Saidov Azamat Ismoilovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Oilada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari”, 19.00.05 – Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya (psixologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSs/P34.
Ilmiy rahbar: Umarov Baxriddin Mengboevich, psixologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti, DSc.03/30.01.2020.P.26.02.
Rasmiy opponentlar: Abdullaeva Shoira Xamidovna, psixologiya fanlari doktori; Samarov Rustam Sadriddinovich, falsafa fanlari doktori, professor; Muminova Lola Raximona, pedagogika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi oilada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishining ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlarning shakllanishi o‘z salomatligiga tizimli yondashadigan shaxsning boshqalarda ham shunday xususiyatlar kamol topishiga o‘zi anglamagan holda hayrihoh bo‘lishi tufayli uning salomatlikni ta’minlash targ‘ibotchisi sifatidagi rolining ortib borishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan;
nosog‘lom ijtimoiy muhit yoshlarda me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan g‘ayriinsoniy vazifalarni bajarishga undashi natijasida ular xulqida asta-sekin deformatsiyalashuvning paydo bo‘lishi, bu esa shaxs ongida sog‘lom turmush tarziga nisbatan salbiy munosabatlarni keltirib chiqarishi asoslangan;
oilada ota-onalarning farzandlariga me’yoridan ortiq mehr qo‘yishi, ularni asrab avaylashlari, e’zozlashlari, istagan narsalarini muhayyo qilishga intilishlari bolalarda manmanlik, birovlarni mensimaslik, tayyorga-ayyorlik, mehnatning qadriga etmaslik, sabr-toqatsizlik kabi salbiy hislatlarning shakllanishiga olib kelishi aniqlanib, bunday ruhda tarbiyalangan bolalar muammoli vaziyatlarda mustaqil fikr yuritish, muayyan qarorlarga kelish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish borasida qiyinchiliklarga uchrashi isbotlangan;
uch avlod vakillarining bir joyda yashaydigan oilada istiqomat qiluvchi yoshlarda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan salomatlikka milliy qadriyat sifatida qarashning yuqori bo‘lishi sababli ularda sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi etnopsixologik tasavvurlarning erta shakllanishi aniqlangan;
oilada yoshlarning o‘z sog‘ligi haqida qayg‘urish, sog‘lom turmush tarziga o‘zini irodaviy jihatdan yo‘naltira olish, sog‘lom turmush tarzining ahamiyatiga qat’iy ishonch, ruhiy salomatlik, hayot va uning xursandchiliklari mazmuni haqidagi shaxsning tafakkuri, maqsad sari intilish kabi ijtimoiy-psixologik omillarga o‘z menini ishontira olish orqali ularda sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlarning shakllanishiga erishish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oilada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishining ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini o‘rganish yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishi asosida:
oilada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishining psixologik komponetlari (sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlarning shakllanishi bo‘yicha shaxsning ongi va anglangan faoliyati, alohida shaxsning sog‘lom turmush tarziga munosabati, shaxsning o‘zini o‘zi sog‘lom turmush tarzi sari motivatsiyalashi, sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlar shakllanishida shaxsning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish, shaxsning sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tushuncha va tasavvurlari), ijtimoiy-psixologik (oilada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishiga imkoniyat yaratuvchi psixologik muhitni yaratish, sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlar shakllanishida ota-onalarning farzandlarga ibrat va namuna sifatidagi ta’siri, oiladagi shaxslararo munosabatlar barqarorligi) va etnopsixologik (oilada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishida milliy qadriyatlarning o‘rni, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishning ma’naviy-ma’rifiy jihatlari) omillarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy xulosalar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Psixologiya o‘quv-ilmiy markazining P-M-9 –son buyrug‘i asosida “Ijtimoiy psixologiya” moduli mazmuniga kiritilgan (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Psixologiya o‘quv-ilmiy markazining 2020 yil 19 avgustdagi P-M-9B-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishi va shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan psixologik xizmat imkoniyatlarini takomillashtirishga erishilgan;
oila va oilaviy muhit – yoshlarda sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlarning shakllanishiga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatish mumkinligidan kelib chiqib, ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Psixologiya o‘quv-ilmiy markazining P-M-9 buyrug‘i bilan “Oila psixologiyasi” modulini ishlab chiqishda foydalanilgan (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Psixologiya o‘quv-ilmiy markazining 2020 yil 19 avgustdagi P-M-9B-son ma’lumotnomasi). Natijada amaliyotchi psixologlarni oilaviy muhitning yoshlarda sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlarning shakllanishi bo‘yicha kasbiy kompetensiyalarini oshirish samaradorligini oshirishga erishilgan;
oilada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishiga milliy qadriyatlar, ma’naviy-ma’rifiy barkamollik va etnopsixologik xususiyatlarning ta’sirini o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar “Etnopsixologiya va din psixologiyasi” moduli mazmuniga kiritilgan (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Psixologiya o‘quv-ilmiy markazining 2020 yil 19 avgustdagi P-M-9B-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlarning sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlari shakllanishida milliy qadriyatlar, ma’naviy-ma’rifiy barkamollik, etnopsixologik xususiyatlarning o‘rniga oid nazariy qarashlar va amaliy tavsiyalar bilan “Etnopsixologiya va din psixologiyasi” o‘quv fani mavzulari takomillashtirilgan;
oilada yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlarni shakllantirishda yoshlarning nosog‘lom xulq-atvori, zararli odatlarga berilishlarining oldini olish va ularning ruhiy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan psixologik tavsiyalar “Deviantologiya asoslari” moduliga tatbiq etilgan (“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining 2020 yil 5 dekabrdagi 01-09/57-son ma’lumotnomasi). Natijada oilada yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi tasavvurlar shakllanishida yoshlarning nosog‘lom xulq-atvorini va zararli odatlarga berilishlarining oldini olish bo‘yicha amaliy psixologik tavsiyalar “Deviantologiya asoslari” o‘quv fanining mazmunini to‘ldirilishiga va takomillashishiga erishilgan.