Tovashov Rustam Xo‘jaxmat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Nishabli dalalarga ishlov beradigan va don ekadigan mashina ish organlari parametrlarini asoslash”, 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Xudayarov Berdirasul Mirzaevich (Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti); texnika fanlari nomzodi, dotsent Abduraxmonov O‘rol Nurmatovich (Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti).
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi nishabli dalalarga ishlov berish va suv eroziyasiga qarshi o‘rkachlar hosil qilish bilan birga uch xil chuqurlikda don ekadigan mashinani ishlab chiqish va uning ish organlari parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
nishabli dalalarga don ekishda tuproqqa ishlov berish bilan birga shudgor tubi va dala yuzasida suv eroziyasiga qarshi o‘rkachlar hosil qilgan holda donni uch xil chuqurlikda ekish texnologiyasi yaratilgan;
nishabli dalalarga ishlov berish bilan birga shudgor tubi va dala yuzasida suv eroziyasiga qarshi o‘rkachlar hosil qilib, donni uch xil chuqurlikda ekish uchun ikki qator joylashgan pichoqli yumshatkich panjalar, ularga uch xil balandlikda o‘rnatilgan soshniklar va o‘rkach hosil qilgichlardan tashkil topgan mashinaning konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
yumshatkich panja pichog‘ining qamrash kengligi va o‘rnatilish balandligi begona o‘tlarni to‘liq kesilishi va egat tubidagi o‘rkachlarni buzilmasligi shartidan kelib chiqqan holda aniqlangan;
yarim tekis disk ko‘rinishidagi o‘rkach hosil qilgichning radiusi, qamrash kengligi va harakat yo‘nalishiga nisbatan o‘rnatilish burchagi tuproq bo‘laklarini belgilangan masofaga uloqtirish va talab darajasidagi o‘rkach hosil qilish asosida asoslangan;
mashina yumshatkich panjalar orasidagi va ikkinchi qator yumshatkich panjalar bilan o‘rkach hosil qilgichlar orasidagi ko‘ndalang va bo‘ylama masofalar ularning tuproqni deformatsiyalash zonalari va uni sifatli yumshatilishini hisobga olgan holda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Nishabli dalalarga ishlov beradigan va don ekadigan mashinaning ish organlari parametrlarini asoslash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda olingan ilmiy natijalar asosida:
nishabli dalalarga ishlov beradigan va don ekadigan mashinaga dastlabki talablar va texnik topshiriq tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 05 iyundagi 02/023-2398-son ma’lumotnomasi). Natijada nishabli dalalarga ishlov berish bilan birga suv eroziyasiga qarshi o‘rkachlar hosil qilib don ekadigan mashina konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
nishabli dalalarga ishlov beradigan va don ekadigan mashina Qashqadaryo viloyati Qarshi va Qamashi tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 05 iyundagi 02/023-2398-son ma’lumotnomasi). Natijada nishabli dalalarga ishlov berish va don ekishda yonilg‘i-moylash materiallari sarfi 35,11 foizga va foydalanish xarajatlari 32,82 foizga kamayishiga erishilgan;
nishabli dalalarga ishlov beradigan va don ekadigan mashinani ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnik topshiriq) «BMKB-Agromash» AJ ga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 05 iyundagi 02/023-2398-son ma’lumotnomasi). Natijada nishabli dalalarga ishlov beradigan va don ekadigan mashinaning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish