Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rahbariyati ishtirokida geologiya va mineralogiya sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda foydali qazilmalarning 70 dan ortiq turi bo‘yicha 2 mingdan ziyod kon mavjud. Yangi konlar topish uchun er qa’rining yanada chuqurroq qatlamlarini geologik o‘rganish, murakkab tarkibli konlarni o‘zlashtirish uchun sohaga ilmiy yondashish va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish zamon talabidir.

O‘tgan yili mamlakatimiz Prezidentining Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida sohadagi ilmiy tadqiqotlarni yanada kengaytirish maqsadida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish, bunga davlat maqsadli grantlari bilan birga xorijiy grantlarni ham jalb etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, geologiya va kon-metallurgiya kombinatlari salohiyatini birlashtirish, zamonaviy Geoinnovatsion texnologiyalar laboratoriyasini tashkil etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi. Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida geologiya sohasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliyot integratsiyasiga ixtisoslashgan Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi.

Bundan ko‘zlangan maqsad davlat geologiya qo‘mitasi, tog‘-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini yuqori pog‘onalarga olib chiqishga qaratishdir.

Shu o‘rinda aytish joiz, geologiya-mineralogiya fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar xususida alohida to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Hozir oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari huzurida sohaga tegishli 9 ta ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Mazkur ilmiy kengashlar umumiy va mintaqaviy geologiya, qattiq foydali qazilma konlari geologiyasi, ularni qidirish va razvedka qilish, metallogeniya va geokimyo, geologik razvedka ishlari texnologiyasi va texnikasi kabi 17 ta fan tarmog‘i bo‘yicha ixtisosliklar guruhini qamrab olgan. Yaratilgan bunday keng imkoniyatlar natijasida 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 15 nafar talabgor fan doktori, 31 nafar talabgor falsafa doktori ilmiy darajalariga tasdiqlandi.

Matbuot anjumanida mazkur ilmiy tadqiqotlar natijasida mamlakatimiz hududidagi er osti suvlarida sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan konsentratsiyasida oltinning to‘planishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar aniqlangani qayd etildi. Er osti qatlamlarning geoximik sharoitlariga xlor, yod, brom, kislorod va sianidlarning ta’sir ko‘rsatishi orqali namakobli jinslar oltinning ishqorlanishi va suv tarkibiga o‘tishiga asosiy sababchi ekanligi aniqlandi.

Olmaliq kombinatining “Yoshlik-1” konida 45 mln. tonna mis, 5 ming tonna oltin zaxirasi borligi tasdiqlandi. Er ostidagi oltin tarkibli namakoblardan oltin va boshqa mikroelementlarni ajratib olish geotexnologik tajriba ishlari kompleksini qo‘llash orqali oltin zaxiralarining istiqbolli hududlari aniqlandi.

– Buning zamirida geologiya ishlarining hissasi katta, –deydi texnika fanlari doktori, professor Abdurashit Hasanov. – Yuqorida sanab o‘tilgan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi geologik qidiruv ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qildi. Jumladan, er osti sanoat suvlarida oltin miqdori yuqori bo‘lgan istiqbolli hududlar va oltin zaxiralari bashoratlandi.

Respublikamiz hududining er qobig‘ida geodinamik faollik belgisi bo‘lgan geliy yuvenil gazining miqdoriy taqsimlanishi o‘rganildi va er osti suvlarida geliy anomaliyalari namoyon bo‘lishining ilmiy-uslubiy ma’lumotlar bazasi yaratildi. Konchilik ishining turli jarayonlari samaradorligini oshirish uchun zarur texnologik sxemalar, yangi usullar, moslamalar ishlab chiqilda va amaliyotga joriy qilindi.

Matbuot anjumanida geologiya-mineralogiya fanlari sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar, ularning ilmiy va amaliy natijalari xususida so‘z bordi. Soha olimlari va yosh tadqiqotchilar berilgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, o‘z imkoniyatlarini namoyon etish bilan mamlakatimiz iqtisodining yuksalishiga munosib hissa qo‘shayotgani qayd etildi.

Manba: https://uza.uz/

Yangiliklarga obuna bo‘lish