Mattiev Utkir Begmatdulobovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX o‘rtalari – XX asr boshlarida Turkistonda afg‘on fuqarolari tarixi”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1 PhD/Tar664.
Ilmiy rahbar: Ergashev Baxtiyar Ergashevich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.02.10.
Rasmiy opponentlar: Hayitov Shodmon Ahmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Xoliqova Rahbar Ergashevna tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr o‘rtalari – XX asr boshlarida Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarida afg‘on fuqarolarining joylashuvi, turmush tarzi, mashg‘ulotlari, ularning mintaqa siyosiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Turkiston aholisi milliy tarkibida mustamlakachilik siyosati sababli “etnik ozchilikni tashkil qiluvchi xalqlar” iborasi qo‘llanila boshlanganligi va bu tushuncha Evropadan kirib kelgan xalqlarga nisbatan emas, balki, erli millat vakillari bilan tarixan yagona geosiyosiy hududda yashab kelayotgan xalqlarga nisbatan ishlatilganligi, ularning tarixiga doir voqealar chuqur tahlil qilinmasdan masalaga bir tomonlama yondashilganligi dalillangan;
mustamlaka davrida Turkistonga kirib kelgan afg‘on fuqarolarining migratsiyasi yo‘nalishlari (Turkiston, Buxoro amirligi, Xiva xonligi), shakllari (majburiy, ixtiyoriy, mavsumiy, majburiy-ixtiyoriy), sabablari va ularning Turkiston general gubernatorligi viloyatlari bo‘yicha hududiy joylashuviga daxldor bo‘lgan ma’lumotlar asoslangan;
Afg‘on fuqarolarining siyosiy (ayg‘oqchilik, harbiy, imperiyalar pozisiyasini mustahkamlash uchun xizmat qilish), ijtimoiy (etnik tarkibi, turmush tarzi), iqtisodiy (savdo-sotiq, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi) hayoti bilan bog‘liq faoliyatiga tegishli ma’lumotlar ochib berilgan.
Rossiya imperiyasi hukmron doiralarining Turkistonda yuritgan milliy siyosati va uning mazmun mohiyatini afg‘on hukmron doiralari va fuqarolaridan mahalliy aholi bilan munosabatlarda vositachi sifatida foydalanishdan tashqari, afg‘onlarning o‘lka milliy ozodlik ko‘rashlariga aralashishini oldini olishda foydalanishga qaratilganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asrning o‘rtalari – XX asr boshlarida Turkistonda afg‘on fuqarolari tarixiga oid olingan natijalar va ishning ilmiy yangiliklari asosida:
xalqaro munosabatlar asoslaridan birini ilmiy hamkorlik tashkil qilib kelganligi hisobga olingan holda, Turkistonda istiqomat qilgan afg‘on fuqarolarining yurtimizdagi ta’lim jarayonlari bilan bog‘liq ma’lumotlar o‘rganilib, undan Samarqand davlat universitetida amalga oshirilgan F3-202001047 “O‘zbekistonda madrasa ta’lim tizimi elektron portalini yaratish” mavzusidagi loyiha ishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Samarqand davlat universitetining 2021 yil 27 apreldagi 10-1229-son ma’lumotnomasi). Bu yurtimiz hududidagi an’anaviy ta’lim dargohlarining nafaqat o‘lkamiz, balki butun mintaqa xalqlari uchun ham xizmat qilganligi haqidagi ma’lumotlarni boyitishga, XIX asr o‘rtalari – XX asr boshlarida Turkistonda yashagan afg‘on fuqarolarining ta’lim olishi bilan birga, ularning aholi ijtimoiy hayotiga ta’sirini ham yoritib berishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishga mo‘ljallangan Davlat Dasturi V bandi ijrosini amaliyotga tadbiq etish, millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyatida millatlararo totuvlikni targ‘ib etish masalalarida foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining 2020 yil 23 dekabrdagi 0202-1114-son ma’lumotnomasi). Bu esa ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqlarining tarixiy aloqalari haqidagi ma’lumotlarni yanada kengaytirishga xizmat qilgan;
O‘zMTRKA “O’zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan ayrim ko‘rsatuvlar, xususan, “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariylarini tayyorlashda dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (“O’zbekiston tarixi” telekanalining 2020 yil 16 sentyabrdagi 02-40-851-son ma’lumotnomasi). Bu esa XIX asr o‘rtalari – XX asr boshlarida Turkistonda yashagan afg‘on fuqarolarining mintaqa bo‘ylab joylashuvi, ularning hayoti va turmushi tarixiga doir ma’lumotlarni va ularning ahamiyatini kengroq yoritib berishga yordam bergan.