Boltaev Kamol Jumaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qari va keksa yoshdagilar salomatligini baholashda polidefisitli holatni aniqlashning diagnostik va prognostik ahamiyati» 14.00.29 – Gematologiya va transfuziologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Tib.465.
Ilmiy maslahatchi: Qayumov Abduraxmon Abdumavlyanovich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi DSc.04/30.12.2019.Tib.30.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Babajanova Shoira Agzamovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Baxovaddinov Burxoniddin Baxoviddinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); To‘laboeva Gavxar Mirakbarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Kuban Davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqodning maqsadi: qari va keksa yoshdagi aholi salomatligini baholashda polidefisitli holatlarning tashxisiy hamda bashoratlovchi ahamiyatini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qari va keksa yoshdagilarda kechadigan kamqonliklar ko‘p omilli xarakterga ega bo‘lib bir paytda hayotiy zarur mikroelementlar - temir, mis, rux hamda oqsil tanqisligi bilan kechish xususiyatiga ega ekanligi asoslangan;
qari va keksa yoshdagilarda polidefisitli holat rivojlanishida doimiy yashash joyi, tibbiy-ijtimoiy xavf omillari, jinsi, yoshi hamda temir, mis, rux mikroelementlari ko‘rsatkichlari orasida kuchli musbat korrelyasion bog‘likliklar mavjudligi aniqlangan;
qari va keksa yoshdagilarda uchraydigan surunkali kasalliklardagi kamqonliklarda polidefisitli holatni erta aniqlashda mis va rux mikroelementlari muhim tashxisiy markyor ekanligi, hamda ushbu yoshdagilarda me’yorning chegara ko‘rsatgichlarini belgilashda korrelyasion bog‘likliklar asoslangan;
surunkali infeksion bo‘lmagan kasalliklar mavjud qari va keksa yoshdagilarda kamqonliklar tashxisotida transferrin, ferritin, seruloplazmin S-reaktiv oqsillar orasidagi o‘zaro bog‘liqliklar aniqlangan;
qari va keksa yoshdagi kishilar organizmidagi polidefisit holatlar surunkali somatik kasalliklarga olib keluvchi xavf omili ekanligi hamda temir, mis, rux mikroelementlari tanqisligi ko‘rsatkichlari bashoratlovchi mezon sifatida asoslangan;
kamqonlik mavjud bo‘lgan qari va keksa yoshdagilarda mikroelementlar, oqsil tanqisligi bilan kechuvchi polidefisitli holatlarni erta aniqlash orqali ularda jigar, yurak-qon tomir, hazm tizimi surunkali kasalliklari rivojlanishi ehtimolligini bashoratlash va hayot tarzi sifatini yaxshilash imkonini beruvchi profilaktik yondashuv chora-tadbirlari tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qari va keksa yoshdagilarda polidefisitli holatlarni erta aniqlash, aholi orasida ushbu kasallik rivojlanishiga olib keluvchi xavf omillarini baholash, xavf guruhlarini aniqlash, oldini olish va bashoratlash yo‘lini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
keksa yoshdagi bemorlarda mikroelementlar ko‘rsatkichlari va polidefisit holatni baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan «Keksa yoshdagi bemorlarda mikroelementar holatni nazorat qilish asosida polidefisitli holatni bashoratlash usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligini 2021 yil 11 iyundagi 8n-z/184-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma keksa yoshdagi bemorlarda polidefisitli holatlarni bashoratlash tadbirlarini takomillashtirish imkonini bergan;
qari va keksa yoshdagi kamqonligi bo‘lgan bemorlarda polidefisitli holatni erta tashxislash bo‘yicha olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan «Kamqonligi bo‘lgan qari va keksa yoshdagi bemorlarda polidefisitli holatni erta aniqlashning nutrisiologik jihatlari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligini 2021 yil 11 iyundagi 8n-z/184-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma qari va keksa yoshdagilar orasida polidefisitli holatlarni erta aniqlashning nutrisiologik jihatlarini aniqlash imkonini bergan;
qari va keksa yoshdagilar orasida polidefisitli holatlarni erta aniqlash va o‘z vaqtida oldini olishning yangi usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan, Buxoro viloyati Buxoro, Romitan, G‘ijduvon, Shofirkon tuman tibbiyot birlashmalari, Jondor tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasi hamda Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi poliklinikasi amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligini 2021 yil 23 avgustdagi 08-09/10760 - son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilishi qari va keksa yoshdagi aholi orasida polidefisitli holatlar oldini olish, erta bosqichlarda aniqlash, asoratlarni oldini olish, davo samaradorligini oshirish hamda shifoxona sharoitida davolanish xarajatlarini 2 barobar qisqartirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan.