Eshdavlatov Akmal Eshpulatovichning
falsafa doktori (RhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Piyoz urug‘larini qatorlab ekadigan seyalka ekkichi va ko‘mgichining parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/T1357.
Ilmiy rahbar: Ibragimov Abdirasuli Abdikarimovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Tolibaev Alpisbay Erjanbaevich, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi piyoz urug‘larini ko‘p qatorlab bir xil chuqurlikka ekadigan seyalka ekkichi va ko‘mgichini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash orqali urug‘lik, mehnat va boshqa xarajatlar sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
piyoz urug‘larini ko‘p qatorlab ekadigan seyalka ekkichining konstruksiyasi urug‘larni belgilangan talablar darajasida ekilishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va texnologik ish jarayoni asoslangan; 
seyalka ekkichining parametrlari piyoz urug‘lari ekiladigan pushta o‘lchamlari va urug‘larning ekilish chuqurligini hisobga olgan holda aniqlangan;
seyalka ko‘mgichi parametrlarining o‘zgarish chegaralari urug‘larning ko‘milish chuqurligi hamda ko‘mgichning tuproq bilan o‘zaro ta’sirlashish jarayonini ifodalovchi analitik bog‘lanishlar asosida aniqlangan;
ekkich jag‘lari orasidagi ko‘ndalang masofa va jag‘larning uzunligi, konus to‘g‘inli prikatkaning diametri va ish sirtining aylanish o‘qiga nisbatan qiyalik burchagi, sirpang‘ichli ekkichlar va bir juft prikatkaga beriladigan tik bosim kuchlari va agregat harakat tezligi ularning agrotexnik va energetik ko‘rsatkichlarini ifodalovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Piyoz urug‘larini qatorlab ekadigan seyalka ekkichi va ko‘mgichining parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
bir yo‘la sug‘orish egatlarini ochadigan va piyoz urug‘larini ko‘p qatorlab ekadigan seyalkaga dastlabki talablar va uning konstruksiyasini loyihalash uchun texnik topshiriq ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 21 maydagi 02/023-2176-son ma’lumotnomasi). Natijada piyoz urug‘larini ko‘p qatorlab ekadigan resurstejamkor seyalka ekkichi va ko‘mgichining konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan ekkich va ko‘mgichlar bilan jihozlangan seyalka Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik hamda Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot institutlarining tajriba xo‘jaliklari va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 21 maydagi 02/023-2176-son ma’lumotnomasi). Natijada urug‘lik sarfining 1,1-1,4 martaga, boshqa xarajatlarning 1,1-1,3 martaga kamayishi va ish unumining 1,2 martagacha oshishi ta’minlangan;
ishlab chiqilgan ekkich va ko‘mgichlar bilan jihozlangan seyalkaning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar va texnik topshiriq) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 21 maydagi 02/023-2176-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega resurstejamkor ekkich va ko‘mgichlar bilan jihozlangan piyoz urug‘larini ko‘p qatorlab ekadigan seyalkaning sanoat nusxasini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish