Filologiya fanlari sohasida oliy malakali ilmiy
va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari aniqlandi
Birinchi va ikkinchi renessans davrlariga tegishli adabiy manbalarni tadqiq etish dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Filologik tadqiqotlar ko‘lamining kengaygani e’tiborga molikdir. Joriy yilning o‘tgan davrida filologiya fanlari bo‘yicha 31 nafar talabgor fan doktori (DSc), 214 nafar talabgor falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlandi.
Tadqiqotlarda, jumladan quyidagi ilmiy natijalar olindi:
tibbiy termin-metaforalarning o‘zbek tilida paydo bo‘lish davridan hozirgi kunga qadar tadrijiy rivojlanish qonuniyatlari, boshqa tillar bilan munosabati va bu jarayonlarga bevosita ta’sir o‘tkazgan buyuk mutafakkirlarimiz Mahmud Qoshg‘ariy va Abu Ali ibn Sino asarlarida foydalanilgan terminlarning xususiyatlari ochib berildi;
yig‘ilgan 3500 dan ziyod tibbiy metaforalar asosida o‘zbek tilida tibbiy-metaforalarning soni ko‘pligi, ularning manbalari, yasalish tamoyillari, mavzuiy va tarkibiy-semantik belgilari yaxlit holda aniqlandi;
o‘zbek badiiy matnlarida uchraydigan intertekstual (matn ichida matn) birliklarning manbalari yordamida ularning turlari tasnifi, badiiy matn persepsiyasida (mazmuniy idrok) epigraf, sarlavha, allyuziya, iqtibos kabi intertekst (matn ichida matn) turlarining roli asoslab berildi;
ta’lim sohasidagi arabizmlar tezaurusi (arabcha so‘zlar lug‘ati) uchun ma’lumotlar bazasi ishlab chiqildi;
o‘zbek tilidagi ta’lim sohasiga oid arabizmlarning o‘zlashish omillari ilk bor monografik tarza yoritilib, lingvostatistik xususiyatlari ochib berildi;
XIX asrda yaratilgan 12 ta, XX asrda yaratilgan 7 ta tazkira adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tahlil qilinib, Ruqiyabonu, Sito un-niso, Iffatiy, Davlat, Ofoq Begim Jaloyir, Podshoh Xotun, Mehriy, Mahastiy, Kavkab, Ismat Begim, Orzu Samarqandiy kabi ayollarning ijodi ilmiy muomalaga olib kirildi;
24 ta tazkirani qiyosiy o‘rganish asosida 200 ga yaqin ayollar bilan bog‘liq ma’lumotlar 14 ta diagramma va 11 ta jadval asosida ko‘rsatilib, ba’zi shoiralarning ismlari yuzasidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlandi;
XX asr boshlari mustaqil o‘zbek vaqtli matbuotida adabiy jarayon masalasi (shakllanishi, rivoji hamda “g‘arblashuvi”) davr ijtimoiy-siyosiy muhiti hamda mavjud adabiy aloqalar kesimida monografik tarzda ochib berildi;
1906–1917 yillar o‘zbek matbuoti sahifalarida badiiy asarlar poetikasidagi o‘ziga xoslik, ya’ni adabiyotning ijtimoiylashuvi, badiiy asarning til xususiyatlari, g‘oyaviy jihatlari “Oyina” jurnali, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” va boshqa vaqtli matbuotdagi birlamchi manbalar misolida asoslandi;
XX asr boshi o‘zbek vaqtli matbuot nashrlari (“Oyina” jurnali, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalari) adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tizimli tadqiq qilinib, adabiyotda yangi tur va janrlarning tasnifi amalga oshirildi va matbuot orqali kechgan adabiy aloqalarning adabiyot rivojidagi o‘rni ochib berildi.