Fayzullaev Abdulla Zoxidjon o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yumshoq bug‘doyning turli iqlim sharoitlariga moslanuvchanligi asosida yangi navlarini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Qx278.
Ilmiy rahbar: Amanov Oybek Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibroxim Toshkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Jo‘raev Mamatqul Abduraxmonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yumshoq bug‘doyning Markaziy Osiyo va jahon kolleksiyasi namunalaridan analitik seleksiya usulida respublikaning janubiy, shimoliy va markaziy mintaqalarida qurg‘oqchilik, issiqlik, sovuqqa, sariq zang kasalligiga chidamli ertapishar hamda barqaror hosil beradigan kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Respublikaning janubiy, shimoliy va markaziy mintaqalarida qurg‘oqchilikka, qishga, sariq zang kasalligiga chidamli ertapishar hamda yillar mobaynida barqaror hosil beradigan kuzgi yumshoq bug‘doy nav va namunalari ajratib olingan;
jahon kolleksiya namunalari hamda mahalliy navlardan foydalanib, maqsadli chatishtirish o‘tkazish, yumshoq bug‘doyning zang kasalliklariga, issiqlik, qurg‘oqchilik, sho‘rga, qishga chidamli, hosildor va don sifat ko‘rsakichlari yuqori bo‘lgan duragay avlodlari yaratilgan;
donning sifat ko‘rsatkichlaridan umumiy oqsil, ho‘l kleykovina miqdori va kleykovinaning sifat ko‘rsatkichi (IDK) bo‘yicha, janubiy, markaziy hamda shimoliy mintaqlardagi andoza navlariga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan namunalari ajratib olingan;
respublikaning janubiy, shimoliy hamda markaziy iqlim sharoitlari uchun moslanuvchan, tashqi muhitning stress omillariga chidamli, yillar davomida barqaror hosil beradigan, yuqori don sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan yumshoq bug‘doyning yangi “Sarbon” va “Dovon” navlari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turli iqlim sharoitlarining abiotik va biotik omillariga chidamli bo‘lgan yumshoq bug‘doyni yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
markaziy mintaqa iqlim sharoitida o‘tkazilan tajribalarda sariq zang kasalligiga chidamli va mahsuldorligi yuqori bo‘lgan yumshoq bug‘doyning 9 ta nav va namunalari tanlab olingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 martdagi 02/021-1133-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu nav va namunalarning don hosildorligi o‘rtacha 72,8-77,4 s/ga bo‘lib, andoza “Bunyodkor” naviga nisbatan 1,1-5,7 s/ga ortiq don hosili olingan;
shimoliy mintaqa iqlim sharoitida olib borilgan tajribalarda sovuqqa chidamlilik darajasi yuqori bo‘lgan 5 ta namunalar tanlab olingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 martdagi 02/021-1133-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu namunalarning don hosili 65,4-74,1 s/ga, oqsil miqdori 14,1-15,1 foiz, kleykovina miqdori 27-29,4 foizni tashkil etgan; 
respublikamizning janubiy, markaziy va shimoliy mintaqalari uchun tashqi muhitning noqulay sharoitlariga, abiotik va biotik omillarga chidamli, yillar davomida barqaror yuqori hosildorlikka ega, don sifati yuqori bo‘lgan “Sarbon” navi yaratilib, sinash uchun Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga 2018 yilda topshirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 martdagi 02/021-1133-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi yaratilgan “Sarbon” navi 2021 yildan Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan maydonalari uchun istiqbolli navlar sifatida davlat reestiriga kiritilgan;
o‘tkazilgan ilmiy izlanishlar natijasida 2020 yilda yangi yumshoq bug‘doyning “Sarbon” navi Don va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali Qarshi tumani agrouchastkasida 5 gektar, Qoraqalpog‘iston Dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti Chimboy agrouchastkasida 5 gektar va O‘simliklar genetik resurslari ilmiy tadqiqot instituti Qibray agrouchastkasida 5 gektar, jami 15 gektar maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 martdagi 02/021-1133-son ma’lumotnomasi). Natijada janubiy mintaqa iqlim sharoitida andoza “G‘ozg‘on” naviga nisbatan 10,9 s/ga yuqori don hosili olingan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish