Saparov Sanjarbek Yusupboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Qattiq fazada karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi sintezi va uning fizik-kimyoviy xossalari», 02.00.06 – Yuqori molekulyar birikmalar, 02.00.04 – Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/K365.
Ilmiy rahbarlar: Mahkamov Muzaffar Abdug‘apporovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Sidikov Abdujalol Sidikovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.K.01.03 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Ravshan Israilovich, kimyo fanlari doktori, professor; Kattaev Nuritdin To‘raevich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent to‘qimachilik va engil sanoat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy jo‘xori navlaridan ajratib olingan kraxmalni qattiq fazada modifikatsiyalash orqali karboksimetilkraxmalning natriyli tuzini olish hamda olingan mahsulotning fizik-kimyoviy xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor mahalliy jo‘xori navlaridan ajratib olingan kraxmalni suvli eritmalarda va qattiq fazada modifikatsiya qilish orqali karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi olingan;
kraxmalni modifikatsiya jarayoniga turli omillar ta’siri o‘rganilib, qattiq fazada almashinish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulot olish sharoitlari aniqlangan;
qattiq fazada kraxmalni karboksimetillashda reaksion aralashmani oz miqdorda spirtlar bilan namlash reaksiyaga katalitik ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan;
karboksimetilkraxmalning natriyli tuzining morfologik, termik xossalari, suvda eruvchanligi uning almashinish darajasi hamda modifikatsiyalash usuliga bog‘liq ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mahalliy jo‘xori kraxmalini qattiq fazada kimyoviy modifikatsiyalash yo‘li bilan karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi olish hamda uning fizik-kimyoviy xossalari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi o‘simliklarni kimyoviy ximoya qilish vositalarini suspenziya konsentratini tayyorlash uchun «Elektrokimyozavod» QK AJ amaliyotiga joriy etilgan («Elektrokimyozavod» QK AJning 2021 yil 3 maydagi 92-son ma’lumotnomasi). Natijada, suspenziya konsentratini tayyorlashda import qilinuvchi kimyoviy xom ashyo miqdorini qisman kamayishiga va suspenziya tannarxini 3-5% arzonlashtirish imkonini bergan;
karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi burg‘ulash eritmalarini tayyorlash uchun «Gissarnftgaz» QK amaliyotiga joriy etilgan («Gissarneftgaz» QKning 2020 yil 22 oktyabrdagi 1703/OKiNT-10-son ma’lumotnomasi). Natijada, bo‘rg‘ulash eritmalariga olingan karboksimetilkraxmalning natriyli tuzi qo‘shilishi import qilinuvchi kimyoviy reagentlar miqdorini qisman kamaytirish imkonini bergan.