Umurzakov Rustamjon Maxamadovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): XX asr o‘zbek qissalarida bola obrazi: davr va ruhiyat, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1425.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Ilmiy rahbar: Kasimov Abdugapir Abdukarimovich,  filologiya fanlari doktori, professor
Rasmiy opponentlar: Rasulova Umida Yo‘ldosh qizi, filologiya fanlari doktori; Tojiboeva Muqaddas Abdurahimovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi XX asr o‘zbek qissalaridagi bolalik va bola obrazi tasvirida davr va ruhiyatning badiiy ifodasini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy  yangiligi:
bola obrazining o‘zbek adabiyotidagi shakllanish asoslari, poetik tabiatining davriy jihatdan farqlanishi, avtobiografik xarakterdagi qissalarda bolalik tasviri asosiy o‘rinni egallashi hamda bola obrazi aks etgan qissalar ham avtobiografik unsurlardan holi bo‘lmasligi asoslangan;
G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasidagi bola e’tiqodi emirilishi davrning ma’naviy tanazzuli bilan bog‘liq holda dalillangan;
XX asr o‘zbek qissalari bola ruhiyati talqinida kattalar dunyosining illat va kulfatlari aks ettirilib, bola obrazi kattalar uchun ko‘zgu vazifasini bajarishi isbotlangan;
O‘tkir Hoshimovning “Ikki karra ikki – besh” qissasi bosh qahramoni o‘tish davridagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy jarayonlar hosilasi sifatida badiiy talqin etilganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr o‘zbek qissalarida bola obrazini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bola obrazi yetakchi bo‘lgan XX asr o‘zbek qissalari davr nuqtai nazaridan tizimlashtirilib, avtobiografik xarakterdagi qissalarda bolalik tasviri asosiy o‘rinni egallashi, bola obrazi aks etgan qissalar avtobiografik unsurlardan holi bo‘lmasligi asoslangan ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 15.05.2020 yildagi 125-sonli buyrug‘i asosida e’lon qilingan UNICEF bilan hamkorlikdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish” loyihasining 1-bosqichi: Ona tili, o‘zbek tili va adabiyot fanlarining o‘quv-metodik materiallarini ishlab chiqishda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2021 yil 12 martdagi 01/11-01/4-295-son ma’lumotnomasi). Natijada G‘afur G‘ulomning “Shum bola” va Oybekning “Bolalik” qissalari tahlili hamda bola obraziga oid umumiy xulosalar bilan o‘rta ta’lim maktablaridagi adabiyot fanining o‘quv-metodik materiallari boyitilgan;  
 G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasidagi bola e’tiqodi emirilishi davrning ma’naviy tanazzuli bilan bog‘liqligiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi OT-F1-100 raqamli “Imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy-madaniy faoliyatining badiiy-ijodiyot vositalari asosida nazariy va amaliy takomillashuvi” nomli fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2021 yil 25 fevraldagi ma’lumotnomasi). Natijada “Shaxs va qadriyatlar” monografiyasining ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan;
qissa janridagi bola obrazi tadqiqi bo‘yicha erishilgan natijalardan Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining “Olovjon va uning do‘stlari”, “Interv`yu”, “Jondan aziz”, “Ma’naviyat sarchashmalari” ko‘rsatuvlari va Farg‘ona radiosining “Yoshlar kundaligi” eshittirishlarida foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2021 yil 23-fevraldagi 68-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni chuqurlashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan hamda ko‘rsatuv va eshittirishlarda ko‘tarilgan adabiy masalalarning ilmiy asosi kuchaytirilgan;
XX asr o‘zbek qissalari bola ruhiyati talqinida kattalar dunyosining illat va kulfatlari aks ettirilib, bola obrazi kattalar uchun ko‘zgu vazifasini bajarishiga oid xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyat bo‘limi faoliyatida “Yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi”ni ishlab chiqish hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun ma’ruzalar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasining 2021 yil 24-fevraldagi 02-22/126-son ma’lumotnomasi). Natijada chora-tadbirlar rejasi ilmiy asoslar, yoshlar ruhiyatiga oid tahliliy materiallar bilan boyitilgan;
badiiy adabiyotdagi davr va ruhiyat masalasini yoritishda bola obrazining ahamiyatiga oid tahlil natijalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining 2021 yil 25 fevraldagi 11 son ma’lumotnomasi).  Natijada XX asr o‘zbek nasrida davr va qahramon munosabati konseptual manzarasini ishlab chiqish jarayonlarida bola obraziga tayanilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish