Yakubov Kuvonchbek Tajibaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Ko‘ndalang dambalar orqasidagi girdob zonasida oqiziqlar cho‘kishini bashorat qilish», 05.09.06 – Gidrotexnika va melioratsiya qurilishi (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/T2335.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.T.10.02 raqamli Ilmiy kengash.
Ilmiy rahbar: Bakiev Masharif Ruzmetovich, texnika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Bozorov Dilshod Raimovich; texnika fanlari doktori, dotsent Murodov Rustam Anvarovich.
Yetakchi tashkilot: Toshkent arxitektura qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi oqimning muallaq oqiziqlar bilan to‘yinganlik darajasini, oqimni ko‘ndalang damba bilan siqilish darajasini va teskari oqim tezligini inobatga olgan holda ko‘ndalang dambalar ortidagi girdob zonasida loyqa o‘tirishini bashorat qilish usulini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yuqori va pastki girdob zonalari uzunliklarini hamda gidravlik bir jinsli zonalar o‘lchamlarini hisobga olgan holda daryoda qurilgan ko‘ndalang damba bilan siqilgan oqimlarni tadqiqot qilish uslubi takomillashtirilgan;
ilk bor, turbulent aralashuv zonasida tezlik va loyqalikni yoyilishining universalligi hamda Shlixting-Abramovich nazariy ifodalariga mosligi daryoda qurilgan ko‘ndalang dambalarda o‘tkazilgan eksperimentlar natijalari bo‘yicha asoslangan;
siqilish stvoridagi va kam ta’sirlangan o‘zakdagi tezliklarni, oqim chuqurliklarini hamda gidravlik bir jinsli zonalar o‘lchamlarini hisobga olgan holda ko‘ndalang damba ortidagi girdob zonasi teskari oqim qismidagi tezlik va loyqalikni aniqlash nazariy ifodalari ishlab chiqilgan;
teskari oqim tezligini, pastki girdob zonasi uzunligini, gidravlik kattalikni, loyqa cho‘kish zonasi yuzasini, siqilish stvoridan o‘tayotgan muallaq oqiziqlar hajmini hisobga olgan holda muallaq oqiziqlarni ko‘ndalang damba ortidagi girdob zonada cho‘kishini bashorat qilish usuli takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Ko‘ndalang dambalar ortidagi girdob zonaga loyqa cho‘kishini bashorat qilish usuli ishlab chiqilganligi asosida:
dala tadqiqotlarini o‘tkazish uslubi hamda oqimning plandagi o‘lchamlarini inobatga olgan holda tezlik va loyqalikni hisoblash usuli Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi «Qirg‘oqlarni himoyalash dambalari va o‘zanlarni tartibga solish inshootlari boshqarmasi»da joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 iyuldagi ST46237203 -son ma’lumotnomasi). Natijada, vaqt va xarajatlar kamaydi hamda dala tadqiqotlari aniqligi oshgan. Loyqa cho‘kishini inobatga olgan holda oqimning plandagi o‘lchamlarini hisoblash usuli va kompyuter dasturi ishlab chiqilgan bu esa qirg‘oq hududlarini suv bosish havfsizligini taminlagan.
intensiv turbulent aralashuv zonasida tezlik va loyqalikni yoyilishiningg universalligi, Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli “Qaramazi-Qilichbay” irrigatsiya tizimlari boshqarmasida joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 iyuldagi ST46237203 -son ma’lumotnomasi). Natijada, dala tadqiqot natijalarining Shlixting-Abramovich nazariy ifodalariga mosligi isbotlandi.
damba ortidagi girdob zonada loyqa o‘tirishni bashorat qilish usuli Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli “Qaramazi-Qilichbay” irrigatsiya tizimlari boshqarmasida joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 17 iyuldagi ST46237203-son ma’lumotnomasi). Natijada, ekspluatatsiya davrida dambalar ortidagi cho‘kindilarning qalinligi va hajmini aniqlash imkoni yaratildi.