Temirov Furqat Tursoatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini tashkil etishni takomillashtirish yo‘llari», 08.00.08 – «Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit» (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Iqt735.
Ilmiy rahbar: Ergasheva Shaxlo Turgunovna, iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Xotamov Komil Rabbimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Mamatqulov Murod Shukurjonovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida tabiiy iqlim sharoiti hamda ko‘zda tutilmagan xarajatlarini hisobga olishda 2200 – “Tasodifiy yo‘qotishlar”ni hisobga olish ishchi schyotini ochish hamda 2210 va 2220 schyotlarini amaliy qo‘llash bo‘yicha buxgalteriya o‘tkazmalari tizimi taklif etilgan;
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida “debitor va kreditorlar bilan hisoblashishlar” hamda “moddiy ishlab chiqarish zaxiralarini hisobga olish” registrlari ishlab chiqilgan;
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida etishtirilgan mahsulotlarni sotishdan olinadigan marjinal daromadni aniqlashda o‘zgaruvchan xarajatlar tarkibidagi shartli o‘zgaruvchan xarajatlarni alohida hisobga olishning maqsadga muvofiqligi asoslangan;
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini yuritishda hisob siyosatining tarkibiy tuzilishi namunaviy shakli taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini tashkil qilish va takomillashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida mahsulot etishtirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar hisobini to‘g‘ri tashkil etish va etishtirilgan mahsulot tannarxini aniqlash maqsadida 2200 – “Ko‘zda tutilmagan xarajatlarni hisobga olish” ishchi schyotini kiritish taklifi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan 2021 yil 12 maydagi 21/27/2-son bayonnomasi bilan amaliyotga joriy etilgan (Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2021 yil 12 maydagi 01/03-1359-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida ko‘zda tutilmagan xarajatlarni 2200 – “Ko‘zda tutilmagan xarajatlarni hisobga olish” schyotida alohida hisobini tashkil qilish natijasida etishtirilgan mahsulot tannarxini oshib ketishi oldi olingan hamda xarajatlarni samarali boshqarishga erishilgan.
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida debitor va kreditorlar bilan hisoblashishlar hamda moddiy ishlab chiqarish zaxiralarining dastlabki hisobini yuritish bo‘yicha ishlab chiqilgan hisob registrlari Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan 2021 yil 12 maydagi 21/27/2-son bayonnomasi bilan amaliyotda foydalanish uchun joriy qilingan hamda 5230900 -«Buxgalteriya hisobi va audit» ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasidagi «Boshqa tarmoqlarda buxgalteriya hisobining xususiyatlari» fani bo‘yicha o‘quv qo‘llanmaga kiritilgan (Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2021 yil 12 maydagi 01/03-1359-son ma’lumotnomasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 01 martdagi 110-son buyrug‘i, 110-t-007 raqamli guvohnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi ob’ektlari hisobini yuritish aniqliligi ta’minlangan hamda mablag‘lardan samarali foydalanishga erishilgan. Shuningdek, aktivlar harakatini tegishli hujjatlarda aks ettirilishini o‘z vaqtida bajarish, hisob kitoblarni aniqliligini oshirish imkoniyati yaratilgan;
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida etishtirilgan mahsulotlarni sotishdan olinadigan marjinal daromadni aniqlashda o‘zgaruvchan xarajatlar tarkibidan shartli o‘zgaruvchan xarajatlarni alohida hisobga olish taklifi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan 2021 yil 12 maydagi 21/27/2-son bayonnomasi bilan amaliyotga joriy qilingan hamda 5230900 -«Buxgalteriya hisobi va audit» ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasidagi «Boshqa tarmoqlarda buxgalteriya hisobining xususiyatlari» fani bo‘yicha o‘quv qo‘llanmaga kiritilgan (Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2021 yil 12 maydagi 01/03-1359-son ma’lumotnomasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 01 martdagi 110-son buyrug‘i, 110-t-007 raqamli guvohnomasi). Mazkur metodika amaliyotga joriy etilishi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida mahsulot sotishdan olinadigan foydani hisoblash aniqligi ta’minlangan hamda ulardan samarali foydalanishga erishilgan. Shuningdek, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining moliyaviy natijalarini rejalashtirish, fermer xo‘jaligi foydasini hisoblash, loyihalarni boshqarish, qaror qabul qilishga ta’sir etuvchi omillarni aniqlashga uslubiy asos bo‘lib hizmat qilgan;
ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini yuritishda hisob siyosatining tarkibiy tuzilishi takomillashtirilgan namunaviy shakli Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan 2021 yil 12 maydagi 21/27/2-son bayonnomasi bilan amaliyotga joriy etilgan (Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2021 yil 12 maydagi 01/03-1359-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini yuritishning uslubiy ta’minoti yaratilgan hamda foydalanuvchilarni o‘z vaqtida to‘liq va ishonli moliyaviy (buxgalteriya) axborotlar bilan ta’minlashga erishilgan. Buxgalteriya hisobi usullari ko‘p varianlili sharoitida xalqaro standartlar asosida hisob siyosatiga muvofiq natijaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha hisobot tuzishning uslubiy asoslari yaratilgan.