Islamov Shavkat Erjigitovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tibbiy yordamni talab darajasida ko‘rsatmaslikning sud-tibbiy jihatlari», 14.00.24–Sud tibbiyoti (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tib14.
Ilmiy maslahatchi: Giyasov Zaynitdin Asamutdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Iskandarov Alisher Iskandarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Xvan Oleg Innokentievich, tibbiyot fanlari doktori; Rustamova Xamida Elimesovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotningmaqsadi: tibbiy xizmat nuqsonlarini ob’ektiv mezonlar bo‘yicha baholash, tibbiy xodimlarning kasbiy huquqbuzarliklari bo‘yicha bajarilgan komission sud-tibbiy ekspertizalarni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli soha mutaxassislari faoliyatidagi tibbiy xizmat nuqsonlarning mohiyati, vujudga kelish sabablari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning oqibat natijaga ta’siri inobatga olingan yangi tasnifi ishlab chiqilgan;
komission sud-tibbiy ekspertizalarda shifokorning xatti-harakatlarini baholashning uch bosqichli mexanizmi, tekshirilayotgan holatda patologik jarayon mohiyati, shifokor tomonidan real sodir etilgan xatti-harakatlar pozisiyalar bo‘yicha taqqoslangan, shifokorning noto‘g‘ri harakati va kelib chiqqan oqibat o‘rtasida sabab-oqibat bog‘liqligining mavjudligi aniqlangan;
tibbiy xodimlarining kasbiy xuquqbuzarliklari bo‘yicha bajarilgan komission sud-tibbiy ekspertizalarda, tibbiy xizmat nuqsonlari tufayli salomatlikka etkazilgan zararning og‘irlik darajasini baholashda, mehnat qobiliyatining yo‘qolishi, sog‘liqni uzoq muddatga buzilishi kabi sud-tibbiy mezonlari ishlab chiqilgan;
tibbiy xizmat nuqsonlarining va yuzaga kelgan salbiy holatlar orasidagi sabab va oqibat bog‘liqlikning aniqlash muammosi echimiga qaratilgan nuqsonlar soni va kelib chiqish sabablarini inobatga olgan holda sud-tibbiy mezonlari isbotlangan;
fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida nuqsonlarga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olish orqali aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Tibbiy xizmatning talab darajasida ko‘rsatmaslik holatlarini oldini olishga qaratilgan ilmiy natijalar asosida:
tibbiy yordamni talab darajasida ko‘rsatmaslik holatlari bo‘yicha sud-tibbiy tekshiruvlarni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Tibbiyot xodimlarning o‘z kasbiy majburiyatlarini talab darajasida bajarmaslik holatlarini sud-tibbiy ekspertizasi» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 20 noyabrdagi 83/14-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma tibbiy xodimlarning kasbiy huquqbuzarliklari bo‘yicha o‘tkazilayotgan komission sud-tibbiy ekspertizalarning sifatini oshirish va takomillashtirishga xizmat qilgan;
xastalarga oilaviy shifoxona va klinikalarda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning nuqsonlarini oldini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Tibbiy xizmat ko‘rsatishdagi nuqsonlar» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 20 noyabrdagi 83/14-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma tibbiy xizmat nuqsonlari mohiyatining kelib chiqish sabablari, yo‘l qo‘yish joyi va oqibatga ta’sirini farqlashni takomillashtirish imkonini bergan;
aholi va xastalarga shifokorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni yaxshilash va samardorligini oshirish bo‘yicha kiritilgan taklif va tavsiyalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika Bosh sud-tibbiy ekspertiza byurosi tizimidagi qayta-komission ekspertizalar bo‘limlari amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 20 noyabrdagi 83/14-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi tibbiyot xodimlarining kasbiy huquqbuzar-liklari bo‘yicha kommision sud-tibbiy ekspertizalarning sifatini oshirish, ularni takomillashtirish, tibbiy xizmat nuqsonlari mohiyati, kelib chiqish sabablari, yo‘l qo‘yish joyi, oqibatlarni aniqlash mexanizmlari hamda ekspertizalarning bajarish muddatini 10–11% qisqartirish imkonini bergan.