Mannopova Elzara Toraxanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini boshqarishda intellektual tizimlarni qo‘llash», 08.00.14-«Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari», 08.00.05-«Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti» (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt552.
Ilmiy rahbar: Abduvaxidov Abdumalik Maxkamovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, DSc.29/30.12.2019.I.92.01.
Rasmiy opponentlar: Ataniyazov Boltaboy, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Adilova Zulfiya Djavdatovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini boshqarishda intellektual tizimlarni qo‘llash, axborot ta’minotini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hamda boshqaruv qarorlarini qabul qilishda inson omilining ta’sirini kamaytiradigan intellektual boshqaruv tizimi modelini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
raqamli iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida talabalarning bilim darajasini baholashning shaffofligini va talabalarning davomatini monitoring qilishning xolisligini ta’minlaydigan oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayonini boshqarishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilgan;
bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt tizimlari asosida ilmiy tadqiqotlar va ta’lim faoliyati monitoringini muvofiqlashtirishga imkon beruvchi oliy o‘quv muassasasini samarali boshqarishni ta’minlaydigan universitet axborot tizimining modeli taklif etilgan;
ta’lim sohasida o‘quv dasturlarini optimal ravishda shakllantirish, o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasini samarali rejalashtirish, mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda bitiruvchilarning malakaviy tavsiflarini shakllantirishga imkon beradigan o‘quv jarayonini boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari ishlab chiqilgan;
strukturalashtirilmagan ma’lumotlarni aniqlash, tasniflash va tizimlashtirish asosida boshqarish jarayonida katta ma’lumotlar (Big Data)ni samarali qayta ishlash va undan foydalanish, har bir o‘quv moduli doirasida o‘quv yuklamasini bashorat qilish imkonini beruvchi algoritm ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini boshqarishda intellektual tizimlarni qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
raqamli iqtisodiyot sharoitida intellektual tizimlarni qo‘llash asosida talabalarning bilim darajasini baholashda shaffoflik va talabalarning davomatini monitoping qilishning xolisligini ta’minlaydigan oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayonini boshqarishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘quv jarayoni boshqaruviga tatbiq etildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 28 iyundagi PQ-1990-son «Yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi qarori asosida tayyorlangan chora-tadbirlar rejasining 13 va 23-bandlari bajarilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 22 iyuldagi 14/6-6/9071-son ma’lumotnomasi). Natijada, oliy o‘quv yurti transparentligi ta’minlanib, professor-o‘qituvchilar tarkibi, talabalar hamda o‘quv jarayoni integratsiyasi ta’minlangan.
tadqiqotchi tomonidan oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayonini boshqarishda intellektual tizimlarni qo‘llash hisobiga bulutli texnologiya va sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan samarali boshqaruvini ta’minlaydigan elektron universitet axborot tizimi modeli ishlab chiqilgan va taklif etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 martdagi «Xalqaro Rivojlantirish Assotsiatsiyasi ishtirokidagi oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2848-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2019 yil 20 fevraldagi 166-son buyrug‘iga muvofiq hamda Akademik rivojlantirish fondi granti doirasida moliyalashtirilgan «TDYuU uchun «Elektron universitet» platformasi orqali yuridik ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishning innovatsion shakli» loyihasini amalga oshirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 22 iyuldagi 14/6-6/9071-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 iyuldagi 89-03-2602-son ma’lumotnomasi). Natijada, «Elektron universitet» platformasini joriy etish loyihasi 1,4 mlrd. so‘m (140 ming AQSh dollari) miqdorida Akademik rivojlantirish fondi granti jalb etilgan.
ta’lim sohasida o‘quv dasturlarini optimal ravishda shakllantirish, o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasini samarali rejalashtirish, mehnat bozori talablarini hisobga olgan holda bitiruvchilarning malakaviy tavsiflarini shakllantirishga imkon beradigan o‘quv jarayonini boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib, oliy o‘quv yurtini boshqarishdagi korrupsiya holatlarini bartaraf qilishga hamda foydalanuvchilar va keng jamoatchilik uchun ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlashga xizmat qilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 22 iyuldagi 14/6-6/9071-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 iyuldagi 89-03-2602-son ma’lumotnomasi). Natijada foydalanuvchilar va keng jamoatchilikka ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlandi hamda o‘quv jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida korrupsiya holatlari to‘liq bartaraf etilgan.
strukturalashtirilmagan ma’lumotlarni aniqlash, tasniflash va tizimlashtirish asosida boshqarish jarayonida katta ma’lumotlar (Big Data)ni samarali qayta ishlash va undan foydalanish, har bir o‘quv moduli doirasida o‘quv yuklamasini bashorat qilish imkonini beruvchi algoritm ishlab chiqilgan bo‘lib, ishlanma «Yuridik amaliyotda AKTni qo‘llash» darsligi va «Huquqiy sohada tizimli tahlil» o‘quv qo‘llanmalarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 20 iyuldagi 654-sonli buyrug‘i, 654-202 raqamli guvohnoma, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 24 avgustdagi 603-sonli buyrug‘i, 603-239 raqamli guvohnoma). Natijada, ma’lumotlarni tayyorlash jarayoni bir necha barobarga qisqargan, ish unumdorligi ortgan, o‘quv bo‘limi xatolari hajmi sezilarli darajada qisqargan.