Jo‘raev Akram Azamat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Agregatning bir o‘tishida g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilma parametrlarini asoslash», 05.07.01 – «Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T2201.
Ilmiy rahbar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02.
Rasmiy opponentlar: Ravshanov Hamroqul Amirqulovich, texnika fanlari doktori, dotsent; G‘aybullaev Burxonjon Shermatjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: «BMKB-Agromash» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qilish jarayonini agregatning bir o‘tishida amalga oshiradigan qurilmani ishlab chiqish yo‘li bilan agregatning ish sifati va unumini oshirish, energiya va resurstejamkorlikni ta’minlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qo‘shimcha ag‘dargich sirt va himoyalovchi g‘ilof bilan jihozlangan agregatning bir o‘tishida g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmaning konstruksiyasi ishlab chiqilgan va texnologik ish jarayoni asoslangan;
agregatning bir o‘tishida g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilma ag‘dargich sirtli ish organlarining parametrlari g‘o‘za nihollariga shikast etkazmasligi, energiya sarfi hamda ish organining tortishga qarshiligi minimal bo‘lishini hisobga olingan holda asoslangan va ularning o‘zgarish chegaralari aniqlangan;
qurilma silliqlagich-zichlagichlarining o‘rnatilish burchaklari va unga beriladigan bosim kuchi bo‘ylama polning talab darajasida zichlanishini hisobga olgan holda aniqlangan;
qurilma tayanch tekisligidan osish moslamasining pastki taqish nuqtalarigacha bo‘lgan tik masofa ag‘dargich sirtli ish organlarining tuproqqa belgilangan chuqurlikka botishi va ularning bir tekis harakatlanishini hisobga olgan holda asoslangan;
qurilmaning maqbul parametrlari uning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
agregatning bir o‘tishida g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmaning texnik echimiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Agregatning bir o‘tishida g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiluvchi qurilma», FAP 01646 - 2021 y.). Natijada, g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qilishda ish sifati va unumini oshirish hamda energiya-materialhajmdorlikni kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘lgan qurilmaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
agregatning bir o‘tishida g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmani ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari va hisoblash usullari “VMKV-Agromash” AJga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 9 sentyabrdagi 02/023-3678-son ma’lumotnomasi). Natijada, agregatning bir o‘tishida g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilmaning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilma Buxoro viloyatining Vobkent, Kogon, Jondor va Olot tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 9 sentyabrdagi 02/023-3678-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qilishda yonilg‘i sarfi 25-30 foizga kamaygan, ish unumi 1,5 martagacha oshgan.