Avozmetov Jasurbek Egamberganovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Gen-modifikatsiyalangan mahsulotning tajribada gepatobiliar tizimga ta’sirining morfologik xususiyatlari», 14.00.02 – Morfologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Tib1393.
Ilmiy rahbar: Xasanova Dilnoza Axrorovna, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc/PhD.04/30.12.2019.Tib.93.01.
Rasmiy opponentlar: Raxmatova Mukaddas Xoltaevna, tibbiyot fanlari doktori; Azizova Feruza Xusanovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tajribaviy tadqiqotlar natijasida gen-modifikatsiyalangan soyaning gepato-biliar tizim va oshqozon osti beziga ta’siri morfologik xususiyatlarini aniqlash va baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tajribada gen-modifikatsiyalangan soya ta’sirida jigar o‘lchamlari kattalashishi, strukturasi, rangi va konsistensiyasi o‘zgargani qiyosiy tadqiqotlar natijasida isbotlangan, shuningdek, 100 g tana vazniga mos jigarning nisbiy massasi, ularga mos ravishda qondagi jigar fermentlari miqdori ham ishonarli oshgani aniqlangan;
gen-modifikatsiyalangan soya ta’sirida tajriba hayvonlari jigarida diffuz distrofik o‘zgarishlar, jumladan yog‘ distrofiyasi, perisellyulyar shish, gepatotsitlar shishishi va vakuolizatsiyasi, qon bilan to‘lgan qon tomirlar, toksik gepatit belgilari rivojlanishi ushbu mahsulotning jigar holati va strukturasiga salbiy ta’siri asoslangan;
gen-modifikatsiyalangan soya iste’mol qilgan laboratoriya hayvonlarida oshqozon osti bezining kattalashishi, a’zoning yaqqol gipertrofiyasi, giperplaziyasi, sekretor funksiyasining kuchayishi, turg‘un to‘laqonlik va qon quyilish zonalari bo‘lishi kabi patologik holatga oid morfologik xususiyatlar aniqlangan;
gen-modifikatsiyalangan soyaning tajribada gepato-biliar tizim va oshqozon osti beziga salbiy ta’siri morfologik xususiyatlari, ushbu mahsulotning organizmga ta’siri darajasini baholovchi istiqbolni belgilovchi mezonlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Gen-modifikatsiyalangan mahsulotning tajribada gepatobiliar tizimga ta’sirining morfologik xususiyatlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
tajribada laboratoriya hayvonlari jigari va oshqozon osti beziga gen-modifikatsiyalangan mahsulot ta’siri morfologik ko‘rsatkichlari o‘zgarish darajasiga baho berish imkonini bergan «Tajribada laboratoriya hayvonlari jigari va oshqozon osti bezi morfologik ko‘rsatkichlariga gen-modifikatsiyalangan mahsulot ta’sirini baholash usuli» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 7 avgustdagi 8n-z/280-son ma’lumotnomasi);
gen-modifikatsiyalangan mahsulotning tajribada jigar va oshqozon osti beziga ta’sirining morfologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar amaliy sog‘liqni saqlashga, xususan, aholi sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi Xorazm va Buxoro viloyatlari boshqarmalarii, aholi sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi Xiva tumani bo‘limi faoliyatiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 7 avgustdagi 8n-z/280-son ma’lumotnomasi).