eron zaminida til vaziyati va bilingvizm masalalarini yoritib berishga xizmat qilgan;
Ibn Sinoning klassik dariy tili grammatikasi haqidagi fikrlari tahlili, olimning tilshunoslik ilmiga qo‘shgan hissasi hamda klassik va hozirgi dariy tilining umumiy va farqli jihatlari haqida O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasi Toshkent shahar Kengashida ilmiy seminar o‘tkazilgan (O‘zbekiston XDP Toshkent shahar Kengashining 2021 yil 4 iyundagi 45-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etuvchi partiya a’zolarida o‘zbek va afg‘on xalqlari o‘rtasida ilmiy sohadagi hamkorliklar, Ibn Sinoning tilshunoslik ilmida olib borgan mehnati, shuningdek, hozirgi tilshunoslikdagi yangi tendensiya haqidagi taassurotlarning kengayishiga xizmat qildi. Bu orqali partiya a’zolari Afg‘onistondagi bugungi murakkab vaziyatga o‘z munosabatlarini bildirish, afg‘on xalqiga yordam ko‘rstishda asqotadigan faktlarga ega bo‘lgan;
dariy tili grammatikasining shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari bo‘yicha olingan natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Ta’lim va taraqqiyot», «Adabiy jarayon», «Millat va ma’naviyat» radioeshittirishlari ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2021 yil 15 fevraldagi 04-25-223-son ma’lumotnomasi). Natijada Afg‘onistondagi tillar, mamlakatdagi til vaziyati, dariy tili fonetik va morfologik tizimidagi o‘zgarishlar, yangi tamoyillar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatuvlar saviyasi va ta’sir doirasining o‘sishiga xizmat qilib, ma’lumotlar qamrovini oshirgan.