Sayt test rejimida ishlamoqda

Bugun dunyo miqyosida tibbiyotga bo‘lgan talab va ehtiyoj har qachongidan yuqori. Respublikamizda ham ana shulardan kelib chiqib, tibbiyot fanlari yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etilishi aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, davolash sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 46 ta talabgor fan doktori, 229 ta talabgor tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktor ilmiy darajalarida tasdiqlandi. Himoya qilingan dissertatsiya tadqiqotlari orqali surunkali yurak etishmovchiligi, turli xil yondosh kasalliklar bilan kechganda buyraklardagi funksional fibroz o‘zgarishlarning xususiyatlari va unda kompleks davo samaradorligi, kamqonlik bilan kechayotganda buyrak hamda yurakdagi fibroz jarayonlariga antianemik davoning ta’siri isbotlandi. Bunday kasallikda ichaklardagi mikrob majmuasi buzilishining immun yallig‘lanish tizimiga ta’siri baholandi.

Revmatoid artritga chalingan bemorlar klinik xususiyati va kasallik faolligi, shuningdek, bo‘g‘im sindromidan kelib chiqib, gen polimorfizmiga bog‘liq holda revmatoid artrit klinik kechishining o‘ziga xosliklari va uni davolashning samarali usuli aniqlandi. Reaktiv artritli (ya’ni, infeksiya xisobiga yuzaga keluvchi artritlar) bemorlarda bo‘g‘im tuzilmalaridagi o‘zgarishlarni erta aniqlashda tog‘ay oligomer matriks oqsilining o‘rni va erta davoning klinik samaradorligi isbotlandi.

Buyrak usti bezi o‘smalari klinik, gormonal, vizualizatsion va immunogistokimyoviy tomondan kompleks baholanib, erta tashxislash ko‘rsatkichlari takomillashtirildi. Akromegaliyaning tayanch-harakat tizimi asoratlari mavjud bemorlarda suyak metabolizmi boshqarilishida o‘sish gormoni va insulinga o‘xshash o‘sish omillarining ahamiyati baholanib, ularni erta tashxislash hamda davolash usullari takomillashtirildi.

Surunkali gastrit bilan og‘rigan bemorlarda patomorfologik va funksional bog‘liqliklar tahlili asosida keyinchalik oshqozonda atrofik, meta va displastik jarayonlar xavfini bashoratlash tizimi takomillashtirildi.

Ko‘z jarohatlarini davolashda antibakterial xususiyatlarga ega bo‘lgan plyonkali bioqoplama ishlab chiqildi. Ko‘zi ojizlikning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan diabetik ko‘z retinopatiyasini erta tashxislash va uni  konservativ davolash usuli yaratildi.

Somatik patologiya fonida og‘iz shilliq qavati va periodont sohasi kasalliklarini davolash va ularning profilaktikasi takomillashtirildi. Yuqori nafas yo‘llari kasalliklari oqibatida yuzaga keluvchi xorlama (xurrak otish)ning burun orqali nafas olishi buzilgan bemorlarda tekshirishning polisomnografiya usuli bilan statistik jihatdan muhim ko‘rsatkichlari va qonda kislorod bosimini o‘lchash asosidagi bog‘liqlik natijalari isbotlandi.

Tibbiyot fanlari bo‘yicha ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi bilan yurak va boshqa zararlangan a’zolarida qon aylanishning yaxshilanishi orqali shifoxonaga qayta yotish va umumiy o‘lim holatlari kamaydi hamda bo‘g‘im tog‘ayida erta emirilish shakllanganda negizli davo asosida erta nogironlikning oldini olish bo‘yicha ijobiy natija qo‘lga kiritildi.

Shuningdek, dasturiy gemodializ qabul qiluvchi bemorlarni parvarishlashda yurak qon-tomir kasalliklarini profilaktika qilish va davolash orqali bemorlarning yashovchanlik ko‘rsatkichi oshdi, buyrak usti bezi o‘smalari mavjud bemorlarning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, ular to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni birlashtirish, tezkor tashxis qo‘yish va ularning dinamik monitoringini o‘tkazish imkoniyatini kengaytirdi.

Tibbiyot fanlari sohasida faoliyat olib borayotgan olim-mutaxassislar va tadqiqotchilar bundan buyon ham mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini jahon talablari asosida rivojlantirish, aholiga sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot fanlari yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini oshirishda faol ishtirok etadi.

Manba: https://uza.uz/

Yangiliklarga obuna bo‘lish