Sayt test rejimida ishlamoqda

Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida arxitektura fanlari sohasida 2 nafar talabgor fan doktori (DSc), 11 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlandi.

Milliy matbuot markazida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, ilmiy tadqiqotlarning  ilmiy natijalariga ko‘ra, me’morchilikda tasviriy va badiiy vositalarni qo‘llash paleolit davrida g‘or va qoyatosh yuzalarida qoyatosh suratlari, antik va ilk o‘rta asr devoriy rangtasviri, o‘rta asrlar qo‘lyozma miniatyurasi, me’moriy-epigrafik ornamentlar, turli zamonaviy badiiy vositalar kabi syujetli kompozisiyalar tuzish orqali yuzaga kelgan.

Ilmiy tadqiqotlarda olingan ilmiy natijalar amaliyotga joriy qilinib, Samarqanddagi Ishratxona yodgorligi tarixini yangicha interpretatsiyasi, Amir Temur maqbarasi haqidagi yangi ma’lumotlar, Shahrisabzdagi Oq saroyning rekonstruksiya chizmalari bilan bog‘liq natijalar “Amir Temur ensiklopediyasi”ni tuzish va nashrga tayyorlashda qo‘llanilgan.

Eski shahar mahallalarini saqlash, qayta tiklash, ulardan zamonaviy maqsadlarda foydalanish va ta’mirlash ishlarini olib borish samaradorligini oshirish uchun tarixiy turar joy uylarini saqlash, qayta tiklash va modernizatsiyalashning nazariy asoslari, shuningdek, madaniy me’ros ob’ektlarini ta’mirlash va konservatsiyalash jarayonida gumbaz, ravoq va bag‘al bog‘lash hamda koshin bezaklar tayyorlashda, obida tomlarini ta’mirlashda “tom usti xataba” usuli  Madaniy meros ob’ektlarini saqlash va ulardan foydalanish departamenti faoliyatiga joriy qilingan.

- Tarixiy markazlarni tiklash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha olingan natijalar Toshkent eski shahar qismining Zarqaynar va Haqiqat ko‘chalaridagi «Ho‘ja Ahror Valiy majmuasini qayta tiklash» loyihasida amalga oshirilgan va bu tarixiy hududlarda shaharsozlik muhitini yaratib, turistik potensialini ochib berishga xizmat qilgan, –dedi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliev. –

Xonaqohlarning tarixiy rivojlanish bosqichlari va funksiyaviy yo‘nalishlari, shuningdek, keng zalli (miyon saroyli), peshayvonli xonaqohlardan masjidlar sifatida foydalanish, zali uncha katta bo‘lmagan va zal atrofi tashqi ayvonga ega bo‘lmagan xonaqohlarni ziyoratgohlarga aylantirish bo‘yicha olingan natijalar Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari madaniy meros boshqarmalarida «Hadis markazlari», xalq amaliy san’ati ustaxonasi va asori-atiqalar muzeyini tashkil etishda foydalanilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor tufayli yil sayin kengayib borayotgan imkoniyatlardan arxitektura sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar ham samarali foydalanmoqda va shuning barobarida o‘z ilmiy yutuq va natijalari bilan yurtimizda arxitektura-qurilish tizimining rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 

Manba: https://uza.uz/

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish