Anyozov Ruclan Botirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Markaziy Osiyo karvon yo‘llari infratuzilmalari va xizmat ko‘rsatish sohalari (XIV-XIX asrlar Xorazm vohasi misolida)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Tar390.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Mavlonov Uktam Mahmasobirovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:  Urganch davlat universiteti.
 IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12. 2019.Tar.20.05.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Qabulov Eshbolta Atamuratovich, tarix fanlari doktori; Sulaymanov Salamat Arepbaevich,  tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. XIV-XIX asrlarda Markaziy Osiyoda karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimi tarixini Xorazm vohasi misolida yaxlit ilmiy tadqiqot mavzusi doirasida kompleks o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Markaziy Osiyoda va uning ichki va tashqi aloqalarida muhim o‘rin tutgan Xorazm vohasida XIV-XIX asrlar karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimi faoliyatining tarixiy-geografik sharoitlari va ijtimoiy-iqtisodiy omillari aniqlangan;
mintaqada o‘rta asrlarda iqtisodiy va madaniy aloqalarga xizmat qilgan karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari, ulov va g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish tarixi qiyosiy-tarixiy jihatdan davriy izchillikda ochib berilgan;
Xorazm vohasining karvon yo‘llarida joylashgan yo‘lbo‘yi inshootlari: rabotlar (asosan karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish maqsadida  barpo etilgan inshootlar), karvonsaroylar (karvonlar to‘xtab,tunab o‘tadigan joy, saroy), sardobalar (suv tanqis hududlarda uni to‘plash va saqlash uchun maxsus qurilgan gumbazli hovuz), quduqlar va ularning bugungi holati, yo‘lbo‘yi inshootlarining xizmat ko‘rsatish tizimida tutgan o‘rni dalillanib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy funksiyalari aniqlangan;
vohada davlat hokimiyati tomonidan karvon yo‘llarida xizmat ko‘rsatish sohalarini yo‘lga qo‘yish, boshqarish va nazorat qilishdagi o‘rni, bu tizim faoliyatida nufuzli amaldorlar, yirik savdogarlarning ishtiroki masalasi ochib berilib, karvon yo‘llarini qurish va ta’mirlash, xavfsizlikni ta’minlash, karvonlarni oziq-ovqat va emish bilan ta’minlash, karvon yo‘llarida maishiy xizmatlar ko‘rsatish masalalari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.  Markaziy Osiyo karvon yo‘llari infratuzilmalari va xizmat ko‘rsatish sohalari (XIV-XIX asrlar Xorazm vohasi misolida) mavzusidagi tadqiqot asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy bo‘limi – Xorazm Ma’mun akademiyasida 2010-2016 yillarda bajarilgan “Xorazm tarixi ( I jild. eng qadimgi davrdan V asrgacha. II jild. V-XIV asrgacha)”  mavzusidagi fundamental loyihada karvon yo‘llari infratuzilmalari, yo‘lbo‘yi inshootlari va ularning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy funksiyasi, karvon yo‘llarini qurish va ta’mirlash haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan tahlil qilishda, karvon yo‘larida xizmat ko‘rsatish tizimining mintaqadagi etno-integratsion jarayonlarda tutgan ahamiyatini yoritishda, karvon yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash va boshqa madaniy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish masalasini qiyosiy tahlil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 2 sentyabrdagi 3/1255-1791-son ma’lumotnomasi). Natijalar Markaziy Osiyoning turli hududlari va davlatlari o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy aloqalarni amalga oshirishda karvon yo‘llarining tutgan o‘rnini ko‘rsatuvchi yordamchi ma’lumot sifatida foydalanishga imkon bergan;
Xiva xonligining qo‘shni mamlakatlar bilan olib borgan savdo aloqalari, ushbu aloqalarni olib borishda foydalanilgan karvon yo‘llari, karvon yo‘llaridagi ulov-transport vositalari, ularning turlari va ulardan foydalanish, karvon yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash va boshqa madaniy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish kabi masalalarni tahlil qilishda, karvon yo‘llari infratuzilmalari, yo‘lbo‘yi inshootlari va ularning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy funksiyasi haqida, karvon yo‘larida xizmat ko‘rsatish tizimining mintaqadagi etno-integratsion jarayonlarda tutgan ahamiyati haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi faoliyatida o‘tkazilgan bir qator tadbirlarda, jumladan, “Xiva xonligi tashqi aloqalari” bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limining 17.12.2020 yil 17 dekabrdagi 01/02-101-son ma’lumotnomasi). Natijalardan Xorazm vohasining qadimiy madaniyati, jumladan savdo-sotig‘ini mahalliy aholi, shuningdek, xorijlik sayyohlar o‘rtasida keng tashviqot va targ‘ibot qilishda foydalanilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish