Jo‘raev O‘ktamjon Shavkatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Dinamik kuchlar ta’sirida chuqur o‘rnatilmagan tonnellarning kuchlanganlik – deformatsiyalanganlik holatini hisoblash usullari (Metodi rascheta napryajenno - deformirovannogo sostoyaniya tonnelya melkogo zalojeniya pri dinamicheskix vozdeystviyax)», 01.02.04 – Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T2177
Ilmiy rahbar: Safarov Ismoil Ibroximovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.03/27.02.2021.FM.101.02 raqamli ilmiy kengash negizida tashkil etilgan bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ismayilov Kubaymurat, texnika fanlari doktori, professor; Raxmonov Baxodir Sobirovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan muhandislik-qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi dinamik yuklanish ta’sirida bo‘lgan qovushqoq-elastik yarim tekisliklarda joylashgan ko‘p qatlamli aylanasimon va to‘g‘ri to‘rtburchak kesim yuzali tonnellarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholashga qaratilgan hisoblash usulini va dasturini ishlab chiqish, analitik va sonli hisoblash usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
garmonik to‘lqinlar ta’siri ostida qovushqoq-elastik yarim tekislik muhitida joylashgan, ko‘ndalang kesim yuzasi aylanasimon bo‘lgan, ko‘p qatlamli mustahkamlangan silindrik qobiqning kuchlanganlik - deformatsiyalanganlik holati masalasini sonli echish usuli ishlab chiqilgan va solishtirma baho berilgan. Materiallarning qovushqoqlik xossalarini hisobga olish ko‘chish va kuchlanishlarni 10 - 16 % kamayishiga, loyihalash jarayonidagi hisoblash vaqtini esa 1,3 barobargacha kamaytirish imkonini bergan.
qovushqoq-elastik yarim tekislikdagi mustahkamlangan silindrik bo‘shliqdan garmonik to‘lqinlarning tarqalishi natijasida qobiq va uni o‘rab turgan muhitning (erkin sirtdan qaytgan to‘lqinlarni hisobga olgan holda) kuchlanganlik - deformatsiyalanganlik holati aniqlangan. Muhit qovushqoqligi hisobga olinganda bo‘ylama to‘lqinlar ta’sirida θ = 900 va 2700, ko‘ndalang to‘lqin ta’sir etganda esa θ = 450 va 1350 bo‘lganda maksimal radial kuchlanishlar yuzaga kelishi hamda rezonans chastotalari 5-7 % ga oshishi topilgan.
elastik yarim tekislikda joylashgan to‘g‘ri to‘rtburchak ko‘ndalang kesim yuzali tonnellarning dinamik kuchlar ta’siridagi tebranish va difraksiya masalalarini sonli echish usullari ishlab chiqilgan.
chuqur o‘rnatilmagan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi tonnellarning seysmik to‘lqinlar ta’siridagi tebranishlarini erkin sirtdan qaytgan to‘lqinlarni e’tiborga olgan holda hisoblash usullari hamda dasturi ishlab chiqilgan. Tekis to‘lqinlar ta’siri ostida bo‘lgan tonnellarni H>=1,5*h da chuqur o‘rnatilgan, dinamik kuchlar ta’siri ostida bo‘lgan tonnellarni H>=8*h da chuqur o‘rnatilgan deb qarash mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dinamik kuchlar ta’sirida elastik va qovushqoq-elastik yarim tekisliklarda joylashgan chuqur o‘rnatilmagan tonnellarning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini hisoblash usullari tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
portlashlar natijasida yuzaga keladigan noturg‘un to‘lqinlar ta’sirida silindrik qobiqlar ko‘rinishidagi er osti quvurlarida hosil bo‘ladigan kuchlanganlik - deformatsiyalanganlik holatini hisoblash usuli “Portlatishsanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan olib borilgan, Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan Osmonsoy bazal`t konining “Kargalik” kar`erida bajarilgan portlatish ishlari natijasida, portlash manbasidan 450 metr uzoqlikdagi 200 mm diametrli suv ta’minoti quvurlariga etishi mumkin bo‘lgan talofatlarni bartaraf etish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasining 2021 yil 22 oktyabrdagi 01-333/10-05-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, quvurlardagi mumkin bo‘lgan har bir buzilishlarga sarflanadigan 8-12 mln. so‘m mablag‘ning tejab qolinishiga hamda mehnat unumdorligini 1,25 marta ortishi imkoniyati yaratilgan;
chuqur o‘rnatilmagan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi tonnellarning tekis to‘lqinlar ta’siridagi tebranishiga oid hisoblash usuli va dasturi “Toshmetroqurilish” MChJda amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasining 2021 yil 22 oktyabrdagi 01-333/10-05 - sonli ma’lumotnomasi). Hisoblash natijalariga ko‘ra, materiallarning qovushqoqlik xossalarini e’tiborga olish ko‘chish va kuchlanishlarni 10 - 16 % kamayishiga, loyihalash jarayonidagi hisoblash vaqtini esa 1,3 barobar qisqartirish imkonini bergan;
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilmiy tadqiqot rejasiga ko‘ra 2012-2016-yillarda olib borilgan F-4-04 raqamli “Suyuqlik oquvchi er osti egri chiziqli quvurning dinamik kuchlar ta’siridagi kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini tadqiq qilish nazariyasini rivojlantirish va hisoblash usullarini ishlab chiqish” fundamental loyihasining (2021 yil 22 oktyabrdagi 89-07/2633 - sonli ma’lumotnoma) silindrik qobiqsimon, bosim ostida ishlovchi quvurlar bilan muhitning o‘zaro ta’sirini hisobga olish masalalarini echishda qo‘llanilgan. Natijada, dissertatsiya ishida olingan ilmiy natijalarning qo‘llanilishi orqali elastik hamda qovushqoq-elastik suyuqlik oquvchi quvurlar tebranishining rezonans amplituda sohalarini baholash imkonini bergan.