Sayt test rejimida ishlamoqda

Ulukmuradov Abror Nafasovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya  mavzusi,  ixtisoslik  shifri  (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Grafen,  fullerenlar va kichik energiyali vodorod atomlarining o‘zaro ta’siri jarayonlarini  modellashtirish”, 01.04.04 – Fizik elektronika (fizika-matematika fanlari).  
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/FM608.
Ilmiy rahbar: Yadgarov Ishmumin Djabbarovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.FM.65.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Djuraxalov Abdiravuf Aslanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Tashatov Allanazar Karshievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor
Etakchi tashkilot: Toshkent  davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi fulleren-grafen strukturalaridan vodorod atomlarining sochilishi jarayoni va grafen qatlami bilan S60 fullerenning o‘zaro ta’sir jarayonlari dinamikasini o‘rganishdan iborat
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
S60 fullerenlar ining grafenda adsorbsiyalanishi jarayonida uning geometrik joylashuvi ta’siri aniqlandi;
grafen bilan S60 fullerenining bog‘lanish energiyasi (0,06-2.60 eV) oralig‘i aniqlandi, hamda nazariy va eksperimental ishlar bilan solishtirildi;
S60 fullerenidan vodorod atomlarining sochilishida, fulleren ichiga vodorod atomining kiritilish uchun optimal energiya qiymatlari 8 eV hamda shunday kiritilishda minimal energiya qiymati 3 eV ekanligi aniqlandi;
ilk bor vodorod atomlarining S60 fullerendagi xemosorbsiyasi fulleren sirtida ham, uning ichki qismida ham sodir bo‘ladi, qator hollarda esa fulleren ichida erkin vodorod atomi yuzaga kelishi mumkin ekanligi aniqlandi;
ilk bor fulleren-grafen strukturasidagi vodorod atomlari xemosorbsiyasiga sochilayotgan vodorod atomlari burchak parametrlarining
ta’siri aniqlandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
S60 fullerenning grafen qatlami bilan o‘zaro ta’siri va vodorod atomining fulleren-grafen strukturalarda sochilishi jarayonlarini o‘rganishda olingan natijalar asosida:
S60 fullerendan sochilgan vodorod atomlarining fulleren ichiga kiritilishidagi optimal energiya qiymatlarini va fulleren-grafen strukturasidan vodorod atomlarining sochilishida vodorod atomlari bilan fullerenning o‘zaro ta’siri mexanizmlarini aniqlash № OT-F2-53 raqamli “A3V5 va A2V6 plenkalarning yuzasi va yuza osti sohalarida hosil qilingan ikki qatlamli nanoo‘lchamli tizimlarning kvant o‘lchamli effektlari va elektron xossalari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (Toshkent davlat texnika universitetining 2021 yil 13-oktyabrdagi № 0119-14-2751- son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish nanoo‘lchamli tizimlar xususiyatini o‘rganish hamda fizikaviy fundamental qonuniyatlarni o‘zlashtirish imkonini bergan;
grafen sirtiga S60 fullerenning adsorbsiyasi jarayoniga S60 molekulasining geometrik joylashuvining ta’sirini va S60 fullerenning grafen bilan o‘zaro ta’sirida bog‘lanish energiyasi diapazonini aniqlash № F2-F2-51 raqamli “Fullerenlar va ularning hosilalari asosida optoelektronika va quyosh energetikasi uchun yangi funksianal nanomateriallar sintez qilishning fundamental asoslari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2021-yil 10-avgustdagi № 2/1255-2208 sonli ma’lumotnomasi); Ilmiy natijalardan foydalanish bir va ikki komponentli organik erituvchilarda S60 fullereni molekulalarining o‘z-o‘zidan tashkillanishida fulleren strukturalarida atomlarning joylashishini aniqlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish