Qarshiev Rustam Jo‘raevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tomchilatib sug‘orish texnologiyasida irrigatsiya kanallaridan foydalanish samaradorligini oshirish usullarini takomillashtirish”, 05.09.07-“Gidravlika va muhandislik gidrologiyasi” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/T1489.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Xamraev Shavkat Raximovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.04/30.04.2021.T.111.04 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Bazarov Dilshod Raimovich, texnika fanlari doktori, professor, Paluanov Daniyar Tanirbergenovich, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: irrigatsiya kanallarini tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bilan moslashtirishning gidravlik usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tomchilatib sug‘orish texnologiyasi orqali qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib sug‘orishda tuproq-grunt namlanishi ifodaldovchi ikki o‘lchovli fil`tratsiya tenglamasi asosida namlik dinamikasining matematik modeli takomillashtirilgan;
irrigatsiya kanallarining suv to‘suvchi inshootlari ish rejimiga bog‘liq ravishda kanalda sodir bo‘ladigan barqaror suv harakatining differensial tenglamasi takomillashtirilgan;
tomchilatib sug‘orish tizimiga suv etkazadigan irrigatsiya tarmoqlarining asosiy gidravlik parametrlarini hisoblash usullari vaqtga bog‘liq ravishda sug‘orish me’yorining turli qiymatlarida gidromodulining optimal parametrlari orqali takomillashtirilgan;
sug‘orish kanalidagi suv sathi dinamikasi, tomchilab sug‘orishda tomizg‘ichlar suv sarfi va tuproqning namlash radiusini ifodalovchi tenglamalar asosida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi va sug‘orish tarmog‘i tizmini gidrodinamik boshqarishning korrelyasiya bog‘liq modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasida irrigatsiya kanallaridan foydalanish samaradorligini oshirish usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
irrigatsiya kanallarini tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bilan moslashtirishning gidravlik usullari takomillashtirilgan. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi va sug‘orish tarmog‘i tizimini dinamik boshqarishning gidravlik modeli, tomchilatib sug‘orish tizimini avtomat ishga tushurish qurilmasi va sug‘orish tarmog‘idagi zatvor holatini boshqarishning kompyuter dasturi hamda irrigatsiya kanallarini tomchilatib sug‘orish tizimiga moslashtirish mezonlari va me’yorlari ishlab chiqilgan. Irrigatsiya kanallarini tomchilatib sug‘orish tizimiga moslashtirishning gidravlik usullari Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi faoliyatiga joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 23 avgustdagi 02/27-860 raqamli ma’lumotnomasi);
Ma’murobod va Daxana-15b kanallaridan ro‘y berayotgan solishtirma fil`tratsiya sarfini gidravlik hisoblashning takomillashtirilgan usullari Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi faoliyatiga joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 23 avgustdagi 02/27-860 raqamli ma’lumotnomasi);
tomchilatib sug‘orish texnologiyasi orqali g‘o‘zani sug‘orish jarayonini gidravlik modelini takomillashtirilgan usullari Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi faoliyatiga joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 23 avgustdagi 02/27-860 raqamli ma’lumotnomasi);
tomchilatib sug‘orish tizimiga suv etkazadigan sug‘orish tarmog‘ining asosiy gidravlik parametrlarini hisoblash takomillashtirilgan usullari Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan suv resurslarini boshqarish jarayoniga joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 23 avgustdagi 02/27-860 raqamli ma’lumotnomasi);
Dissertatsiya doirasida erishilgan, irrigatsiya kanallarini tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bilan moslashtirishning takomillashtirilgan gidravlik usullarini amaliyotga joriy qilinishi natijasida Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi kanallarida manbadan olinadigan suvga nisbatan 5-7% dan oshiq suv resurslari iqtisod qilingan.