Ashurova Nilufar O‘ktamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Voyaga etmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlik», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Yu458.
Ilmiy rahbar: Rustambaev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti,DSc.32/30.12.2020.Yu/74.01.
Rasmiy opponentlar: Toxirov Farxod,yuridik fanlar doktori, professor; Urazaliev Murod Qoraevich,yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchitashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi voyaga etmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikni takomillashtirish, bu turdagi jinoyatlar sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
voyaga etmagan shaxsni nafaqat giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar iste’mol etishga jalb qilish, balki ularning analoglarini iste’mol etishga jalb qilish uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanishi lozimligi asoslangan;
giyovandlik vositalarining analoglari hisoblanmagan, lekin kishining aql-idrokiga ta’sir qiladigan vosita va moddalarni iste’mol etishga jalb qilish g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga oid qoidalar aniqlashtirildi;
voyaga etmagan shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikni belgilash asoslab berilgan;
voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda voyaga etmaganlarni huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishga jalb qilayotgan shaxslar, shu bilan birga ota-onalik huquqini suiiste’mol qilayotganlarni aniqlash va ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan ta’sir choralarini qo‘llash yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga takliflar kiritish huquqi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarining vakolatlari sifatida belgilanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Voyaga etmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikbelgilash va uning oldini olish masalalarini tadqiq etishning ilmiy natijalari asosida:
voyaga etmagan shaxsni nafaqat giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar, balki ularning analoglarini iste’mol etishga jalb qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifdan JK 127-moddasi ikkinchi qismiga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 06 noyabrdagi 06-13/1850-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mazkur turdagi qilmishlarni sodir etgan shaxslarning harakatlari to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishiga va javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanishiga xizmat qilgan;
voyaga etmagan shaxs giyohvandlik vositalarining analoglarini iste’mol qilishga jalb etilgan bo‘lsa, aybdorning harakatlari JK 127-moddasi ikkinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil 28 apreldagi 12-sonli «Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 29-bandiga o‘zgartirish kiritishda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2021 yil 20 yanvardagi 08/UM-59-21–son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi sud amaliyotida voyaga etmagan shaxs giyohvandlik vositalarining analoglarini iste’mol qilishga jalb etilgan bo‘lsa, aybdorning harakatlariga to‘g‘ri huquqiy baho berishga va adolatli jazo tayinlanishiga xizmat qilgan;
voyaga etmagan shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirib, ularni tilanchilik qilishga jalb etishning kriminalizatsiya qilinishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifdan JK 1271-moddasining qabul qilinishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud–huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 6 noyabrdagi 06-13/1850-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar qilmishga to‘g‘ri jinoyat-huquqiy baho berish va jinoiy jazo tayinlashda odillik prinsipiga rioya etilishining ta’minlanishiga xizmat qilgan;
voyaga etmaganlarni huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishga jalb qilayotgan yoxud voyaga etmaganlarga nisbatan boshqa g‘ayriqonuniy qilmishlar sodir etayotgan shaxslarni, shuningdek voyaga etmaganlarni moddiy ta’minlash, tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlayotgan yoki lozim darajada bajarmayotgan yoxud voyaga etmaganlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yoki ularga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘layotgan ota-onalarni yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarni aniqlash hamda ularga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risida tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlarga takliflar kiritishni Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarining voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi sohasidagi vakolatlaridan biri sifatida belgilash lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 12 iyuldagi 151-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 58-bandi to‘rtinchi xatboshisini tayyorlashda foydalanilgan(O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 31 yanvardagi 33/04-01/426-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi voyaga etmaganlarni huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishga jalb qilayotgan shaxslarning harakatlarini barvaqt profilaktikasi ta’minlanishiga xizmat qilgan.