Shayzakov Shodiyar Ibragimovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining tashkiliy-huquqiy asoslari: qiyosiy-huquqiy tahlil”, 12.00.07 – Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Yu343.
Ilmiy rahbar: Xojiev Erkin Tuyg‘unovich, yuridik fanlar nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bosh prokuratura Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bosh prokuratura Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.I.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Tuxtasheva Umida Abdilovna, yuridik fanlar doktori, professor; Nematov Jo‘rabek Nematulloevich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini qiyosiy-huquqiy tahlil qilish orqali mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
prokurorning ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishda ishtirok etishi prokuratura organlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qonunda aniq ko‘rsatilishi lozimligi asoslantirilgan;
ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vazifalari, maqsadi, vakolatlari, prokuror faoliyatini baholash mezonlari, ma’muriy va ommaviy huquqiy munosabatlarda prokuror ishtiroki asoslari takomillashtirilgan;
tumanlararo ma’muriy sudlariga va yuqori turuvchi ma’muriy sudlarga prokurorlar yoki ularning o‘rinbosarlari tomonidan ariza taqdim etish tartibi asoslab berilgan;
birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori va apellyatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokurori yoki ularning o‘rinbosarlari tomonidan kassatsiya protesti keltirish bilan bog‘liq takliflar asoslantirilgan;
vakolatli prokurorlar kassatsiya protesti keltirish to‘g‘risidagi masalasini hal qilish uchun tegishli suddan ishni talab qilib olishga faqatgina murojaatlar mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yilishi haqidagi takliflar asoslab berilgan;
kassatsiya instansiyasi jarayonida prokurorning huquqlarini takomillashtirish orqali takroran protest keltirish huquqini mustahkamlash haqidagi takliflari asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining tashkiliy-huquqiy asoslari bo‘yicha tadqiqotdan olingan ilmiy natijalar asosida:
prokuror ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishda ishtirok etishi hamda qonunlarga zid bo‘lgan sud hujjatlariga protest keltirish haqidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasini to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 28 apreldagi 27/2-122-21-sonli dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi prokuratura organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoya qilishga xizmat qiladi;
ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vazifalari, maqsadi, vakolatlari, prokuror faoliyatini baholash mezonlari, ma’muriy va ommaviy huquqiy munosabatlarda prokuror ishtiroki asoslari Bosh prokurorning “Ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i loyihasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 31 martdagi 1-son ma’lumotnomasi). Ushbu buyruq prokuratura organlarining shu sohadagi faoliyatini tartibga solishga xizmat qiladi;
ariza tumanlararo ma’muriy sudlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yoki ularning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlariga esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari yoki ularning o‘rinbosarlari tomonidan taqdim etish tartibi yuzasidan ishlab chiqilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi MSIYutKning 46-moddasini to‘ldirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 06 maydagi 06/1-05/237514-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif prokurorlarning mazkur sohadagi faoliyatini takomillashtirishga va ishlarning qonuniy, asosli va adolatli hal qilishga xizmat qilgan;
birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori va apellyatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokurori yoki ularning o‘rinbosarlari tomonidan kassatsiya protest keltirish bilan bog‘liq takliflardan O‘zbekiston Respublikasi MSIYutKning 224-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 03 maydagi 14-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning inobatga olinishi noqonuniy sud qarorlariga yuqori sud instansiyasida qonuniy baho berilishiga xizmat qilgan;
vakolatli prokurorlar kassatsiya protesti keltirish to‘g‘risidagi masalasini hal qilish uchun tegishli suddan ishni talab qilib olishga faqatgina murojaatlar mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yilishi haqidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi MSIYutKning 2301-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 03 maydagi 14-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi prokuror har qanday ishni suddan talab qilib olish huquqini cheklashi va tortishuvchanlik tamoyili asosida dastlabki sud bosqichida ishni qonuniy hal qilishga xizmat qiladi;
vakolatli shaxslar ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish to‘g‘risida protest keltirish haqidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilishga haqli ekanligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi MSIYutKning 2481-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 03 maydagi 14-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi yuqori sud birinchi instansiyasida qonun ustuvorligi ta’minlanishiga, noqonuniy sud qarorlarini bekor qilishga yoki qonunga muvofiqlashtirishga shuningdek, sud bosqichida fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashning yanada kuchaytirilishiga xizmat qilgan.