Xalmetova Feruza Iskandarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Reaktiv artritda tog‘ayning oligomer matriks oqsili miqdoriga ko‘ra bo‘g‘im sindromining o‘ziga xosligi», 14.00.05 – Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1355.
Ilmiy rahbar: Axmedov Xalmurad Sadullaevich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc 04/30.12.2019.Tib 30.02.
Rasmiy opponentlar: Karimov Ma’rif Shakirovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Abdullaev Akbar Xatamovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Reaktiv artritda bo‘g‘imdagi strukturaviy o‘zgarishlarni erta aniqlashda tog‘ayning oligomer matriks oqsilining (COMP) o‘rnini va erta davoning klinik samaradorligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
reaktiv artritda bo‘g‘imlardagi yaqqol struktur o‘zgarishlarning shakllanishida tog‘ayning erta destruksiyalanish mexanizmi va uning bo‘g‘im sindromini avjlanishidagi o‘rni asoslangan;
reaktiv artritda bo‘g‘im tog‘ayida destruksiya shakllanishining erta davri va unda kichik (10% dan kam) bo‘lgan defekt yuzaga kelganda, tog‘ayning oligomer matriks oqsilining siljishi va bemorlar qon zardobida uning miqdorini xaqqoniy oshishi isbotlangan;
reaktiv artritda tog‘ayning oligomer matriks oqsilining miqdori keng chegaralarda o‘zgarishida kasallikning urogenital shakli (Chlamydia trachomatis) va cho‘ziluvchi kechishining o‘ziga xosligi aniqlangan;
reaktiv artritda bo‘g‘im tog‘ayida erta destruksiyalanish shakllanganda bazis davo negizida uni tiklashga qaratilgan davoning ahamiyati va bo‘g‘imdagi funksional imkoniyatlarga (∆HAQ≥0,80) ijobiy ta’siri isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Reaktiv artritda bo‘g‘imdagi struktur o‘zgarishlarni erta aniqlashda tog‘ayning oligomer matriks oqsilining va davolashning samaradorligini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
reaktiv artritda tog‘ayning erta destruksiyasini aniqlash usuli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Reaktiv artritda tog‘ayning erta destruksiyasini aniqlash usuli» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 18 iyundagi 8 n-d/199 – son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi va ikkilamchi bo‘g‘inida faoliyat yuritib kelayotgan oilaviy shifokor va revmatologlarga mo‘ljallangan bo‘lib, undagi tavsiyalar reaktiv artritda bo‘g‘im tog‘ayida rivojlangan destruksiyani erta tashxislash samaradorligini oshirish imkonini bergan;
reaktiv artritda shakllangan tog‘ayning erta destruksiyasini davolash usuli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Reaktiv artritda shakllangan tog‘ayning erta destruksiyasini davolash usuli» mavzusidagi uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 18 iyundagi 8 n-d/199 – son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomada berilgan tavsiyalar bo‘g‘im tog‘ayida shakllangan destruksiyasini erta davolash negizida bo‘g‘im strukturasida yaqqol o‘zgarishlarni oldini olish imkonini bergan;
reaktiv artritga chalingan bemorlarda tog‘ayning erta destruksiyasini tashxislash va uni davolash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, xususan Toshkent shahar 3-son klinik shifoxonasi, Toshkent shahrining Chilonzor tumani 38-oilaviy poliklinikasi hamda Samarqand viloyati Pastdarg‘om va Payariq tibbiyot birlashmalari klinik amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 3 avgustdagi 08-09/9497 – son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining klinik amaliyotga joriy qilinishi yil davomida 67,3% ga bo‘g‘imdagi muammolar yuzasidan reaktiv artritga chalingan bemorlarning shifokorga murojaati kamayishi hamda shifoxonada davolanish ehtiyoji va mehnatga yaroqsizlik kunlarni qisqarishi, moddiy sarf-harajatlarning tejash imkonini bergan.