Ahmedova Vaziraxon Asqarovnaning falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mustaqillik davri o‘zbek dramaturgiyasida davr va shaxs fojiasining yangicha talqinlari ”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1269.
Ilmiy rahbar: Yakubov Islomjon Ahmedjonovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor; Rasulova Umida Yo‘ldosh qizi, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mustaqillik davri o‘zbek dramaturgiyasida shaxs qismati va davr fojialari qayta idrok etilgani, tarixiy shaxslar hayoti hamda zamonaviy mavzudagi dramalarda tasvirlangan muammolar orqali istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasi yutuq va nuqsonlarini belgilash, dramaturglarning jamiyat joriy holatini anglashdagi badiiy-estetik konsepsiyasini aniqlash hamda bugungi dramaturgiyamiz rivojidagi munosib o‘rni va ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasi o‘ziga xos ijodiy-estetik jarayon ekani, makon va zamon metrik-topologik xususiyatlaridagi o‘zgarish hamda yangilanishlarning umumnazariy muammolarini, xarakterlar dramatizmi orqali davr va shaxs fojiasining poetik ifoda ko‘lami singari ijtimoiy-adabiy hamda milliy va umumbashariy qadriyatlarning o‘zaro uyg‘unlikda aks etishi, tarixiy shaxs va zamondosh inson qiyofasining tasvirlanishi kabi estetik omillar ochib berilgan;
istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasi adabiy asoslari va taraqqiyotiga impul`s bergan omillar asoslangan, erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, ijobiy ideal izlash tamoyili ustivorligi, poetik mahoratning etishmasligi, davr va shaxs fojiasini kuchli dramatik konflikt va kolliziyalar negizida ko‘rsata olmaslik, yuksak badiiy echimlarda ifodalashga erishmaslik, tor dunyoqarash va maishiy biqiqlik, quruq tavsifiylik, ijtimoiy hayot muammolarining sayoz idrok etilishi singari umumiy nuqsonlardan iboratligi dalillangan;
istiqlol davri dramaturgiyasida davr va shaxs fojialarining badiiy shartlilik negizida ifodalanishi, hayot haqiqati va badiiy to‘qima nisbati, ijodkor estetik konsepsiyasi ichki tadriji, umummilliy hamda umumbashariy adabiy-estetik tafakkur miqyoslari bilan bog‘liq ekani asoslangan;
davr va shaxs fojialarini poetik ifoda etgan O.Yoqubov, U.Azim, E.A’zam, Z.Najmiy dramatik asarlari asosida istiqlol davri dramaturgiyasining miqdor jihatidan o‘sishi va jahon dramaturgiyasi ilg‘or yutuqlarini imkon qadar ijodiy o‘zlashtirishiga yo‘l ochgani, uning taraqqiyoti va asosiy mavzu yo‘nalishlarini belgilab bergan ijtimoiy-ma’rifiy, adabiy-estetik omillar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mustaqillik davri o‘zbek dramaturgiyasida davr va shaxs fojiasining yangicha talqinlari muammosini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mustaqillik davri o‘zbek dramaturgiyasi – o‘ziga xos ijodiy-estetik jarayon ekani, bu davrda yuzaga kelgan sahna asarlarida kitobxon ma’naviy-ruhiy ehtiyojini qondirishdagi mushtarak hamda individual jihatlarini ko‘rsatish, XXI asr o‘zbek adabiyotida, xususan, dramaturgiyasida globallashuv muammolari, davr va shaxs fojiasining badiiy talqinlariga oid ilmiy-nazariy xulosalardan OT-F1-80 raqamli “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 31 maydagi 3/1255-1584-son ma’lumotnomasi). Natijada bu davr dramaturgiyasida makon va zamonning metrik-topologik xususiyatlaridagi o‘zgarish hamda yangilanishlar, adabiy asos muammolarini aniqlashga erishilgan;
xarakterlar dramatizmi orqali jamiyatning joriy holati badiiy tadqiq etilishi, shaxs taqdiri misolida ijtimoiy-madaniy muhit hamda millat fojialari ifodalanishi U.Azim tarixiy-biografik “trilogiya”si, “Adibning umri”, “Kunduzsiz kechalar”, “Abdulla Qahhor” dramalarining qiyosiy-tipologik tadqiqiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Turkiya davlatining Artvin Choruh universitetida (2018-2020) bajarilgan 2020.S25.03.19 raqamli “Abdulla Kahhar’in Hikayeciligi” mavzusidagi ilmiy loyihada foydalanilgan (Artvin Choruh universitetining 2021 yil 18 iyundagi E3545-son ma’lumotnomasi). Natijada Abdulla Qahhor ijodida davr va shaxs fojiasining poetik ifodasi nuqtai nazaridan qiyosiy-tipologik yo‘sinda tadqiq etilishi natijasida loyiha ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasi o‘ziga xos ijodiy-estetik jarayon ekani, makon va zamon metrik-topologik xususiyatlaridagi o‘zgarish hamda yangilanishlar mazkur tur va janrlardagi asarlarda o‘tmish merosimiz qayta idrok etilishi, tarixiy shaxslar hayoti va tarixiy dramalar aks etgan pesalar salmog‘ining ortish omillari haqidagi umumlashmalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi dramaturgiya ijodiy kengashi yillik va istiqbolli rejalari doirasida 2019-2021 yillardagi hisobot yig‘ilishi dasturini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 2021 yil 4 maydagi 01-03/621-son ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri o‘zbek dramaturgiyasining yutuq va nuqsonlarini belgilash, yaratilayotgan asarlarda tasvirlangan davr va inson qismati orqali jamiyat joriy holatini anglash, hayot haqiqati va badiiy to‘qima nisbatini belgilash imkoni yuzaga kelgan;
“Bozor” dramasida Usmon Azim badiiy-estetik konsepsiyasi ifodalanishiga oid nazariy umumlashmalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Adabiy jarayon”, “Bedorlik”, “Sahna va ekran” radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK “Madaniyat va ma’rifat” telekanali DUKning 2021 yil 30 apreldagi 04-25-654-son ma’lumotnomasi). Natijada radioeshittirishlar ilmiy jihatdan boyitilib, milliy dramaturgiyamiz yutuqlari keng ommaga havola etilgan.