Eshburiev Sobir Baxtiyorovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahsuldor sigirlarda vitamin-mineral almashinuvi buzilishlarining etiologiyasi va profilaktikasi», 16.00.01–Hayvonlar kasalliklari diagnostikasi, terapiyasi va xirurgiyasi (veterinariya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/V6.

Ilmiy maslahatchi: Norboev Qurbon Norboevich, veterinariya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx/V.12.02.

Rasmiy opponentlar: Dilmurodov Nasriddin Boboqulovich, veterinariya fanlari doktori; Il`yasov Aziz Saidmurodovich, biologiya fanlari doktori; Ziyadullaev Shuxrat  Xudoyberdievich, tibbiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: mahsuldor sigirlarda vitamin-minerallar almashinuvi buzilishi kasalliklarining tarqalishi, sabablari, simptom va sindromlari, qon, sut va katta qorin suyuqligi ko‘rsatkichlari hamda suyak to‘qimasidagi o‘zgarishlarni aniqlash, kasallikni erta tashxislash va uni profilaktika qilish usullarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor fermer xo‘jaliklari sharoitida mahsuldor sigirlarda vitamin-minerallar almashinuvi buzilishlarining sabablari aniqlangan, simptomlari va qonning biokimyoviy o‘zgarishlariga asoslangan erta tashxisi usullari ishlab chiqilgan;

mahsuldor sigirlarda vitamin-mineral moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari paytida qondagi hamda katta qorin suyuqligi ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlar aniqlangan;

vitamin-mineral moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari sut tarkibidagi vitaminlar va mineral moddalar miqdorining kamayishi, suyaklar mineral tarkibining o‘zgarishi bilan kechishi aniqlangan;

mahsuldor sigirlarda vitamin-mineral moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklarini oldini olish uchun vitamin-minerallardan iborat premikslar bilan boyitilgan granula shaklidagi omuxta em ishlab chiqilgan;

sigirlarda vitamin va mineral moddalar almashinuvi buzilishlarini oldini olish maqsadida granula shaklidagi boyitilgan omuxta emni berilishi ularda sut mahsuldorligini 18–20 foizga ko‘payishi va servis davrini 15–20 kunga qisqarishini ta’minlashi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Mahsuldor sigirlarda vitamin-minerallar almashinuvi buzilishlarining etiologiyasi va profilaktikasi bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:

sigirlarda vitamin-mineral modda almashinuvi buzilishlarini oldini olish uchun balanslashtirilgan granula shaklidagi boyitilgan omixta em ishlab chiqilgan hamda Samarqand, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarining qoramolchilik fermer xo‘jaliklariga joriy etilgan (Davlat veterinariya qo‘mitasining 2017 yil 7 sentyabrdagi 02/15-213-son ma’lumotnomasi). Bunda sigirlar sut mahsuldorligining o‘rtacha 3,1–5,7 kilogrammga ortishi va servis davrining 15–20 kunga qisqarishi, buzoqlarning tug‘ilgandagi tana vazni o‘rtacha 7 kilogramm yuqori bo‘lishiga erishilgan;

ishlab chiqilgan guruhli profilaktik majmua Samarqand va Navoiy viloyatlarining qoramolchilik fermer xo‘jaliklari sharoitidagi sigirlarda vitamin-mineral almashinuvi buzilishlarining oldini olishga joriy etilgan (Davlat veterinariya qo‘mitasining 2017 yil 7 sentyabrdagi 02/45-212-son ma’lumotnomasi). Bunda buzoqlarning alimentar anemiya bilan kasallanishini oldini olish, tana vaznining kunlik ortishini 56,2 foizga ko‘payishi imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish