Sabirov Erkaboy Erkinbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Mahalliy xomashyolar asosida samarador suyuq holatdagi yong‘in o‘chirish tarkiblarini ishlab chiqish”,05.10.02 – “Favqulodda holatlarda xavfsizlik. Yong‘in, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi” ixtisosligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/T1246.
Ilmiy rahbar: Kurbanbaev Shuxrat Ergashevich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi. IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, PhD.40/30.12.2020.T.129.01.
Rasmiy opponentlar: Yo‘ldosheva Ozoda Muxammadsodiq qizi – texnika fanlari doktori, professor, Abdazimov Shavkat Xakimovich – texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mahalliy xomashyolar asosida suyuq yong‘in o‘chirish tarkiblarini yaratish va yong‘inlarni o‘chirish samaradorligining oshishiga erishishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ul`tratovushli ta’sir orqali mahalliy giltuproqlar (bentonit, kaolin va boshqalar) va kremniy (IV) oksidining yuqori dispersli zarrachalari hamda ularning har xil nisbatli suspenziyalarining eng optimal konsentratsiyalari aniqlangan;
yangi olingan suspenziyalarning yog‘och zarrachalarining termik xususiyatlariga ta’sirini o‘rganish orqali suspenziya bilan qoplangan yog‘och yuzasining issiqlik oqimi ta’siriga bardoshliligi hamda bentonit va kremniy (IV) oksidli suspenziyalarning yog‘ochning yonuvchanligini suvga nisbatan tez va samarali bartaraf qilishi asoslangan;
yangi tarkibli suspenziyalarning yonuvchi materiallar hisoblangan yog‘och, paxta tolasi va shu kabilarning yonishini samarali to‘xtatishi va qayta alangalanish sodir bo‘lishini oldini olishi aniqlangan hamda yonish jarayoniga ta’siri samaradorligini baholashning yangi metodikasi ishlab chiqilgan;
suyuq holatdagi yong‘in o‘chiruvchi tarkiblarning yong‘in o‘chirish samaradorligini baholovchi qurilma ishlab chiqilgan va yangi olingan suyuq tarkiblarning yong‘inlarni samarali o‘chirish sinov tajribalari natijalari bo‘yicha asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy xomashyolar asosida olingan suyuq yong‘in o‘chirish tarkiblari bilan yong‘inni samarali bartaraf etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yangi olingan suyuq holatdagi yong‘in o‘chiruvchi tarkib O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga qarashli Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2021 yil 9 sentyabrdagi 03/17-3656-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi olingan suyuq holatdagi yong‘in o‘chiruvchi tarkib bilan yong‘in o‘chirilganda 22% suv tejab qolinishi va 1,22 baravar kam vaqt sarflanishi imkoniyati yaratilgan;
yangi olingan suyuq holatdagi yong‘in o‘chiruvchi tarkib Xorazm viloyati Hokimligiga qarashli Yong‘indan muhofaza qilish jamiyati va O‘zbekiston Yong‘inga qarshi kurash jamiyati Xorazm viloyati Xiva tumani hududiy bo‘linmasida joriy etilgan (Xorazm viloyati Hokimligining 2021 yil 17 avgustdagi 5-3931-son ma’lumotnomasi). Natijada, texnik ko‘rsatkichlari texnik shartlarga mos keladigan, tannarxi arzonlashgan, himoya qilish muddati uzaytirilgan suyuq holatdagi yong‘in o‘chirish moddasini olishga erishilgan.