Nuridinov Turdali Qambarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Buxoro Xalq Sovet Respublikasining tashqi aloqalari (1920-1924 yy)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tar323.
Ilmiy rahbar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Inoyatov Sulaymon Inoyatovich, tarix fanlari doktori, professor; Ermetov Avazbek Abdullaevich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Buxoro Xalq Sovet Respublikasining 1920-1924 yillarda sovet respublikalari hamda Sharq va G‘arb mamlakatlari bilan olib borgan iqtisodiy, madaniy aloqalari tarixini arxiv va davriy matbuot materiallari asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
BXSR tashqi siyosati bol`sheviklar hukumati manfaatlari doirasida amalga oshirilgani, sovetlar Sharq mamlakatlari bilan cheklangan aloqalarga ruxsat bergani holda, AQSh va g‘arbiy Evropa davlatlari bilan siyosiy munosabatlar o‘rnatishga imkon bermaganligi, Buxoroda sovet hokimiyati kuchayishi natijasida mavjud tashqi aloqalarning qisqarib borish dinamikasi aniqlangan;
RSFSR va TASSRning iqtisodiy muammolari hamda ocharchilikni bartaraf etishda Buxoro xom ashyolari, oziq-ovqat resurslaridan keng foydalanilganligi, respublika xo‘jaligi xom ashyo tayyorlash, moliya va bojxona sohalarida sovet iqtisodiyoti manfaatlariga bo‘ysundirilganligi asoslangan;
BXSR hukumati Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjonda diplomatik va iqtisodiy vakolatxonalar ochish orqali xalqaro maydonga chiqish hamda davlat mustaqilligini ta’minlash siyosatini yuritganligi aniqlangan;
ZSFSR, xususan, Ozarbayjon bilan o‘rnatilgan iqtisodiy va siyosiy aloqalar BXSRning g‘arbiy Evropa va AQSh bozoriga chiqish imkoniyatini yaratib, savdo-sotiq, diplomatik va madaniy hamkorlik sohalarini kengaytirganligi dalillangan;
BXSRning rivojlangan davlatlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishi natijasida xalq xo‘jaligiga Germaniya, Italiya, Shvesiya, AQSh kapitali jalb etilib, qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnikalardan foydalanish, zamonaviy tibbiyotni tashkil etish, qo‘riq erlarni o‘zlashtirish tadbirlari amalga oshirilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. BXSRning 1920-1924 yillarda olib borgan tashqi aloqalariga oid olingan ilmiy natija va amaliy takliflar asosida:
2019 yilda nashr qilingan “O‘zbekiston tarixi (1917-1991 yillar) kollektiv monografiya ikkinchi kitobi (1939-1991 yillar)ning IX bobi, 2§ni yozishda BXSRning 1920-1924 yillarda sovet respublikalari, Sharq mamlakatlari va g‘arbiy Evropa davlatlari hamda AQSh bilan o‘rnatgan iqtisodiy, siyosiy, madaniy hamkorligiga doir materiallardan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 11 fevraldagi 3/1255-430-son ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi Buxoro Xalq Sovet Respublikasining 1920-1924 yillarda sovet respublikalari, Sharq va G‘arb davlatlari bilan o‘rnatgan tashqi aloqalari tarixi, maqsadi, mohiyati va ahamiyatini o‘rganish uchun keng imkoniyat yaratgan;
BXSRning 1920-1924 yillarda tashqi aloqalarini amalga oshirgan tarixiy shaxslar faoliyati, iqtisodiy va madaniy hamkorlikka oid arxiv hujjatlari, yangi ma’lumotlar va materiallardan Farg‘ona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyalarini to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining 2019 yil 24 sentyabrdagi 01-12-15-4811-son ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlarning muzey ekspozisiyalarida namoyish etilishi sayyohlar va mahalliy tashrifchilar qiziqishini oshirishga, 1920-1924 yillarda BXSR hukumati olib borgan tashqi aloqalar to‘g‘risida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishlariga imkoniyat yaratgan;
O‘zbekiston teleradiokompaniyasi Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining «Diyor yangiliklari», ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlari va radioeshittirishlarida Buxorodan Sharq va G‘arb davlatlariga yuborilgan talabalar, BXSR xalq xo‘jaligiga xorij texnikasi va kapitalini jalb qilishga oid materiallardan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining 2019 yil 16 apreldagi 12.01/40-son ma’lumotnomasi). Natijalar ko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar mazmunini mukammallashtirishga, ilmiy dalillar bilan boyitishga xizmat qilgan.