Sobirov Bobur Baxtishodovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlarDissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turistik hudud raqobatbardoshligini oshirishning metodik asoslarini takomillashtirish” 08.00.17 – Turizm va mehmonxona faoliyati.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Iqt689
Ilmiy rahbar: Alimova Mashhura Toirxonovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, DSs.03/30.12.2019.I.18.01
Rasmiy opponentlar: Navruz-zoda Baxtiyor Negmatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Safarov Baxodirxon Shaxriyorovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida turistik hudud raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«turistik destinatsiya» tushunchasining mohiyati uning turistik hududdan farqli raqobatbardosh iste’mol qiymati va jozibador turistik resurs salohiyatiga egaligi xususiyatlarini hisobga olgan holda takomillashtirilgan; 
turizm sohasida raqobatbardoshlikning mega-, makro-, mezo-, mikro-darajadagi tizimli-tuzilmaviy mohiyati va uni ta’minlashda sinergetik samarani asoslash orqali turistik hudud raqobatbardoshligi modeli takomillashtirilgan;
turistik hududga tegishli ishbilarmonlik muhiti, xalqaro ochiqlik, turistik infratuzilma, tabiiy va madaniy resurslar salohiyati, narx bo‘yicha raqobatbardoshlik indekslarini mini-maks bo‘yicha standartlash orqali integratsiyalash asosida turistik hudud raqobatbardoshligi integral ko‘rsatkichini baholash metodikasi takomillashtirilgan;
turistik hududlar va mamlakat raqobatbardoshligi ko‘rsatkichlarining hududiy turistik mobillik darajasiga ta’sirini inobatga olgan holda turistik oqimning o‘rta muddatli istiqbol uchun prognoz parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turistik hudud raqobatbardoshligini oshirishning metodik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
«turistik destinatsiya», «turistik hudud», «turistik zona», «turistik mintaqa» tushunchalarining takomillashtirilgan ta’riflarini mujassam etgan ilmiy takliflar 2020 yil 8 yanvardagi 06-01/426-sonli “2020-2022 yillarda Samarqand tumanining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni kompleks rivojlantirish Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021 yil 16 fevraldagi 02-16-1612-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish alohida hududlar bo‘yicha turizm statistikasini o‘zaro bog‘liqlikda yuritish imkoniyatini yaratgan;
turistik hudud raqobatbardoshligining takomillashtirilgan modeli bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy-uslubiy va ilmiy-amaliy takliflar Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2021 yil 16 fevraldagi 02-16-1612-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish turizm sohasini rivojlantirish dasturini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari, ilm-fan va ta’lim, xususiy biznes hamkorligi mexanizmini shakllantirish imkoniyatini yaratgan;
turistik hudud raqobatbardoshligi integral ko‘rsatkichi va uni baholash metodikasi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy-uslubiy va ilmiy-amaliy takliflar Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2020 yil 28 sentyabrdagi 02-16/4504-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish natijasida hududlarning turistik raqobatbardoshlik reytingidan kelib chiqib, maqsadli va manzilli dasturlarni ishlab chiqish imkoniyati kengaygan;
turistik hududlar va mamlakatlar raqobatbardoshligi ko‘rsatkichlarining hududiy turistik mobillik darajasiga ta’sirini hisobga oluvchi kiruvchi turistik oqimning o‘rta muddatli istiqbol uchun prognoz parametrlari Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi amaliyotida tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining 2020 yil 28 sentyabrdagi 02-16/4504-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish natijasida mazkur raqobatbardoshlik indeksida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini aks ettirish mexanizmi takomillashtirilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish